“AHMAD YASSAVIY” ROMANIDA LISONIY VA NOLISONIY SATHLARNING ADABIY-ESTETIK INTEGRATSIYASI
Authors: To‘rayeva Bahor Bahriddinovna
Published: Sentabr 05, 2026 • Vol. 26 Issue 12 • Views: 2
Maqolada lisoniy va nolisoniy sathlarning integratsiyasi Sa’dulla Siyoyevning tarixiy roman yaratish mahorati tahlili asosida izohlangan. Arxaik leksika, diniy-tasavvufiy istilohlar, tarixiy grammatik tuzilish, va’z, duo, qasam, dialog va ichki monolog shakllari orqali lisoniy sath yuzaga chiqsa, nolisoniy sath esa XII asr Turkiston ijtimoiy muhiti, Yassaviylik tariqati, xalq e’tiqodi, muallifning ijodiy niyati va kitobxon idroki bilan bog‘liq. Romandagi ulamolar, hojilar, darvishlar, dehqonlar nutqidagi farqlar, bozor, masjid, xonaqoh, safar va xalq yig‘inidagi voqeliklar tasviri, qahramonlarning ijtimoiy mavqeyi, e’tiqodi, ruhiyati va madaniy saviyasini ochib beradi. Personajlar nutqi davr ruhini, xalq tafakkurini va diniy-axloqiy dunyoqarashni ifodalovchi estetik vosita vazifasini bajargan. Ahmad Yassaviy nutqidagi qat’iyat, sokinlik, diniy dalillar Shahobiddin, Ashrafxon hoji nutqidagi hasad va riyokorlik bilan qarama-qarshi qo‘yiladi. Obrazlar o‘rtasidagi ziddiyat asarning g‘oyaviy-estetik mohiyatini ochuvchi badiiy vosita hisoblanadi. Asardagi va’z, duo, qasam va hikmatlar lisoniy shakl sifatida berilgan bo‘lsa-da, ularning adabiy-estetik ta’siri nolisoniy omillar bilan belgilanadi. Yassaviyning haj safari oldidan xalqqa murojaatida diniy iboralar, hadislar sharhi, pand-nasihat va takroriy sintaktik qurilmalar kuchli ritm hosil qiladi. Nutqning mazmunida faqat ibodatga da’vat emas, balki oilaga mas’uliyat, yetimga shafqat, faqirga saxovat ko‘rsatish, zulm qilmaslik va ma’rifatli bo‘lishga intilish kabi ijtimoiy-axloqiy qadriyatlar aks etadi. Asar lisoniy sathidagi diniy-ma’rifiy ifoda nolisoniy sathdagi xalqning ijtimoiy turmush tarzi, axloqiy me’yor va adolat g‘oyasi bilan uyg‘unlashadi. Ruqiya bibi, Abdurauf va oddiy xalq vakillari bilan bog‘liq tasvirlar Ahmad Yassaviy obrazini faqat shayx emas, balki inson dardini anglaydigan ma’naviy rahnamo sifatida ko‘rsatadi. Bu holat tasavvufiy g‘oyaning xalq iztiroblari bilan bog‘liq holda talqin qilinganini ko‘rsatadi. Romanda lisoniy va nolisoniy sathlarning adabiy-estetik integratsiyasi tarixiy davr manzarasini jonlantiradi, qahramonlarning keskin bahs-munozaralari va ichki monologlari dramatizmni hosil qiladi, diniy istilohlar esa ma’naviy mazmunni kuchaytiradi. Nolisoniy sathdagi tarixiy davr, muallif uslubi, tasavvuf ta’limoti va xalq e’tiqodi lisoniy vositalarning badiiy vazifasini belgilaydi. Shu sababli romanning estetik ta’siri alohida so‘z, obraz yoki voqelik ifodasida emas, balki ularning o‘zaro tizimli munosabatida yuzaga keladi. Demak, “Ahmad Yassaviy” romanida lisoniy va nolisoniy sathlar integratsiyasi tarixiy haqiqatni badiiy haqiqatga, diniy-ma’rifiy mazmunni esa estetik hodisaga aylantiradi.