Yiliga 4 ta nashr
“Komparativistika” ilmiy-elektron jurnali 2024-yil mart oyida tashkil qilingan, bir yilda to‘rt marta e’lon qilinadi. Ushbu jurnalda qiyosiy adabiyotshunoslik, chog‘ishtirma tilshunoslik, tarjimashunoslik, jahon adabiyoti, adabiyot nazariyasiga oid eng dolzarb maqolalar e’lon qilinadi.
2024-yil 18-aprelda jurnal uchun №258331 raqamli guvohnoma olingan. 2024-yil 26-iyunda 3060-4559 ISSN raqami berilgan. Jurnal OAK Rayosatining 12-fevral 2025-yildagi 365/7-son qarori bilan filologiya fanlari bo‘yicha doktorlik dissertatsiyalari asosiy ilmiy natijalarini chop etish tavsiya etilgan ilmiy nashrlar ro‘yxatiga kiritilgan.
Ushbu sondagi maqolalar
“AHMAD YASSAVIY” ROMANIDA LISONIY VA NOLISONIY SATHLARNING ADABIY-ESTETIK INTEGRATSIYASI
Maqolada lisoniy va nolisoniy sathlarning integratsiyasi Sa’dulla Siyoyevning tarixiy roman yaratish mahorati tahlili asosida izohlangan. Arxaik leksika, diniy-tasavvufiy istilohlar, tarixiy grammatik tuzilish, va’z, duo, qasam, dialog va ichki monolog shakllari orqali lisoniy sath yuzaga chiqsa, nolisoniy sath esa XII asr Turkiston ijtimoiy muhiti, Yassaviylik tariqati, xalq e’tiqodi, muallifning ijodiy niyati va kitobxon idroki bilan bog‘liq. Romandagi ulamolar, hojilar, darvishlar, dehqonlar nutqidagi farqlar, bozor, masjid, xonaqoh, safar va xalq yig‘inidagi voqeliklar tasviri, qahramonlarning ijtimoiy mavqeyi, e’tiqodi, ruhiyati va madaniy saviyasini ochib beradi. Personajlar nutqi davr ruhini, xalq tafakkurini va diniy-axloqiy dunyoqarashni ifodalovchi estetik vosita vazifasini bajargan. Ahmad Yassaviy nutqidagi qat’iyat, sokinlik, diniy dalillar Shahobiddin, Ashrafxon hoji nutqidagi hasad va riyokorlik bilan qarama-qarshi qo‘yiladi. Obrazlar o‘rtasidagi ziddiyat asarning g‘oyaviy-estetik mohiyatini ochuvchi badiiy vosita hisoblanadi. Asardagi va’z, duo, qasam va hikmatlar lisoniy shakl sifatida berilgan bo‘lsa-da, ularning adabiy-estetik ta’siri nolisoniy omillar bilan belgilanadi. Yassaviyning haj safari oldidan xalqqa murojaatida diniy iboralar, hadislar sharhi, pand-nasihat va takroriy sintaktik qurilmalar kuchli ritm hosil qiladi. Nutqning mazmunida faqat ibodatga da’vat emas, balki oilaga mas’uliyat, yetimga shafqat, faqirga saxovat ko‘rsatish, zulm qilmaslik va ma’rifatli bo‘lishga intilish kabi ijtimoiy-axloqiy qadriyatlar aks etadi. Asar lisoniy sathidagi diniy-ma’rifiy ifoda nolisoniy sathdagi xalqning ijtimoiy turmush tarzi, axloqiy me’yor va adolat g‘oyasi bilan uyg‘unlashadi. Ruqiya bibi, Abdurauf va oddiy xalq vakillari bilan bog‘liq tasvirlar Ahmad Yassaviy obrazini faqat shayx emas, balki inson dardini anglaydigan ma’naviy rahnamo sifatida ko‘rsatadi. Bu holat tasavvufiy g‘oyaning xalq iztiroblari bilan bog‘liq holda talqin qilinganini ko‘rsatadi. Romanda lisoniy va nolisoniy sathlarning adabiy-estetik integratsiyasi tarixiy davr manzarasini jonlantiradi, qahramonlarning keskin bahs-munozaralari va ichki monologlari dramatizmni hosil qiladi, diniy istilohlar esa ma’naviy mazmunni kuchaytiradi. Nolisoniy sathdagi tarixiy davr, muallif uslubi, tasavvuf ta’limoti va xalq e’tiqodi lisoniy vositalarning badiiy vazifasini belgilaydi. Shu sababli romanning estetik ta’siri alohida so‘z, obraz yoki voqelik ifodasida emas, balki ularning o‘zaro tizimli munosabatida yuzaga keladi. Demak, “Ahmad Yassaviy” romanida lisoniy va nolisoniy sathlar integratsiyasi tarixiy haqiqatni badiiy haqiqatga, diniy-ma’rifiy mazmunni esa estetik hodisaga aylantiradi.
YUNUS EMRO ASARLARINING OʻRGANILISHI VA BIBLIOGRAFIK TADQIQOTLAR
Mazkur maqolada Yunus Emro asarlarining oʻrganilish tarixi hamda ularga oid bibliografik tadqiqotlarning shakllanishi va rivojlanish bosqichlari kompleks tarzda tahlil qilinadi. Tadqiqotda turk va jahon adabiyotshunosligida Yunus Emro merosini ilmiy jihatdan oʻrganishga salmoqli hissa qoʻshgan Mehmed Fuad Köprülü, Abdülbaki Gölpınarlı, Mustafa Tatçı, Talât Sait Halman, Annemarie Schimmel, Louis Bazin, Yusuf Subaşı kabi olimlarning ilmiy qarashlari va nashrlari qiyosiy yondashuv asosida yoritilgan. Shuningdek, shoirning “Dîvân” va “Risâletüʼn-Nushiyye” asarlarining tanqidiy matnlari, qoʻlyozmalari va ilmiy nashrlari haqida maʼlumot berilib, ularning matnshunoslikdagi ahamiyati ochib berilgan. Maqolada bibliografik va bibliometrik tadqiqotlarning oʻziga xos xususiyatlari, xususan, Mustafa Tatçı va Suzan Gürelli tomonidan tuzilgan bibliografik koʻrsatkich hamda Gökhan Coşgun, Metin Yıldırım, Beytullah Karagöz va İzzet Şerefning zamonaviy bibliografik va bibliometrik ishlari tahlil qilinadi. Tadqiqot natijalari Yunus Emro merosini oʻrganishda bibliografik manbalar ilmiy izlanishlarni tizimlashtirish, mavjud tadqiqotlarni baholash va istiqboldagi ilmiy yoʻnalishlarni belgilashda muhim metodologik asos boʻlib xizmat qilishini koʻrsatadi.
BOLA OBRAZINING NAZARIY MUAMMOLARI
Ushbu maqolada badiiy adabiyotda obraz va uning tabiati nazariy jihatdan tahlil etilgan. Obrazning individuallashtirilgan umumlashma sifatida namoyon boʻlishi, unda narsa-hodisaning umumiy jihatlari bilan birga oʻziga xos xususiyatlarni mujassamlashtirishi tadqiq etilgan. Muallif xarakteristikasi, portret, badiiy psixologizm, personaj nutqi kabi tasvir unsurlari badiiy obrazning jonliligini taʼminlovchi vositalar sifatida oʻrganilgan. Bola obrazi va bolalik tasviri badiiy adabiyotning doimiy va eng muhim obrazlaridan biri sifatida talqin qilinib, u badiiy obraz sifatida ruhiy poklik, ezgulik, samimiylik ramzi boʻlib assotsiasiyalanishi hamda badiiy asarning umumiy konsepsiyasi uchun asos hisoblanishi xulosalangan. Maqolada bola obrazining tadrijiy takomilini oʻrganish maqsad qilingan. Maqsadni amalga oshirishda bola obraziga nazariy muammo sifatida qaralgan, uning tarixiy bosqichlarda qanday oʻzgarishlarga uchraganini aniqlash vazifa sifatida belgilangan. Tahlillarga koʻra, badiiy tasvir obyekti sifatida bola obrazi adabiyotni ancha kech qiziqtira boshlagan. XX asrga kelib, bolalik inson hayotining mustaqil davri sifatida qabul qilina boshladi. Psixologiyaning olamni idrok etishda muhim oʻrin egallagan bolalik kategoriyalari alohida personajlar xarakterini yaratishda asos boʻlib xizmat qildi. Unga koʻra bola obrazining chegarasi yangi shaxs shakllangan davr boʻlib, bu davr davomida shaxs sifatida shakllanib, uning dunyodagi oʻz oʻrni belgilanadi. Inson hayotidagi bu bosqich rivojlanishning oʻziga xos alohida qonuniyatlariga boʻysunadi.
XOTIRA VA TARIX: MAHALLIY KOLORITNI MUJASSAMLASHTIRISH TAMOYILLARI VA QAHRAMONLAR TIZIMI
Mazkur maqolada zamonaviy ingliz tarixiy romanida tarixiy xotira va milliy o‘zlikning badiiy ifodalanishi landshaft hamda mahalliy kolorit vositasida tadqiq etiladi. Tadqiqot obyekti sifatida X.Mantel, P.Akroyd, G.Svift va J.Barns asarlari tanlangan. Maqolaning maqsadi postmodern tarixiy nasrda makon, landshaft va mahalliy koloritning tarixiy tajribani talqin qilish hamda jamoaviy xotirani shakllantirishdagi funksiyalarini aniqlashdan iborat. Tadqiqotda tarixiy-adabiy, qiyosiy-tipologik, germenevtik metodlaridan foydalanildi. Nazariy asos sifatida P.Nora, J.de Grot, O.Lidenkova, O.Gorbunova va boshqa olimlarning tarixiy xotira hamda tarixiy roman poetikasiga oid qarashlari xizmat qildi. Tahlil natijalari shuni ko‘rsatadiki, zamonaviy ingliz tarixiy romanida landshaft va mahalliy kolorit nafaqat tarixiy davrni rekonstruksiya qilish vositasi, balki tarixiy xotirani saqlash va uzatishning muhim uslubi sifatida ham namoyon bo‘ladi. X. Mantel romanlarida peyzaj qahramonning ichki dunyosini ochib beruvchi psixologik vosita sifatida xizmat qilsa, P. Akroyd ijodida London tarixiy xotiraning markaziy makoniga aylanadi. G. Svift asarlarida tabiiy muhit tarix va xotira o‘rtasidagi murakkab munosabatlarni ifodalasa, J. Barns asarlarida milliy o‘zlik va tarixiy merosning yasama talqinlari tanqidiy qayta ko‘rib chiqiladi. Xulosa qilib aytganda, zamonaviy ingliz tarixiy romani o‘tmishni yagona va qat’iy haqiqat sifatida emas, balki turli talqinlar maydoni sifatida tasvirlaydi. Mahalliy kolorit va landshaft esa tarix, xotira hamda milliy o‘zlik o‘rtasidagi o‘zaro bog‘liqlikni ochib beruvchi muhim badiiy vositalardan biri sifatida namoyon bo‘ladi.
BOLALAR ADABIYOTIDA XARAKTER QURISH ESTETIK VA DIDAKTIK MEXANIZM SIFATIDA: ROALD DAHLNING “JEMS VA ULKAN SHAFTOLI” ASARI ASOSIDA
Ushbu maqolada bolalar adabiyotidagi personajlar obrazini yaratishning estetik, performativ hamda didaktik vazifalari tahlil qilinadi. Tadqiqot psixologik talqin, lingvistik va stilistik tahlilni o‘zida birlashtirib, adabiyotshunoslik nuqtayi nazaridan personaj tasvirining bolalarning axloqiy idroki, hissiy va kognitiv rivojlanishi, tasavvuri hamda psixologik darajasini shakllantirishdagi ahamiyatini o‘rganadi. Tadqiqot natijalari shuni ko‘rsatadiki, bolalar adabiyotida personajlar obrazini yaratish rivojlantiruvchi, allegorik, estetik, kognitiv va pedagogik vazifalarni bajaradi. Maqolada Roald Dahlning “Jeyms va ulkan shaftoli” romani misolida asarda qo‘llanilgan personaj yaratish usullari hamda asarning ramziy qatlamli hikoya strategiyalarining yosh kitobxonlarda kuch, axloq va o‘zlikni anglash tuyg‘ularini shakllantirishdagi ahamiyati tadqiq etiladi. Ushbu romandan keltirilgan tahliliy misollar orqali samarali personaj yaratish bolalarning yosh xususiyatlari, psixologik va kognitiv darajasiga e’tibor qaratishga bog‘liqligi ko‘rsatib beriladi. Bundan tashqari, tadqiqotda bolalar uchun mo‘ljallangan hikoyalarda personaj tasviri lingvistik aniqlik, ramziy ma’no va bolalarning kognitiv hamda hissiy imkoniyatlariga nisbatan sezgirlikni talab etadigan o‘ziga xos pedagogik jarayon ekani ta’kidlanadi.
DISTOPIK ADABIYOTDA EKOLOGIK VA TEXNOLOGIK MUAMMOLARNING BADIIY TALQINI
Mazkur tadqiqotda antiutopik adabiyotidagi ekologik va texnologik muammolarning badiiy ifodasi oʻrganilgan. Bu mavzu zamonaviy ekologik inqirozlar va shiddatli texnologik rivojlanish sharoitida tobora dolzarb ahamiyat kasb etmoqda. Tadqiqotning dolzarbligi antiutopik adabiyotda atrof-muhit degradatsiyasi, resurslarning kamayishi, texnologik hukmronlik hamda insoniyat va tabiat oʻrtasidagi munosabatlarning oʻzgarishi kabi global muammolarning qay tarzda aks ettirilishini oʻrganishi bilan belgilanadi. Shuningdek, ushbu ilmiy ish antiutopik asarlarning ogohlantiruvchi vazifasi toʻgʻrisida yanada chuqurroq tushunchalar berishi mumkin. Tadqiqotning asosiy maqsadi – antiutopik bayonlarda ekologik halokat va texnologiyaning estetik, ramziy hamda mafkuraviy vazifalarini aniqlashdan iborat. Ushbu maqsadga erishish uchun Jorj Oruell, Rey Bredberi, Kormak Makkarti, Margaret Etvud, Oldos Haksli, Yevgeniy Zamyatin, Oktaviya Batler kabi ijodkorlarning koʻplab antiutopik asarlari tahlil qilindi. Tadqiqotda adabiy matn tahlili, ekotanqid, narratologik, qiyosiy-tipologik, tematik, strukturaviy va semiotik metodlardan foydalanilgan. Tahlil jarayonida asar bayoni, markaziy ziddiyatlar, ramziy tasvirlar hamda antiutopik adabiyotning turli tarixiy bosqichlarida texnologiya va ekologiya oʻrtasidagi oʻzgaruvchan munosabatlarga asosiy eʼtibor qaratilgan. Xususan, ekologik falokatning syujet muhiti, mafkuraviy ogohlantirish hamda ijtimoiy, siyosiy va axloqiy tanazzulning ramziy aksi sifatida qanday vazifa bajarishiga alohida diqqat qaratilgan.
XX ASR BIRINCHI YARMIDA AMERIKA ADABIYOTIDA TABIAT OBRAZI TASVIRI
Mazkur maqola XX asrning birinchi yarmida yaʼni ilm-fan, iqtisodiyot, harbiy soha, transport hamda neft-gaz sanoatidagi ulkan oʻzgarishlar boʻlgan davrda Amerika adabiyotida tabiat obrazi tasvirining qanday oʻzgarib borganini tahlil qiladi. Tadqiqot romantizm, naturalizm va ekokrititsizm kabi nazariy yoʻnalishlar hamda adabiy asarlarning keng qamrovli tahliliga asoslanib, tabiatning turli koʻrinishdagi talqinlarini ochib beradi. Ilmiy ish davomida Jon Myur, Robinson Jeffers, Jek London va Jon Steynbek kabi yozuvchilarning asarlari oʻrganilib, ular tomonidan ijtimoiy oʻzgarishlar va ikkita jahon urushlari fonida tabiat qanday badiiy ifoda eilganligi tahlil qilinadi. Natijalar shuni koʻrsatadiki, tabiatga nisbatan idealistik va ruhiy yondashuv asta-sekin ekologik tanazzul, inson ruhiyatining zaiflashuvi va ekologik inqirozlarni aks ettiruvchi realizmga oʻz oʻrnini boʻshatib bergan. Darvin nazariyalari hamda texnologik taraqqiyot taʼsirida yozuvchilar tabiatni bir tomondan hayot manbai, boshqa tomondan esa vayronkor kuch sifatida tasvirlay boshlaydilar. Shu bilan birga, ular ishchi sinf vakillarining ogʻir va mashaqqatli kundalik hayotini ham koʻpincha pessimistik ruhda aks ettirganlar. Mazkur tadqiqot tabiat obrazining adabiyotdagi oʻrni orqali XX asr boshlaridagi Amerika jamiyatining ekologik va psixologik holatini anglash mumkinligini taʼkidlaydi. Shuningdek, u adabiyotning ekologik ongni shakllantirish va etik masʼuliyatni kuchaytirishdagi muhim rolini yoritib beradi.
LUIZA MEY OLKOTT ROMANLARIDA “UY” KONSEPTINING OILAVIY QADRIYATLAR VA ROʻZGʻOR FALSAFASI BILAN BOGʻLIQ BADIIY INTERPRETATSIYASI
Ushbu maqolada Louisa May Alcott romanlarida “uy” konseptining badiiy-falsafiy mazmuni hamda uning oila va oilaviy qadriyatlar, maishiy madaniyat va oilaviy birdamlik bilan bogʻliq jihatlari tahlil qilingan. Tadqiqotning dolzarbligi Amerika adabiyotida uy obrazining nafaqat yashash makoni, balki murakkab vaziyatlardagi ichki tayanch, axloqiy shakllanish va oilaviy munosabatlar markazi sifatida tahlil etilishidadir. Maqolaning asosiy maqsadi yozuvchi asarlaridagi qahramonlarning “uy” haqidagi qarashlari, hissiy kechinmalari hamda oilaviy muhit bilan bogʻliq dunyoqarashini aks ettirishdan iborat. Tadqiqot davomida badiiy tahlil, qiyosiy-tipologik yondashuv va interpretatsion metodlardan foydalanildi. Tahlil uchun muallifning “Little Women” (Kichkina xonimlar), “Good Wives” (Yaxshi rafiqalar), “Eight Cousins” (Sakkiz amakivachcha) va “An Old-Fashioned Girl” (Zamondan orqada qolgan qiz) romanlari tanlab olindi. Tadqiqot natijalariga koʻra, yozuvchi “uy” konseptini asosiy tayanch sifatida muhim boʻlgan mehr-oqibat, ichki uygʻunlik va shaxs kamolotining timsoli sifatida tasvirlaydi. Ayniqsa, Marchlar oilasi misolida oilaviy birdamlik, tarbiya va oʻzaro qoʻllab-quvvatlash masalalari badiiy jihatdan yoritiladi. Xulosa sifatida Olkott romanlarida “uy” oddiy makon emas, balki insonning ichki dunyosi va qadriyatlarini shakllantiruvchi muhim fenomen sifatida namoyon boʻladi.
STIVEN KING IJODIDA GOTIK ANʼANALAR
Maqolada amerikalik yozuvchi Stiven Kingning romanlarida gotik adabiy anʼanalarning oʻzlashtirilishi, zamonaviy amerikalik voqelikka tatbiq etilishi va janrning oʻziga xos milliy transformatsiyasi adabiy-nazariy tahlil etiladi. Tadqiqotning maqsadi King ijodining adabiy-estetik asoslarini Horas Uolpol, Ann Radklif, Meri Shelli, Bram Stoker, Edgar Allan Po va Xovard Fillips Lavkraft anʼanalari kontekstida yoritish, gotik motivlar va obrazlar tizimining King romanlarida qayta yaratilishini aniqlash hamda yozuvchining narrativ uslublari va badiiy-poetik yechimlarini ochib berishdan iborat. Muammoning qoʻyilishi shundan iboratki, King ijodidagi gotik anʼanalarning yaxlit tizimi va uning uch bosqichli qoʻrquv estetikasining nazariy asoslari oʻzbek adabiyotshunosligida hali maxsus tadqiqot obyektiga aylanmagan. Tadqiqot adabiy-nazariy, lingvopoetik va struktural-semantik yondashuvlar asosida olib borildi. Tadqiqot materiali sifatida Stiven Kingning “Nurlanish” (1977), “Salem shaharchasi” (1975), “U” (1986) va “Uy hayvonlari qabristoni” (1983) romanlari tanlab olindi. King nazariy asari “Oʻlimlar raqsi” (1981) birlamchi manba sifatida tahlil etildi. Tadqiqot natijalariga koʻra, S.King gotik anʼananing aristokratik Yevropa shakllarini amerikalik ishchilar sinfi muhitiga koʻchirish orqali janrni demokratlashtirgani, klassik gotik motivlarni vampir, arvoh, laʼnatlangan bino, shaytoniy kuchlarni zamonaviy ijtimoiy muammolarning (giyohvandlik, oilaviy zoʻravonlik, irqchilik) badiiy metaforasi sifatida qayta talqin etgani aniqlandi.
ANNI ERNO ASARLARIDA XOTIRA POETIKASI
Maqolada 2022-yilgi Nobel mukofoti sohibasi, fransuz adibasi Anni Erno asarlaridagi xotira badiiyati oʻrganiladi. Tadqiqotning maqsadi yozuvchi qalami ostida shaxsiy kechinma bilan jamoaviy oʻtmishning birlashishi, bu birlashuvni ifodalovchi badiiy vositalarni hamda ularning estetik, ijtimoiy va axloqiy zamin-asoslarini aniqlashdir. Erno avtobiografik janrning anʼanaviy chegaralarini yangilab, “avto-sotsiobiografiya” va “impersonal avtobiografiya” kabi yangi shakllarni taklif etadi, ularda xotira shaxsiy ruhiy hodisa emas, ijtimoiy-tarixiy tajriba sifatida talqin qilinadi. Tadqiqot metodologiyasi komparativ-tipologik, germenevtik, lingvopoetik usullarga hamda zamonaviy memory studies yondashuvlariga tayanadi. Manba sifatida adibaning “La Place” (1983), “Une Femme” (1987), “La Honte” (1997), “Les Années” (2008) asarlari va 2022-yilgi Nobel maʼruzasi tahlilga jalb qilindi. Tadqiqot natijasida adib uslubining beshta belgisi aniqlangan boʻlib, bular “écriture plate” estetikasi, fotografik idrok va ekfrazis, shaxsiy xotirani jamoaviy oʻtmishga ulash, sharm va sinf tajribasining qatlamma-qatlam ochilishi, “oʻz xalqi nomidan oʻch olish” axloqiy-siyosiy pozitsiyasi kabilar. Xulosa oʻrnida Erno poetikasi xotira, adabiyot va tarix uchligining yangi badiiy talqinini taklif etadi va memory studies yoʻnalishida qiyosiy tahlillarga muhim hissa qoʻshishi aniqlandi.
TOMAS HARDI VA F.M. DOSTOYEVSKIY PSIXOLOGIK OBRAZLARINING QIYOSIY TAHLILI
Maqola XIX asr ingliz va rus adabiy anʼanalarining yorqin vakillari bo‘lgan Tomas Hardi hamda F. M. Dostoyevskiy ijodidagi psixologik obrazlarning qiyosiy tadqiqiga bag‘ishlangan. Tadqiqotning dolzarbligi zamonaviy qiyosiy adabiyotshunoslikda badiiy psixologizmni shaxsning ichki olamini ochib berishning eng muhim vositalaridan biri sifatida o‘rganishga bo‘lgan qiziqishning ortib borayotgani bilan belgilanadi. Tadqiqotning maqsadi ikki adib asarlarida psixologik obrazlarning badiiy ifodalanishidagi umumiy va o‘ziga xos xususiyatlarni aniqlashdan iborat. Ushbu maqsadga erishish uchun quyidagi vazifalar belgilandi: Tomas Hardi va F. M. Dostoyevskiy romanlarida badiiy psixologizmning xususiyatlarini tahlil qilish; qahramonlarning ichki dunyosini tasvirlash usullarini qiyoslash; ijtimoiy muhit va axloqiy omillarning qahramon shaxsining shakllanishiga ta’sirini aniqlash. Tadqiqot badiiy matnni qiyosiy-tipologik, tarixiy-adabiy, struktur-semantik hamda germenevtik metodlar asosida amalga oshirildi. Tadqiqot natijalari shuni ko‘rsatdiki, har ikki yozuvchi psixologizmni shaxsni badiiy tadqiq etishning muhim vositasi sifatida talqin qiladi, biroq uni turli badiiy usullar orqali amalga oshiradi. Tomas Hardi qahramonning ichki dunyosiga ijtimoiy muhit va fojiali hayotiy sharoitlarning ta’siriga urg‘u beradi, F. M. Dostoyevskiy esa shaxsning ma’naviy kurashi, axloqiy tanlovi hamda inson mavjudligining falsafiy talqiniga e’tibor qaratadi. Olingan natijalar turli milliy adabiyotlar asarlarini o‘rganishda qiyosiy-tipologik yondashuvning samaradorligini tasdiqlaydi hamda XIX asr psixologik romanining rivojlanish xususiyatlarini chuqurroq anglash imkonini beradi.
“SARIQ DEVNI MINIB” VA “SKELLIG” ASARLARIDA SEHRLI PREDMET VA MAVJUDOTLARNING BADIIY VAZIFALARI
Ushbu maqola XX asrning ikkinchi yarmi bolalar adabiyoti maydonida oʻziga xos rivoya hodisa sifatida namoyon boʻlgan ikki turdagi sehrli unsurning mukammal qiyosiy tahliliga bagʻishlanadi. Tadqiqot predmeti sifatida sehrli element tanlangan boʻlib, u mazkur davrning fantastik va realizm oʻrtasidagi chegaraviy janrlarida markaziy poetik vosita vazifasini bajaradi. Qiyosiy tahlil sehrli unsurning ontologik maqomi va uning badiiy olamdagi tabiatini belgilash, uni asarning bosh qahramoni bilan oʻzaro munosabat xususiyati hamda bu munosabatning rivoya dinamikadagi oʻrni, matnning umumiy tuzilmasidagi funksional yuklamalar tizimi, sehrning harakatlanish doirasi, chegaralari va cheklovlari, protagonistning axloqiy hamda ekzistensial shakllanish jarayonidagi roli hamda realist va gʻayritabiiy qatlamlarning oʻzaro nisbati va ularning badiiymatn semantikasini boyitishdagi hissasi kabi bir necha muhim mezonlar boʻyicha amalga oshiriladi. Tadqiqot shuni koʻrsatadiki, tahlilga jalb etilgan asarlarning madaniy-tarixiy kontekstlari va janriy anʼanalari bir-biridan keskin farq qilishiga qaramay, har ikki badiiy tizimda struktural jihatdan mohiyatan bir xil model qurilgan. Ushbu modelda sehr qudratning mutlaq va cheksiz shakli sifatida emas, aksincha, qahramonning ichki imkoniyatlarini, zaif tomonlarini va axloqiy salohiyatini ochib beruvchi koʻzgu, yaʼni oʻzini anglash va mustaqil qaror qabul qilish sari yoʻnaltiruvchi simvolik vosita sifatida funksiya bajaradi. Bunday yondashuv bolalar adabiyotida sehrning didaktik va psixologik jihatdan qanday ishlashini tushunishga yangi metodologik asos yaratadi.
U. SOMERSET MOEM VA SAID AHMAD HIKOYALARIDA IJTIMOIY-BADIIY KONFLIKT TAHLILI
Ushbu maqolada ingliz yozuvchisi Uilyam Somerset Moem (1874–1965) va oʻzbek yozuvchisi Said Ahmad (1920–2007) hikoyalaridagi ijtimoiy-badiiy konflikt qiyosiy-tipologik jihatdan tahlil qilinadi. Har ikki adib turli adabiy an’analarga ingliz tanqidiy realizmi va oʻzbek psixologik nasriga mansub boʻlib, imperiya konteksti, til va dunyoqarash jihatidan bir-biridan farqlansa-da, ularning hikoyalarida konflikt qurilishi boʻyicha muhim tipologik mushtaraklik namoyon boʻladi. Tadqiqotda konfliktning uch oʻzaro bogʻliq qirrasi oʻrganiladi: konfliktning tajribaviy asosi sifatidagi avtobiografizm; insonning axloqiy mohiyatini ochuvchi shaxslararo toʻqnashuv; hamda ijtimoiy bosim ostidagi xarakter transformatsiyasi modeli sifatidagi qochqinlik fenomeni. Qiyosiy adabiyotshunoslik metodologiyasi hamda Baxtin, Lukács, Bourdieu va Foucault nazariyalariga tayangan holda, maqolada har ikki yozuvchida konflikt shunchaki syujet mexanizmi emas, balki shaxs va jamiyat munosabatini ochib beruvchi ontologik vosita ekanligi asoslanadi. Xulosalar umumiy insoniy muammoning turli milliy-estetik strategiyalar Moemning intellektual–ironik realizmi va Said Ahmadning lirik-fojiaviy psixologizmi orqali ifodalanishini koʻrsatadi.
T.DRАYZER VА G.MАLО АSАRLАRIDА BАDIIY MАKОN PОETIKАSI
Ushbu maqolada Teodor Drayzer va Gektor Malo asarlarida makon tasviri orqali ijtimoiy muhitning badiiy ifodalanishi tadqiq etiladi. Tadqiqotning maqsadi shahar va qishloq makonining qahramonlar hayoti, ijtimoiy mavqeyi hamda jamiyatdagi iqtisodiy tengsizliklarni ochishdagi vazifasini aniqlashdan iborat. Muammo badiiy makonning faqat voqea sodir boʻladigan joy emas, balki ijtimoiy mazmunni ifodalovchi muhim poetik vosita sifatida talqin qilinishiga qaratilgan. Maqolada komparativ-tipologik, kontekstual va badiiy tahlil metodlaridan foydalanildi. Asarlardan olingan parchalar makon, predmet detali va ijtimoiy kontekst oʻrtasidagi bogʻliqlik asosida izchil sharhlandi. Drayzer asaridagi kambagʻal shahar kvartallari ishchi sinf hayotining ogʻir sharoitlarini, Malo asaridagi qishloq manzaralari esa dehqonlar turmushidagi ijtimoiy qiyinchiliklarni yoritishi aniqlandi. Tahlil natijalari har ikki yozuvchi makon tasvirini realizm tamoyillari asosida ijtimoiy tabaqalanish, kambagʻallik va inson taqdiri bilan bogʻlashini koʻrsatadi. Maqola badiiy makonning ijtimoiy maʼno yaratishdagi vazifasini aniqlashtirishi bilan adabiyotshunoslik tadqiqotlariga muhim nazariy hamda amaliy hissa qoʻshadi. Xulosa sifatida, makon obrazlari qahramonlarning ruhiy va ijtimoiy holatini ochuvchi asosiy badiiy omil ekani asoslandi.
“ILOHIY KOMEDIYA” VA “JANNATGA YOʻL” ASARLARIDA KLASSIK APOKALIPSIS JANR XUSUSIYATLARI
Mazkur maqola qiyosiy adabiyotshunoslikning dolzarb va yetarlicha oʻrganilmagan muammolaridan biri boʻlmish Gʻarb va Sharq adabiyotidagi apokaliptik anʼananing umumbashariy mohiyatiga bagʻishlangan. Dante Aligyerining “Ilohiy komediya” va Abdulla Oripovning “Jannatga yoʻl” dostonlari teologik va sheʼriy jihatdan keng tadqiq etilgan boʻlsa-da, ularning klassik apokalipsis janri konvensiyalariga muvofiqligi ilmiy muomalada hali toʻliq koʻrib chiqilmagan. Tadqiqotning maqsadi ushbu boʻshliqni toʻldirish maqsadida har ikkala asarni F. Lyukke va K. Kox tomonidan nazariy asoslangan apokaliptik janrning oltita mezoni vakolatli hikoyachi, kuzatuvchi tasvirchiligi, vositachi figura, kosmik dualizm, raqamli kodlash va kognitiv transformatsiya asosida qiyosiy-tipologik tahlil qilishdan iborat. Nazariy asosni J.J. Kollinz, P.D. Xanson, D. Xellholm va G.L. Linton kabi olimlarning janr nazariyasiga qoʻshgan hissalari yanada boyitadi. Olingan natijalar shuni tasdiqlaydiki, oʻrta asr katolik teologiyasi va XX asr islomiy-sharqona esxatologiyasi kabi turli madaniy va diniy anʼanalarga tayanishiga qaramay ikkala doston ham insoniyatning maʼnaviy va axloqiy tiklanishiga yoʻnaltirilgan transformativ vahiy sifatida apokaliptik janrning yaxlit namunasini tashkil etadi. Ushbu xulosalar oʻzbek mumtoz sheʼriyati va jahon adabiyoti oʻrtasidagi aloqalarni yanada chuqurroq janriy-tipologik oʻrganish uchun nazariy asos vazifasini oʻtaydi.
OʻZBEK TARJIMASHUNOSLIGI VA TURKIY XALQLAR ADABIYOTI: TARIXIY TAJRIBA HAMDA ZAMONAVIY TAMOYILLAR
Mazkur maqolada oʻzbek badiiy tarjimachiligining bir asrdan ziyod davrni qamrab olgan tarixiy taraqqiyot bosqichlari, nazariy asoslari va amaliy yutuqlari keng koʻlamda tahlil qilingan. Milliy tarjima maktabining shakllanishini oʻzbek matbuoti, xususan, “Jahon adabiyoti” va “Sharq yulduzi” kabi nashrlarning faoliyati bilan bogʻliq holda yoritib beriladi. Tadqiqotda mustaqillik yillarida tarjimachilik sohasida erishilgan natijalar, ilmiy kengashlar faoliyati va tarjimashunoslikka doir dissertatsiyalarning koʻpayishi sohaning naqadar jadallashganini koʻrsatiladi. Maqolaning markaziy qismida turkiy xalqlar adabiyoti turk, ozarbayjon, qozoq va qirgʻiz adiblari asarlarining oʻzbek tiliga oʻgirilish jarayonlari tadqiq etilgan. Jaloliddin Rumiyning falsafiy asarlari, Umar Sayfiddinning realizmi, Abay va Muxtor Avezovning maʼnaviy merosi, shuningdek, Chingiz Aytmatov ijodining oʻzbek kitobxoniga yetkazilishidagi mahorat masalalari maqolada asosiy oʻrin egallaydi. Ayniqsa, tarjima orqali xalqlar oʻrtasidagi madaniy va maʼnaviy integratsiyaning kuchayishi, turkiy qardoshlik rishtalarining badiiy ifodasi ilmiy dalillar bilan ochib berilgan. Muallif oʻzbek tarjimashunoslarining jahon adabiyoti durdonalarini milliy tilga moslashdagi yuksak mahoratini alohida eʼtirof etadi. Xulosa qilib aytganda, maqola oʻzbek tarjima sanʼatining oʻtmishi, buguni va kelajakdagi istiqbollarini aniqlashda muhim ahamiyatga ega boʻlib, qiyosiy adabiyotshunoslik sohasidagi yangi izlanishlar uchun nazariy manba boʻlib xizmat qiladi.
TARJIMA TRANSFORMATSIYASI HAQIDAGI ILMIY-NAZARIY QARASHLAR
Ushbu maqolada tarjima transformatsiyasi tushunchasining ilmiy-nazariy evolyutsiyasi davriy tasnif asosida tahlil qilingan. Maqolada tarjima jarayonida yuzaga keladigan oʻzgarishlarni nomlash borasida Gʻarb va Sharq tarjimashunoslik maktablarida shakllangan ikki xil ilmiy anʼana qiyoslandi: ingliz tilshunosligi traditsiyasida “translation shift” (R. Jakobson, J.-P. Vinay va J. Darbelnet, J. Katford), sobiq sovet va MDH tarjimashunosligida esa “transformatsiya” (A. Fedorov, Ya. Retsker, L. Barxudarov, V. Komissarov, A. Shveytser) atamalari ostida oʻrganilgan gʻoyalar tahlilga tortildi. Tasviriy va tarixiy-qiyosiy tadqiqot metodlaridan foydalanilgan holda, turli davrlarda ilgari surilgan transformatsiya tizimlarining oʻzaro umumiy va farqli jihatlari, shuningdek turli til anʼanalarida bir-birini takrorlovchi va takrorlanmaydigan, yangi ilmiy yondashuvlar aniqlandi. Maqolada R. Jakobsonning uch turli tarjima tasnifi (intralingual, interlingual va intersemiotik), Vinay va Darbelnetning yetti bosqichli model (borrowing, calque, literal translation, transposition, modulation, equivalence, adaptation), hamda J. Katfordning level shift va category shift tasnifi batafsil tahlil qilindi. Tadqiqot natijasida tarjima nazariyasining rivojlanish bosqichlari yanada aniqlashtirildi va amaliyotda sifatli tarjimani taʼminlashda qoʻllanilishi mumkin boʻlgan ishonchli transformatsiya turlari taqdim etildi. Shuningdek, maqolada oʻzbek tarjimashunosligida bu masalaning mustaqil tadqiqot obyekti sifatida shakllanish va rivojlanish jarayoni ham yoritib oʻtildi, bu esa milliy tarjimashunoslik maktabining xalqaro nazariy maydondagi oʻrnini koʻrsatish imkonini berdi.
INGLIZ BADIIY ASARLARINING RUS TILI ORQALI OʻZBEK TILIGA BILVOSITA TARJIMASIDA MUALLIF USLUBINING SAQLANISHI
Maqola badiiy tarjimashunoslikning yetarlicha oʻrganilmagan qirrasi ingliz badiiy asarlarining bevosita asliyatdan emas, balki rus tili vositasida oʻzbek tiliga oʻgirilishida muallif uslubining saqlanishi muammosiga bagʻishlangan. Tadqiqotning maqsadi bilvosita tarjimada uslubiy siljishlarning yuzaga kelish mexanizmini nazariy jihatdan asoslash, ularni tugʻilgan bosqichiga koʻra farqlash imkonini beruvchi ilmiy tahlil apparatini ishlab chiqish hamda muallif uslubi qatlamlarining bunday tarjimaga chidamlilik darajasini aniqlashdan iborat. Tahlil materiali sifatida uch xil janr va uch xil individual uslubga mansub asarlar A.K.Doylning “Baskervillar iti” detektiv qissasi, R.L.Stivensonning “Xazinalar oroli” sarguzasht romani va R.Bredberining “Marsga hujum” fantastik turkumidagi novellalar hamda ularning ruscha va oʻzbekcha nashrlari tanlab olindi. Metodologiya sifatida anʼanaviy ikki matnli qiyosdan farqli oʻlaroq, uch matnli qiyosiy-chogʻishtirma tahlil (asliyat – vositachi rus matni – oʻzbekcha tarjima) qoʻllanildi; bu esa lingvostilistik, kontekstual-semantik va lingvokulturologik tahlil usullari bilan uygʻunlashtirildi. Tadqiqotda ilk bor “ikki karra transformatsiya" modeli asoslanib, uning yordamida uslubiy hodisalar meros yoʻqotishlar, ikkilamchi yoʻqotishlar va ikkilamchi kompensatsiyalarga ajratildi. Ilmiy xulosa shundan iboratki, bilvosita tarjimada uslubiy siljishlar bir emas, ikki bosqichda tizimli ravishda yuzaga keladi va ularni xolis baholash faqat uch matnli qiyos orqali mumkin.
“MENING SALAFIM”: J. BAYDENNING 2024-YILGI “MAMLAKAT AHVOLI TOʻGʻRISIDA”GI MUROJAATIDA EVFEMIZM, PERIFRAZA VA STRATEGIK MASOFA SAQLASH
Ushbu maqolada Prezident Jo Baydenning 2024-yil 7-martda qilgan “Ittifoq holati to‘g‘risida”gi murojaatida ismni tizimli ravishda tilga olishdan qochish ritorik strategiyasi tadqiq etiladi. Tadqiqotda nutq davomida o‘n uch marotaba qo‘llangan “mening o‘tmishdoshim” perifrasting iborasiga e’tibor qaratilib, Donald Tramp ismining to‘g‘ridan-to‘g‘ri tilga olinmagani Amerika siyosiy diskursidagi strategik evfemistik masofalanish hodisasi sifatida ko‘rib chiqiladi. Maqolada N. Ferkloning tanqidiy diskurs tahlilining uch o‘lchamli modeli, T. van Deykning mafkuraviy diskurs va nominatsiya strategiyalari nazariyasi hamda H. P. Graysning suhbat implikaturasi konsepsiyasiga tayanib, ushbu ongli leksik qochim bir vaqtning o‘zida evfemizm, delegitimatsiya va hokimiyatni namoyon etish vazifasini qanday bajarishi tahlil qilinadi. Rasmiy stenogrammaning sifat tahlili perifraza bilan birga qo‘llangan antiteza, anafora, trikolon va konseptual metafora kabi uslubiy vositalarni aniqlab, ularning birgalikda demokratik taraqqiyot va avtoritar tanazzul kabi ikki qutbli mafkuraviy tizimni qanday shakllantirishini ko‘rsatib beradi. Tadqiqot natijalariga ko‘ra, “mening o‘tmishdoshim” konstruksiyasi uchta pragmatik darajada amal qiladi: tan olishni inkor etish, institutsional bo‘ysundirish hamda Graysning uslub maksimasini qasddan buzish orqali suhbat implikaturasini hosil qilish. Ism tilga olinmagan rasmiy murojaat va undan keyin o‘tkazilgan, nom to‘g‘ridan-to‘g‘ri aytilgan saylovoldi mitingi o‘rtasidagi janriy-qiyosiy tahlil bu nomni tilga olmaslik puxta o‘ylangan strategiya ekanini tasdiqlaydi. Mazkur maqola zamonaviy Amerika siyosiy ritorikasidagi evfemistik va perifrastik strategiyalar bo‘yicha tadqiqotlarga hissa qo‘shadi.
ITALYAN VA OʻZBEK ERTAKLARIDA MADANIY TIL BIRLIKLARINING QOʻLLANILISHI
Ertaklar maʼlum bir xalqning lisoniy ongida muhrlangan madaniy kodlar, qadimiy anʼanalar va milliy dunyoqarashning badiiy koʻzgusi hisoblanadi. Mazkur maqolada italyan va oʻzbek xalq ertaklaridagi madaniy yuklamaga ega birliklar qiyosiy-lingvistik hamda madaniy nuqtayi nazaridan tadqiq etiladi. Tadqiqot obyekti sifatida Italo Kalvinoning “Fiabe italiane” (Italyan ertaklari) va Jambattista Bazilening “Pentamerone” (Pentameron-Besh kun) asarlari, shu bilan birga oʻzbek xalq ertaklari toʻplamlari asos qilib olingan. Maqolada madaniyatga xos til birliklar toʻrtta asosiy tizim asosida tasniflanadi. Bular moddiy madaniyat (milliy libos va taomlar), ijtimoiy-maishiy munosabatlar, diniy-mifologik obrazlar va tabiat manzaralari. Italyan ertaklaridagi shahar va saroy hayoti, xristian madaniyati unsurlari (masalan, malocchio yoki Befana obrazi) oʻzbek ertaklaridagi islomiy va qadimiy turkiy mifologiya (masalan, pari, dev, sehrli gilam) bilan chogʻishtiriladi. Garchi har ikki xalqda ezgulik va yovuzlik kurashi, yaxshilikning gʻalaba qozonishi kabi umumiy jihatlar mavjud boʻlsa-da, ulardagi madaniy birliklar ertaklarning milliy oʻziga xosligini taʼminlashda asosiy rol oʻynaydi. Tadqiqotning amaliy qismida madaniy birliklarni tarjima qilishdagi muammolar va ularni moslashtirish strategiyalari ham alohida koʻrib chiqiladi. Ushbu maqola til birliklari orqali ikki xalq madaniyatidagi izomorfik va allamorfik jihatlarni yoritib beradi.
INGLIZ VA OʻZBEK TILLARIDA TOPONIM KOMPONENTLI PAREMIYALAR KOGNITIV TAHLILI
Mazkur maqolada ingliz va oʻzbek tillaridagi toponim komponentli paremiyalar antroposentrik va lingvokognitiv yondashuv asosida qiyosiy-tipologik tahlil qilinadi. Tadqiqotning dolzarbligi til, madaniyat va geografik makon oʻrtasidagi oʻzaro bogʻliqlikni ochib berishning zamonaviy tilshunoslik uchun muhimligi bilan belgilanadi. Maqolaning maqsadi – ikki genealogik jihatdan farqli tildagi toponimik paremiyalarning konseptual tuzilishi, kognitiv sxemalari va pragmatik xususiyatlarini aniqlash hamda ularning oʻxshash va farqli jihatlarini yoritishdan iborat. Tadqiqot materiali sifatida Oxford Dictionary of Proverbs, The Dictionary of Modern Proverbs, “Oʻzbek tilining paremiologik lugʻati” va “Oʻzbek xalq maqollari” kabi leksikografik manbalardan tanlab olingan toponim tarkibli birliklar xizmat qildi. Tadqiqotda qiyosiy-tipologik, komponent va kontekstual tahlil metodlaridan foydalanildi. Natijalar shuni koʻrsatadiki, ikkala tilda ham toponim nomi referentsial vazifadan tashqari kuchli konseptual va simvolik yuk koʻtaradi, toponimik metonimiya va masofaviy giperbola universal lingvomadaniy hodisa sifatida namoyon boʻladi. Shu bilan birga, ingliz tilidagi paremiyalar koʻproq siyosiy identitet va reklama kampaniyalaridan, oʻzbek tilidagi paremiyalar esa savdo yoʻllari va ogʻzaki anʼanadan kelib chiqqan. Tadqiqot xulosalari qiyosiy paremiologiya va lingvomadaniyatshunoslik sohalarida amaliy ahamiyatga ega.
EKSPERIMENTAL FONETIKADA ZAMONAVIY DASTURIY TAʼMINOTLARNING OʻRNI
Ushbu maqolada eksperimental fonetikada qoʻllaniladigan zamonaviy dasturiy taʼminotlar – Praat, Speech analyzer, Matlab, WaveSurfer, ELAN va boshqa vositalarning ilmiy tadqiqotlarda tutgan oʻrni va ahamiyati tahlil etiladi. Maqolada ovoz toʻlqinlari tahlili, formant oʻlchovi, intonatsiya va prosodik xususiyatlarni oʻrganishda raqamli texnologiyalarning imkoniyatlari koʻrsatiladi. Tadqiqotning maqsadi – oʻzbek tilshunosligida eksperimental fonetika metodlari bilan dasturiy taʼminotlarni integratsiya qilishning ilmiy asoslarini belgilash va ulardan foydalanish samaradorligini aniqlashdir. Tadqiqotda qiyosiy-tahliliy, eksperimental va statistik metodlardan foydalanildi. Natijada zamonaviy dasturiy taʼminotlar nutq tovushlarini yuqori aniqlik darajasida tahlil etish imkonini berishini, oʻzbek tili fonetik tizimini oʻrganishda yangi istiqbollarni ochasini aniqladik. Maqolada Praat dasturining oʻzbek unlilarini tadqiq qilishdagi imkoniyatlari alohida yoritilgan. Xulosa qilib aytganda, zamonaviy dasturiy taʼminotlar eksperimental fonetikaning ajralmas qismiga aylanib, tilshunoslik tadqiqotlarining sifat va aniqligini tubdan yaxshilashga xizmat qilmoqda.
XITOY VA OʻZBEK TILLARIDA EKOTURIZM TERMINLARINING SEMANTIK TASNIFI
Mazkur maqola xitoy va oʻzbek tillaridagi ekoturizm terminlarining semantik tasnifi hamda ularning chogʻishtirma xususiyatlarini oʻrganishga bagʻishlangan. Tadqiqotning maqsadi ikki tildagi ekoturizm terminlarini semantik guruhlarga ajratish, ularning semantik xususiyatlarini aniqlash hamda terminologik tizimlar oʻrtasidagi umumiy va differensial jihatlarni chogʻishtirma tahlil asosida yoritishdan iborat. Tadqiqot materiali sifatida ekoturizm sohasiga oid 174 ta bazaviy termin korpusi tanlandi. Tadqiqot davomida chogʻishtirma metod, semantik tasnif, komponent tahlil, tavsifiy hamda statistik metodlardan foydalanildi. Tahlil natijasida ekoturizm terminlari tabiiy resurslar va tabiiy obyektlar, ekologik barqarorlik, ijtimoiy-madaniy resurslar hamda ekologik tizim va muhofaza bilan bogʻliq asosiy semantik guruhlarga ajratildi. Tahlil natijalari har ikki tilda ekoturizm terminlarining umumiy konseptual maydoni mavjudligini, biroq terminlarning semantik guruhlanishi, tarkibi va qoʻllanishida tafovutlar borligini koʻrsatdi. Xitoy tilida terminologik birliklarning semantik differensiallashuvi va tarkibli modellar faolroq kuzatilsa, oʻzbek tilida milliy va oʻzlashgan birliklarning uygʻunlashuvi ustunlik qiladi. Olingan natijalar ekoturizm terminologiyasini tizimlashtirish va keyingi chogʻishtirma terminologik tadqiqotlar uchun material sifatida xizmat qiladi.
INGLIZ VA OʻZBEK MEDIADISKURSIDA OBYEKTIV MODALLIK VOSITALARINING QIYOSIY-KORPUS TAHLILI
Ushbu maqola ingliz va oʻzbek tillaridagi zamonaviy media matnlarida obyektiv modallik toifasining lingvopragmatik xususiyatlarini qiyosiy-tahlil qilish hamda xabarni neytral shaklda uzatish mexanizmlarini aniqlash maqsadiga bagʻishlangan. Belgilangan maqsadga erishish uchun media diskursida obyektivlikni shakllantiruvchi leksik va sintaktik vositalarni tasniflash, AntConc dasturi yordamida korpus bazasini yaratish hamda har ikki til tizimidagi oʻxshash va farqli pragmatik jihatlarni qiyosiy modellashtirish vazifalari bajarildi. Tadqiqot jarayonida AntConc dasturiy taʼminoti vositasida korpus tahlili, diskursiv tahlil, qiyosiy-tipologik va kontekstual tahlil metodlaridan unumli foydalanildi. Olib borilgan qiyosiy tahlillar natijasida ingliz media matnlarida obyektivlik asosan modal feʼllar va passiv konstruksiyalar orqali yuzaga chiqishi, oʻzbek mediadiskursida esa ushbu pragmatik vazifa koʻproq aniqlik bildiruvchi tahliliy terminlar va muqarrarlik semantikasiga ega maxsus sintaktik qurilmalar orqali taʼminlanishi aniqlandi. Tadqiqot yakunida har ikki tilda ham obyektiv modallik shunchaki grammatik koʻrinish emas, balki auditoriya ishonchini qozonish va publitsistik matnni tahliliy-neytral rejimga oʻtkazishning asosiy lingvopragmatik vositasi boʻlib xizmat qilishi haqidagi qatʼiy xulosaga kelindi. Ushbu tahlillarning miqdoriy va sifat natijalari kelajakdagi istqibolli izlanishlarga fundamental vazifasini oʻtaydi.
ZAMONAVIY TILSHUNOSLIKDA MODALLIK KATEGORIYASINING QOʻLLANILISHIGA DOIR AYRIM MULOHAZALAR
Ushbu maqolada modallik kategoriyasining tilshunoslik va mantiq fanlaridagi nazariy asoslari, semantik tabiati hamda funksional xususiyatlari tahlil qilinadi. Modallik soʻzlovchining fikr mazmuniga va voqelikka boʻlgan munosabatini ifodalovchi muhim lingvistik kategoriya sifatida talqin etiladi. Tadqiqotda modallikning obyektiv va subyektiv turlari, ularning ifodalanish vositalari hamda til tizimidagi oʻrni yoritilgan. Shuningdek, Sh. Balli, V.G. Gak, M. Halliday, N.A. Slyusareva, J. Yakubov va boshqa olimlarning modallik haqidagi ilmiy qarashlari qiyosiy tahlil qilingan. Maqolada modallikning morfologik, leksik va sintaktik vositalar orqali ifodalanishi, xususan, modal feʼllarning semantik imkoniyatlari keng koʻrib chiqiladi. Tadqiqot onomasiologik yondashuv asosida olib borilib, ingliz tilida “mumkinlik” modalligining sodda va qoʻshma gaplarda qoʻllanish xususiyatlari oʻrganilgan. Natijada modallik kategoriyasining kommunikativ jarayondagi ahamiyati, uning turli til vositalari orqali namoyon boʻlish shakllari hamda lingvistik va mantiqiy modallikning oʻzaro bogʻliqligi ilmiy jihatdan asoslab berilgan.
BADIIY DISKURSDA ROZILIKNING KOGNITIV-PRAGMATIK JIHATLARI
Ushbu maqolada ingliz va o‘zbek badiiy diskursida rozilik konseptining kognitiv va pragmatik talqini qiyosiy jihatdan o‘rganiladi. Rozilik ko‘pincha faqat ochiq tasdiq ma’nosidagi “ha”, “mayli”, “roziman”, “I agree” kabi birliklar orqali izohlanadi, ammo badiiy matnda u sukut, pauza, imo-ishora, modal ifoda, ijtimoiy masofa, qahramon ruhiyati va muallif bayoni bilan ham shakllanadi. Maqolaning maqsadi rozilikni nutq akti, kontekstual implikatura, mental model va madaniy konsept sifatida tavsiflashdir. Metodologik asos sifatida diskurs tahlili, pragmatik tahlil, konseptual tahlil va qiyosiy talqin usullari qo‘llanildi. Natijalar rozilikning to‘g‘ridan-to‘g‘ri javob, bilvosita qabul, xushmuomalalik strategiyasi, ziddiyatdan qochish mexanizmi va ijtimoiy iyerarxiyani ko‘rsatuvchi belgi sifatida namoyon bo‘lishini ko‘rsatdi. Xulosa sifatida rozilik badiiy diskursda oddiy leksik birlik emas, balki niyat, kontekst, madaniy me’yor va narrativ baholash orqali talqin qilinadigan ko‘p qatlamli kognitiv-pragmatik jarayon ekani asoslandi. Tadqiqot natijalari tarjima, matn tahlili va madaniyatlararo pragmatika uchun ham amaliy ahamiyatga ega bo‘lib, rozilik ifodalarini faqat so‘zma-so‘z emas, vaziyatga bog‘liq holda talqin qilish zarurligini ko‘rsatadi.
OʻZBEK – INGLIZ MEHMONDOʻSTLIGINING LINGVISTIK VA IJTIMOIY MEʼYORLARI: “DOʻS VS DONʼTS”
Mehmondoʻstlik har ikki madaniyatda ham milliy oʻzlik, muloqot uslublari va axloqiy tamoyillarni aks ettiruvchi eng muhim ijtimoiy qadriyatlardan biri hisoblanadi. Mehmondoʻstlik shunchaki mehmon kutish emas, balki ishonch, hurmat va birdamlikni taʼminlovchi murakkab tizimdir. U shaxslararo munosabatlarni tartibga soluvchi va chuqur ildiz otgan madaniy qadriyatlarni aks ettiruvchi fundamental ijtimoiy institut boʻlib xizmat qiladi. Ushbu tadqiqotda oʻzbek va ingliz madaniyatlaridagi mehmondoʻstlik normalari qiyoslanadi hamda “kollektivistik” va “individualistik” ijtimoiy tuzilmalar turlicha kommunikativ strategiyalarni qanday belgilab berishi aniqlanadi. Mumtoz adabiyotlar, odob-axloq qoʻllanmalari va tajriba-kuzatuv tahlili orqali maqolada mehmon va mezbon oʻrtasidagi oʻzaro munosabatlarni tartibga soluvchi odob qoidalari (“mumkin va mumkin boʻlmagan meʼyorlar”lar) yoritib berilgan. Tadqiqot natijalari shuni koʻrsatadiki, oʻzbek mehmondoʻstligida saxiylik, ijtimoiy yaqinlik va hurmatni ochiq-oydin namoyon etish ustuvor ahamiyatga ega boʻlsa, ingliz mehmondoʻstligida shaxsiy daxlsizlik, punktuallik va shaxsiy chegaralarni saqlashga urgʻu beriladi. Olingan natijalar madaniyatlararo kompetensiya “ijtimoiy sovuqlik” yoki tushunmovchiliklarning oldini olish uchun ushbu bir-biridan farq qiluvchi pragmatik mexanizmlarni chuqur tushunishni talab qilishidan dalolat beradi.
ERTAK – TILSHUNOSLIKNING OBYEKTI SIFATIDA OʻRGANILISHI
Mazkur maqolada ertak janrining tilshunoslik obyekti sifatida oʻrganilishiga doir nazariy yondashuvlar tahlil qilinadi. Ertaklar uzoq vaqt davomida asosan folklor, adabiyotshunoslik va pedagogika doirasida tadqiq etilgan boʻlsa-da, zamonaviy lingvistika nuqtayi nazaridan ular murakkab matn, diskurs, semantik va lingvokulturologik hodisa sifatida talqin qilinmoqda. Maqolada ertaklarning narrativ tuzilishi, obrazlar tizimi, metaforik birliklari, ramziy maʼnolari, baholovchi leksikasi hamda madaniy kodlarni ifodalash xususiyatlari yoritiladi. Maqolada ertaklarning tilshunoslik obyekti sifatida oʻrganilishi D. Andonovska-Trajkovska, I. N. Chudnovskaya, M. E. Lipatova, J. Herrero Ruiz, A. G. Stamou, J. Orton, Y. Kiliç va C. Ruini tadqiqotlari asosida yoritiladi. Unda ertak matnlarining strukturaviy, kognitiv, madaniy, diskursiv va lingvosemiotik xususiyatlari hamda bolalar tafakkuri va til kompetensiyasini shakllantirishdagi ahamiyati asoslanadi. Shuningdek, ertak matnining pragmatik, stilistik, semiotik va lingvokognitiv jihatlari ilmiy manbalar asosida tahlil qilinadi. Tadqiqotda ertaklarning til taʼlimi, tarjimashunoslik, gender diskursi va madaniyatlararo kommunikatsiyadagi ahamiyati ham koʻrib chiqiladi. Natijada ertak oddiy badiiy matn emas, balki xalq tafakkuri, madaniy xotira va ijtimoiy tajribani til orqali ifodalovchi muhim lingvistik obyekt ekanligi asoslanadi.
INGLIZ VA QORAQALPOQ TILLARIDA “CHILD/BALA” KONTSEPTINING LEKSIKOGRAFIK IFODALANISHI: KOGNITIV-SEMANTIK VA LINGVOKULTUROLOGIK TAHLIL
Mazkur maqola ingliz va qoraqalpoq tillarida “Child/Bala” konseptining leksikografik ifodalanishini qiyosiy jihatdan yetarli darajada o‘rganilmaganligi muammosiga bag‘ishlangan. Kognitiv lingvistika doirasida konseptual tahlilga sezilarli e’tibor qaratilganiga qaramay, lug‘at ta’riflarining semantic tuzilishidagi tillararo farqlar, ayniqsa turkey tillar misolida, hanuz yetarli darajada o‘rganilmagan. Tadqiqotning dolzarbligi leksikografik, kognitiv hamda lingvokulturologik yondashuvlarni integratsiyalash orqali ma’no tarkibidagi universal va madaniy xos xususiyatlarni aniqlash zarurati bilan belgilanadi. Tadqiqotda sifatli metodologiya qo‘llanilib, leksikografik, komponential, qiyosiy va kognitiv-semantik tahlil usullari majmuaviy tarzda tatbiq etildi. Empirik material sifatida ingliz tilining nufuzli lug‘atlari hamda “Qaraqalpaq tiliniń túsindirme sózligi” asaridan olingan ma’lumotlar xizmat qildi. Tadqiqot natijalari shuni ko‘rsatdiki, child va bala leksemalari “yosh inson” tushunchasiga asoslangan umumiy semantic yadroni ifodalaydi va bu inson rivojlanishi tajribasiga asoslangan universal kognitiv modelni aks ettiradi. Shu bilan birga, semantik kengayishlarda muhim farqlar aniqlandi: ingliz tilida metaforik va abstrakt ma’nolar kengroq rivojlangan bo‘lsa, qoraqalpoq tilida qarindoshlik, nasl va ijtimoiy identifikatsiya bilan bog‘liqlik ustunlik qiladi. Olingan natijalar lug‘at ta’riflari nafaqat til tizimini, balki madaniy xususiyatlarni ham aks ettirishini tasdiqlaydi.
O‘QUV-ILMIY MATNLARNING MOSLASHTIRILGANLIK XUSUSIYATLARI HAQIDA (LOGISTIKAGA OID MATNLAR MISOLIDA)
Mazkur maqolada logistika sohasiga oid o‘quv-ilmiy matnlarning moslashtirilganlik darajasi tahlil qilinadi. Tadqiqotning dolzarbligi globallashuv va xalqaro hamkorlik sharoitida kasbiy yo‘naltirilgan kommunikatsiyaning ahamiyati ortib borayotgani bilan belgilanadi. O‘quv-ilmiy matnlar talabalarning kasbiy kompetensiyasini shakllantirishda muhim vosita sifatida ko‘rib chiqiladi. Tadqiqotning maqsadi logistika bo‘yicha o‘quv-ilmiy matnlarning moslashtirilganligini ta’minlovchi lingvistik xususiyatlarni aniqlashdan iborat. Tadqiqot jarayonida lingvistik tahlil, tavsifiy tahlil va qiyosiy tahlil metodlaridan foydalanildi. Tadqiqot materiali sifatida transport logistikasi bo‘yicha ingliz tilidagi o‘quv-ilmiy matnlar tanlab olindi. Tadqiqot natijasida o‘quv-ilmiy matnlarning moslashtirilganligi mantiqiy tuzilish, axborotning izchil bayoni, sintaktik soddalik hamda terminlarning izohlanishi orqali ta’minlanishi aniqlandi. Shuningdek, matnni qabul qilishda internatsional leksika, abbreviaturalar va ularning kontekstda tushuntirilishi muhim rol o‘ynashi qayd etildi. Zamonaviy logistika matnlari ilmiy aniqlik va bayonning tushunarliligini uyg‘unlashtirishga intilishi bilan tavsiflanadi. Tadqiqot natijalari kasbiy yo‘naltirilgan matnlarni tarjima qilish bo‘yicha o‘quv qo‘llanmalar va maxsus kurslarni ishlab chiqishda qo‘llanishi mumkin.
PLURILINGVAL VA IJTIMOIY-MADANIY KOMPETENSIYANI INTEGRATIV RIVOJLANTIRISHNING METODOLOGIK YONDASHUVLARI
Maqolada talabalar plurilingval va ijtimoiy-madaniy kompetensiyasini integrativ rivojlantirishning metodologik yondashuvlari Oʻzbekiston oliy taʼlimi sharoitida tahlil qilinadi. Tadqiqot muammosi bir nechta til resursidan foydalanish, madaniyatlararo muloqotga tayyorlik va kasbiy-akademik diskursda mos harakat qilish koʻnikmalari oʻrtasidagi metodik aloqalarni aniqlash bilan belgilanadi. Maqolaning maqsadi plurilingval repertuar, ijtimoiy-madaniy sezgirlik, mediatsiya (axborotni boshqa shaxs, til yoki kontekstga moslab yetkazish), refleksiya va baholash mezonlarini yagona lingvodidaktik tizimda asoslashdan iborat. Tadqiqotda nazariy tahlil, qiyosiy yondashuv, lingvodidaktik modellashtirish va mahalliy hamda xorijiy manbalarni konseptual umumlashtirish metodlaridan foydalanildi. Natijalar oʻzbek-rus-ingliz koʻp tilliligi talaba uchun tabiiy kommunikativ resurs ekanini koʻrsatadi. Ushbu resurs tillararo qiyoslash, mediatsiya vazifalari, autentik matnlar, translanguaging (butun lisoniy repertuardan maqsadli foydalanish) va refleksiv baholash orqali metodik qiymat kasb etadi. Xulosa sifatida mazkur yondashuvlar chet til taʼlimini kasbiy, madaniy va kommunikativ ehtiyojlar bilan bogʻlashga xizmat qilishi asoslanadi.