KOMPARATIVISTIKA

Comparative Studies

13-SON JURNAL Muqovasi
Volume 3 | Issue 13 | Oktabr 2026

Yiliga 4 ta nashr

    “Komparativistika” ilmiy-elektron jurnali 2024-yil mart oyida tashkil qilingan, bir yilda to‘rt marta e’lon qilinadi. Ushbu jurnalda qiyosiy adabiyotshunoslik, chog‘ishtirma tilshunoslik, tarjimashunoslik, jahon adabiyoti, adabiyot nazariyasiga oid eng dolzarb maqolalar e’lon qilinadi. 

   2024-yil 18-aprelda jurnal uchun №258331 raqamli  guvohnoma olingan. 2024-yil 26-iyunda 3060-4559 ISSN raqami berilgan. Jurnal OAK Rayosatining 12-fevral 2025-yildagi 365/7-son qarori bilan filologiya fanlari bo‘yicha doktorlik dissertatsiyalari asosiy ilmiy natijalarini chop etish tavsiya etilgan ilmiy nashrlar ro‘yxatiga kiritilgan.

Ushbu sondagi maqolalar

Open Access | Oktabr 2026 | 3 views

OILAVIY XRONIKA AXLOQIY-PSIXOLOGIK JANR MODELI SIFATIDA: L. M. OLKOTTNING “KICHKINA AYOLLAR” VA “KICHKINA ERKAKLAR” DILOGIYASIDA UCH AVLOD TIMSOLI

By: Локтева Надежда Михайловна

Ushbu maqolada Luiza Mey Olkottning “Kichkina ayollar” (1868-1869) va “Kichkina erkaklar” (1871) romanlari alohida asarlar sifatida emas, balki March oilasining yaxlit xronikasi sifatida tahlil qilinadi. Muammoning dolzarbligi shundan iboratki, mavjud tadqiqotlarning aksariyati bu ikki romanni faqat umumiy qahramonlar orqali bog‘liq deb hisoblaydi va ularning janr jihatidan yaxlitligini asoslamaydi. Tadqiqotning maqsadi ikkala romanning March oilasi tarixini uch avlod - Marmi va janob Marchning katta avlodi, ularning voyaga yetgan qizlari hamda Plamfild tarbiyalanuvchilari - orqali yorituvchi yagona xronikani tashkil etishini isbotlash va janrning o‘ziga xos axloqiy-psixologik modelini aniqlashdan iborat. Ishda birinchi marta ko‘rsatiladiki, avlodlar davomiyligi mulk yoki nasl nomi orqali emas, balki tarbiya va uy turmush tarzi orqali uzatiladi, bu esa Dj. F. Kuperning mulkiy-nasabiy modelidan tubdan farq qiladi. Tahlil qiyosiy-tipologik, struktur-semantik va biografik metodlar asosida olib borildi, uy xronotopi alohida kategoriya sifatida ko‘rib chiqildi. Natijalar shuni ko‘rsatadiki, ikkala roman bir-birini to‘ldiruvchi kompozitsion butunlikni tashkil etadi, unda axloqiy tajriba avloddan-avlodga uzluksiz uzatiladi.

PDF
Open Access | Oktabr 2026 | 3 views

BADIIY MATNNING KOGNITIV-INTEGRATIV MODELINING POETIK TAHLILI

By: Koʻchimov Ulugʻbek Qoʻchqarovich

Maqolada badiiy matnni ilmiy-nazariy tahlil qilishning zamonaviy metodologik asoslari tizimlashtiriladi hamda anʼanaviy poetik tahlilni kognitiv poetika va narratologiya tamoyillari bilan uygʻunlashtiruvchi kognitiv-integrativ model asoslanadi. Tadqiqot muammosi shundan iboratki, badiiy vositalarni sanab koʻrsatish bilan cheklangan tahlil ularning syujet va personaj qurilishidagi oʻrnini, axborotning hikoyaviy taqsimotini hamda oʻquvchi idrokini yoʻnaltirish vazifasini ochib bera olmaydi. Tadqiqotning yangiligi badiiy matnning strukturaviy, narrativ va kognitiv qatlamlarini yagona funksional tizim sifatida oʻrganishda namoyon boʻladi. Metodologik asos sifatida kognitiv poetika, konseptual metafora nazariyasi, mental makonlar konsepsiyasi, kognitiv narratologiya, bashoratli qayta ishlash nazariyasi va affektiv-kognitiv stilistika qarashlari olindi. Tahlil Rey Bredberining “Farengeyt boʻyicha 451 daraja” romani materialida olib borildi. Romanning boshlangʻich jumlasi, “kitob – qurol” metaforasi, olov ramzining semantik oʻzgarishi, syujet hodisalari, “tenglik” va “sekinlik” konseptlari hamda uslubiy tashkil etilishi oʻrganildi. Natijada poetik vosita bir vaqtning oʻzida voqeani tashkil etishi, personajning mental modelini ifodalashi va oʻquvchi kutilmasini boshqarishi aniqlandi. Shu asosda “poetik struktura – narrativ funksiya – kognitiv faollashuv – kutilma – tahliliy yoʻnalish” modeli taklif etildi. Tadqiqot natijalaridan oliy taʼlimda adabiyot nazariyasi va badiiy tahlil fanlarini oʻqitishda foydalanish mumkin.

PDF
Open Access | Oktabr 2026 | 2 views

JAHON FANTASTIK ADABIYOTDA EKOTANQID NAZARIYASI

By: Yuldoshova Shaxnoza Azimboyevna

Mazkur maqolada adabiyotshunoslikning XX asr oxirida shakllangan yoʻnalishi ekotanqidnazariyasi metodologik asos sifatida qoʻllanilib, badiiy adabiyot, xususan fantastik va spekulyativ adabiyot namunalari tahlil qilinadi. Tadqiqotning nazariy poydevorini Cheril Glotfelti va Lourens Buellning ekotanqid taʼriflari, Greg Gerrardning “yaylovlashuv”va “yovvoyi tabiat” (wilderness) tushunchalari, Darko Suvinning “kognitiv begonalashuv” va “novum” nazariyasi, Serenella Iovino va Serpil Oppermannning “moddiy ekotanqid” va antroposen kontseptsiyasi, shuningdek Amitav Goshning iqlim inqirozi haqidagi falsafiy qarashlari tashkil etadi. Amerika fantastik adabiyotidan Frenk Herbertning “Dyuna”, Ursula Le Guinning “Dunyoning nomi – Oʻrmon” (The Word for World is Forest), Kim Stenli Robinsonning “Mars trilogiyasi” tahlil qilingan. Rus adabiyotidan aka-uka Strugatskiylarning “Yoʻl chetidagi sayr”(Пикник на обочине), Valentin Rasputinning “Matyora bilan vidolashuv” (Прощание с Матёрой) va Sergey Zaliyginning “Ekologiya romani” (Экологический роман) asarlari, shuningdek ular yuzasidan olib borilgan oʻzbek, xorijiy va rus adabiyotshunosligi tadqiqotlari tahlil qilib chiqilgan. Tadqiqot natijalari shuni koʻrsatadiki, fantastik adabiyot janr xususiyati kognitiv begonalashuv va “novum” orqali ekologik muammolarni badiiy tasavvur qilishning oʻziga xos, boshqa janrlarga nisbatan ustunroq imkoniyatiga ega, biroq bu imkoniyatning ilmiy oʻrganilish darajasi amerika, rus va oʻzbek adabiyotshunosligida notekis rivojlangan.

PDF
Open Access | Oktabr 2026 | 3 views

JAHON SHEʼRIYATI VA SHAVKAT RAHMON

By: Berdiyeva Lobar Jumanazar qizi

Ushbu maqolada taniqli oʻzbek shoiri Shavkat Rahmon ijodi jahon adabiyoti kontekstida qiyosiy-tipologik va semiopoetik yondashuv asosida tadqiq etilgan. Tadqiqotda shoir poetikasining badiiy-estetik xususiyatlari, undagi universallik va milliy oʻziga xoslik masalalari, obrazlar tizimi hamda ramziy ifoda vositalarining shakllanish tamoyillari tahlil qilinadi. Shavkat Rahmon sheʼriyatining jahon lirik tafakkuri, xususan, zamonaviy va klassik jahon sheʼriyati namunalari bilan mushtarak hamda farqli jihatlari ilmiy asosda yoritilgan. Maqolada tabiat obrazlarining metaforik talqini, ijtimoiy-falsafiy isyon motivlari, lirik qahramon ruhiyatining botiniy dialektikasi va poetik tafakkurning badiiy ifoda mexanizmlari semiopoetik nuqtayi nazardan tahlil etilgan. Shuningdek, shoir ijodida milliy anʼana va umuminsoniy qadriyatlarning uygʻunligi, ramz va metaforalarning badiiy funksiyasi hamda intertekstual aloqalar yoritilib, uning oʻzbek sheʼriyati taraqqiyotidagi oʻrni va jahon adabiy jarayonidagi ahamiyati ilmiy dalillar asosida asoslab berilgan. Tadqiqot natijalari Shavkat Rahmon poetikasini zamonaviy adabiyotshunoslik metodlari asosida talqin etish imkoniyatlarini kengaytirishga xizmat qiladi.

PDF
Open Access | Oktabr 2026 | 3 views

HAMID OLIMJON FENOMENINING UCH QIRRASI: SHOIR, PUBLITSIST, OLIM

By: Haitova Nilufar Erkinovna, Uzoq Joʻraqulov Haydarovich

Mazkur maqolada taniqli oʻzbek ijodkori Hamid Olimjonning adabiy-ilmiy faoliyati XX asrning 20-40-yillaridagi murakkab ijtimoiy-madaniy va mafkuraviy jarayonlar kontekstida tadqiq etilgan. Tadqiqotda adib faoliyatidagi shoirlik, publitsistlik va olimlik qirralari alohida sohalar sifatida emas, balki bir-birini toʻldiruvchi yaxlit tizim sifatida tahlil qilingan. Maqolada Hamid Olimjonning sovet senzurasi va siyosiy tazyiqlari sharoitida milliy folklor merosi (“Alpomish” dostonining nashr etilishi) hamda mumtoz adabiyot siymolari (Alisher Navoiy, Ahmad Yassaviy) merosini asrab qolish borasidagi ilmiy jasorati hamda millatparvarlik fenomeni obyektiv baholangan. Tadqiqot davomida adibning jadidchilik harakatiga boʻlgan munosabati oʻsha davrning mafkuraviy bosimi kontekstida tahlil qilinib, uning ilmiy-ijodiy evolutsiyasiga xos boʻlgan metodologik paradokslar yoritib berilgan. Olingan natijalar adib faoliyatini sovet davri qoliplaridan xoli ravishda, milliy istiqlol gʻoyalari prizmasi orqali yangicha baholash imkonini beradi hamda zamonaviy navoiyshunoslik, folklorshunoslik va adabiyotshunoslik fanlari uchun muhim nazariy poydevor boʻlib xizmat qiladi.

PDF
Open Access | Oktabr 2026 | 3 views

INGLIZ ADABIYOTIDA OTA OBRAZINING TAHLILI VA TALQINI

By: Khalliyeva Gulnoz Iskandarovna, Bahronova Barchinoy Bahodir qizi

Ushbu maqolada D.H. Lourensning “Sons and Lovers” (Oʻgʻillar va sevishganlar) romanidagi ota obrazi tadqiq etilib, asar qahramoni Valter Morel XX asr boshlaridagi ingliz otalarining ramziy timsoli sifatida tahlil qilinadi. Maqolada uning otalik hokimiyatini saqlab qolishga boʻlgan urinishlari, hissiy jihatdan cheklanganligi hamda ichkilikbozligi va tajovuzkorligi tufayli oilada yuzaga keladigan nizolar yoritiladi. Shuningdek, tadqiqot Uolter obrazining psixologik jihatlarini tahlil qilib, ijtimoiy, iqtisodiy va sanoat omillarining uning ota sifatidagi roliga qanday taʼsir koʻrsatishini ochib beradi. Lourens Valterni yomon qahramon sifatida emas, balki murakkab va koʻp qirrali insoniy shaxs sifatida tasvirlab, anʼanaviy otalik hokimiyatining zaifligi hamda uning oilaviy munosabatlar va shaxsiy oʻzlik shakllanishiga uzoq muddatli taʼsirini alohida taʼkidlab tasvirlaydi.

PDF
Open Access | Oktabr 2026 | 3 views

“YUSUF VA ZULAYXO” SYUJETINING SHARQ ADABIYOTIDAGI BADIIY TRANSFORMATSIYASI

By: Mamanova Gulsevar Husniddin qizi

Mazkur maqolada “Yusuf va Zulayho” syujetining arab, fors-tojik, usmonli turk va turkiy adabiyotlardagi badiiy talqinlari qiyosiy adabiyotshunoslik nuqtayi nazaridan tadqiq etiladi. Tadqiqotning nazariy asosini A.N. Veselovskiy va V.M. Jirmunskiyning sayyor syujet nazariyasi tashkil etadi. Tadqiqotda tarixiy-qiyosiy hamda qiyosiy-tipologik metodlardan foydalanilib, syujetning turli adabiy muhitlarda poetik transformatsiyaga uchrash jarayoni, obrazlar tizimi, kompozitsion tuzilishi va gʻoyaviy mazmunidagi oʻzgarishlar tahlil qilinadi. Shuningdek, Qurʼon manbasi asosida shakllangan syujetning Sharq xalqlari adabiyotlarida milliy badiiy tafakkur, diniy-falsafiy qarashlar va estetik tamoyillar taʼsirida qayta talqin etilishi yoritiladi. Arab adabiyotida rivoyatning dastlabki badiiy shakllanishi, fors-tojik adabiyotida tasavvufiy mazmunning kuchayishi, usmonli turk adabiyotida didaktik va axloqiy yoʻnalishning ustuvorligi hamda turkiy adabiyotda milliy poetik anʼanalar bilan uygʻunlashuvi qiyosiy jihatdan baholanadi. Tadqiqot natijalari syujetning Sharq adabiy makonidagi rivojlanish bosqichlari va badiiy transformatsiya qonuniyatlarini aniqlashga xizmat qiladi hamda qiyosiy adabiyotshunoslik boʻyicha keyingi izlanishlar uchun ilmiy asos yaratadi.

PDF
Open Access | Oktabr 2026 | 3 views

KRISTOFER MARLO IJODIDA SHARQ MAVZUSI (MARLO DRAMATURGIYASINING IJTIMOIY, TARIXIY VA BIOGRAFIK OMILLARI)

By: Tursunova Madina Toshpo‘lat qizi

Ushbu maqolada ingliz Uygʻonish davrining oʻziga xos xususiyatlari va ushbu davr yetakchi dramaturgi Kristofer Marlo ijodi tahlil etilgan. Adib dunyoqarashi shakllanishida Kanterberi shahri va Kembrij universiteti muhitining oʻrni atroflicha yoritiladi. Tadqiqotda yozuvchining “Karfagen malikasi Dido” hamda “Maltalik yahudiy” fojialari qiyosiy-tarixiy tamoyillar asosida keng tadqiq qilinadi. Asarlardagi mifologik obrazlar, syujet va motivlarning qadimgi Shumer, Yaqin Sharq mifologiyasi hamda Qurʼondagi Qorun qissasi bilan tipologik oʻxshashliklari ilmiy jihatdan ochib berilgan. Muallif dramaturgiyasida Gʻarb va Sharq sivilizatsiyalari chorrahasidagi oʻzaro madaniy aloqalar, transmadaniy tushunchalar hamda Sharq mavzusining oʻrni va gumanistik mohiyati maqolada toʻliq isbotlab berilgan.

PDF
Open Access | Oktabr 2026 | 2 views

XURSHID DOʻSTMUHAMMAD NASRIDA BOZOR XRONOTOPINING POETIK IFODASI

By: Mengliyeva Huriniso Bahriddinovna

Mazkur maqolada Xurshid Doʻstmuhammad nasrida bozor xronotopining hikoya, qissa va roman janrlaridagi tadrijiy shakllanishi ilmiy tahlilga tortiladi. Asosiy eʼtibor bozor xronotopining dastlab hikoya janrida ramziy detal, xarakter ochuvchi vaziyat va maʼnaviy sinov maydoni sifatida koʻrinishi, qissa janrida esa xotira, ijtimoiy nazorat, tirikchilik tashvishi va ruhiy bosim bilan bogʻliq psixologik makonga aylanishi, roman janrida esa butun badiiy tizimni uyushtiruvchi markaziy poetik kategoriya darajasiga koʻtarilishini asoslashga qaratilgan. Maqolada “Jajman”, “Mirkomilboyning qazo boʻlgan namozi”, “Toʻxtaboyning boyliklari”, “Beozor qushning qargʻishi”, “Nusxakashning merosxoʻri”, “Yoqub izquvarning hiylasi” hikoyalari, “Yolgʻiz” va “Kuza...” qissalari hamda “Bozor” romani material sifatida tanlandi. Tahlil jarayonida bozor xronotopining makoniy tasvir doirasidan chiqib, inson ruhiyati, milliy xotira, ijtimoiy munosabatlar va muallif konsepsiyasini ifodalovchi murakkab badiiy modelga aylanishi koʻrsatildi.

PDF
Open Access | Oktabr 2026 | 3 views

AMERIKA VA OʻZBEK ADABIYOTIDA ONA OBRAZI TIPOLOGIYASI

By: Raximova Umida Soliyevna

Maqolada XX asr Amerika va oʻzbek romanchiligidagi ona obrazining muhim tiplaridan biri, yaʼni ojiz va iztirob chekuvchi ona tipi qiyosiy-tipologik yondashuv asosida tadqiq etiladi. Tahlil obyekti sifatida Doroti Allisonning “Karolinalik nikohsiz qiz” (Bastard Out of Carolina) hamda Abdulhamid Choʻlponning “Kecha va kunduz” romanlaridagi Enni Boutrayt va Qurvonbibi obrazlari olingan. A. Rich, N. Chodorov va P. H. Kollinzning onalikni ijtimoiy-madaniy hodisa sifatida talqin etuvchi qarashlariga tayangan holda, qahramonlarning onalik masʼuliyati, farzand taqdiriga munosabati, ichki psixologik kechinmalari hamda ojizligini keltirib chiqargan omillar yoritiladi. Tadqiqot natijalari har ikki ona farzandini cheksiz sevishiga qaramay, uni himoya qilish vazifasini toʻliq bajara olmasligini koʻrsatadi. Biroq bu ojizlikning ildizlari turlicha boʻlib, Ennining fojiasi iqtisodiy va emotsional qaramlik, oilaviy zoʻravonlik bilan bogʻliq boʻlsa, Qurvonbibining ojizligi patriarxal oila tizimi va milliy anʼanalar bilan belgilanadi. Badiiy ifoda usullarida ham bir qancha farq kuzatiladi. Allison qahramon ruhiyatini dialog va ochiq psixologik tasvir orqali ochsa, Choʻlpon sukut, ishora va maishiy detallar vositasida psixologizm yaratadi. Maqolada ojiz ona tipi mehrsizlik yoki masʼuliyatsizlik emas, balki tashqi ijtimoiy sharoit taʼsirida shakllangan murakkab psixologik holat ekani asoslanadi.

PDF
Open Access | Oktabr 2026 | 2 views

RUS VA OʻZBEK ADABIYOTI OʻRTASIDAGI ADABIY VOSITACHI – LIDIYA BАT

By: Ткаченко Алла Викторовна, Юсупова Адолат Анваровна

Maqola sovet davri millatlararo madaniy aloqalari tarixidagi kam oʻrganilgan muammoga – rus yozuvchisi, adabiyotshunos va tarjimon Lidiya Grigoryevna Bаtning (1897-1980) oʻzbek adabiyoti va madaniyatini rus tilida soʻzlashuvchi kitobxonga tanitishdagi hissasiga bagʻishlangan. Tadqiqotning dolzarbligi sovet adabiyotining “ikkinchi qator” vakillari faoliyatini qayta baholash zaruratidan kelib chiqadi, chunki aynan ular “xalqlar doʻstligi” gʻoyasini aniq matnlar darajasida amalga oshirgan. Maqolaning maqsadi – L. Bаtning Alisher Navoiyga bagʻishlangan “Hayot bogʻi” (1956) tarixiy-biografik qissasi hamda M. Koshchanov bilan hammualliflikda yozilgan “Oybek” tanqidiy-biografik ocherkining (1966) janr xususiyatlari va vazifalarini komparativistika nuqtayi nazaridan aniqlashdir. Tadqiqot metodologiyasi qiyosiy-tarixiy, biografik va struktur-tipologik metodlarni oʻz ichiga oladi. Tahlil natijasida L. Bаt nasri hujjatiy ishonchlilikni badiiy tasavvur bilan uygʻunlashtirib, 1940-1960-yillar sovet adabiyoti uchun barqaror boʻlgan “madaniyat yaratuvchisi” haqidagi biografik hikoya turini shakllantirgani aniqlandi. Muallif tasavvuri bilan ilmiy navoiyshunoslik oʻrtasidagi nisbat, shuningdek L. Bаtning oʻzbek yozuvchilari (Oybek, Zulfiya) bilan shaxsiy aloqalari uning ijodiy pozitsiyasini shakllantirishdagi oʻrni muhokama qilinadi. Xulosa qilinadiki, L. Bаt faoliyati XX asr rus-oʻzbek adabiy aloqalarining muhim, ammo yetarlicha oʻrganilmagan bosqichini tashkil etadi.

PDF
Open Access | Oktabr 2026 | 3 views

INGLIZ VA RUS PSIXOLOGIK ROMANLARI ADABIYOTSHUNOSLIKDA O‘RGANILISHI

By: Халлиева Гульноз Искандаровна, Юсупова Ситора Ашуралиевна

Maqola mahalliy va xorijiy adabiyotshunoslikda ingliz va rus psixologik romanlarini o‘rganish tarixiga bag‘ishlangan. Tadqiqotning maqsadi psixologik roman haqidagi ilmiy qarashlarning asosiy shakllanish bosqichlarini aniqlash, ingliz va rus tadqiqot an’analarining metodologik asoslarini qiyoslash hamda ularning zamonaviy o‘zaro ta’sir yo‘nalishlarini belgilashdan iborat. Mavzuning dolzarbligi psixologik roman tarixshunosligini alohida muallif va asarlar tadqiqotlari yig‘indisi sifatida emas, balki yagona ilmiy jarayon sifatida ko‘rib chiqish zarurati bilan belgilanadi. Tadqiqotning metodologik asosini qiyosiy-tarixiy, tarixiy-adabiy, qiyosiy-tipologik, germenevtik va tizimli usullar tashkil etdi. Tadqiqot materialini adabiyotshunoslik klassiklari hamda psixologizm, narratologiya va roman nazariyasiga oid zamonaviy ishlar tashkil etdi. Natijalar rus an’anasi asosan tarixiy poetika va falsafiy-psixologik modelni, ingliz an’anasi esa bayon qilish perspektivasi, ichki nutq va ongni ifodalashga yo‘naltirilgan narratologik modelni shakllantirganini ko‘rsatdi. Zamonaviy adabiyotshunoslikda mazkur yondashuvlarning integratsiyasi kuchaymoqda. Tadqiqotning ilmiy yangiligi ikki an’anani yagona tarixshunoslik jarayonining o‘zaro to‘ldiruvchi qismlari sifatida tizimlashtirishdan iborat. Bunda M. M. Baxtin, L. Ya. Ginzburg, GenriJeyms, Ueyn But va Dorrit Kon konsepsiyalarini qiyoslashga, shuningdek, zamonaviy fanlararo tadqiqotlarga alohida e’tibor qaratildi.

PDF
Open Access | Oktabr 2026 | 3 views

SOMERSET MOEM VA ABDULLA QAHHOR HIKOYALARIDA QAHRAMON XARAKTERINI YARATISHNING POETIK VOSITALARI

By: Sheraliyeva Dildora Abduvaxob qizi

Maqolada Somerset Moem va Abdulla Qahhor hikoyalarida xarakter yaratishning poetik vositalari qiyosiy aspektda tadqiq etiladi. Muammo turli milliy adabiyot vakillari ijodida portret, badiiy detal va nutqning obraz individual qiyofasini shakllantirishdagi mushtarak hamda oʻziga xos funksiyalarini belgilash bilan bogʻliq. Ishning maqsadi mazkur unsurlarning badiiy imkoniyatlarini ochib berish, ikki adib poetikasiga xos umumiy va farqli tamoyillarni yoritishdan iborat. Tadqiqotda qiyosiy-tipologik, qiyosiy-chogʻishtirma, struktur-semantik hamda lingvopoetik metodlardan foydalanildi. Olingan natijalar portret, detal va nutq oʻzaro uygʻun holda ruhiyat, xulq-atvor, dunyoqarash va hayotiy pozitsiyani yorituvchi yaxlit tizimni hosil qilishini koʻrsatdi. S.Moem hikoyalarida psixologik ziddiyat, yashirin maqsad va shaxsiy tanlovlar yetakchilik qilsa, A.Qahhor ijodida maʼnaviy-axloqiy pozitsiya, ijtimoiy muhit hamda xulqdagi qarama-qarshiliklar ustuvorlik kasb etadi. Har ikki yozuvchida obraz mohiyati bevosita mualliflik tavsifidan koʻra, badiiy belgilar orqali bosqichma-bosqich ochib boriladi. Natijada mushtarak tasvir usullarining turlicha funksional yoʻnaltirilishi Moem va Qahhorning oʻziga xos badiiy tafakkurini belgilashi asoslandi.

PDF
Open Access | Oktabr 2026 | 3 views

NEʼMAT AMINOV VA AZIZ NESIN HIKOYALARIDA BADIIY USLUB VA PSIXOLOGIK TASVIR MUAMMOSI

By: Haydarova Dilrabo Madiyor qizi

Mazkur maqolada oʻzbek hajviy adabiyotining yirik vakili Neʼmat Aminov hamda turk adabiyotining mashhur satirigi Aziz Nesin hikoyalarida badiiy uslub va psixologik tasvir muammosi qiyosiy-tipologik metod asosida tahlil qilinadi. Maqolaning maqsadi ikki ijodkor asarlarida hajviy talqinning ichki psixologik va uslubiy mexanizmlarini aniqlash, ularning oʻxshash va farqli jihatlarini ilmiy asoslashdan iborat. Tadqiqotda psixoanalitik, formalistik va dialogik nazariy yondashuvlardan hamda qiyosiy-tipologik, germenevtik metodlardan foydalanildi. Neʼmat Aminovning “Qassob boboning iti”, “Soxta mehmon”, “Bashorat” va Aziz Nesinning “Ayiqning tashakkuri”, “Xoʻsh, nima boʻldi?”, “Fil Hamdu” hikoyalari tadqiqot korpusi sifatida tanlandi. Tahlil natijalari shuni koʻrsatdiki, Neʼmat Aminov ijodida “yopiq” kulgi modeli boʻlgan xalqona yumor, xarakter kulgililigi va maishiy detal orqali psixologik tasvir ustuvor boʻlsa, Aziz Nesin uslubida “ochiq” kulgi modeli mantiqiy nomutanosiblik, satirik-absurd tasvir va byurokratiyani keskin tanqid hukmronlik qiladi. Maqolada komiklikning psixologik asosi sifatida qahramon ongidagi ichki va tashqi holat oʻrtasidagi nomutanosiblik ilmiy dalillar bilan asoslandi. Komiklikning lingvopoetik tabiati hamda “identifikatsiya va masofa” tamoyiliga koʻra oʻquvchi bilan qahramon oʻrtasidagi reseptiv masofaning turlichaligi isbotlandi. Natijalar qiyosiy adabiyotshunoslik va komiklik nazariyasi sohasidagi tadqiqotlar uchun metodologik asos boʻlib xizmat qilishi mumkin.

PDF
Open Access | Oktabr 2026 | 3 views

“QUTADGʻU BILIG” VA “HIBATUL-HAQOYIQ” ASARLARI MISOLIDA “BILIG” KONSEPSIYASI

By: Olimova Laylo Jasurbek qizi

Mazkur maqolada mumtoz turkiy adabiyotning muhim manbalari boʻlgan Yusuf Xos Hojibning “Qutadgʻu bilig” hamda Ahmad Yugnakiyning “Hibatul-haqoyiq” asarlarida “bilig” konsepsiyasining badiiy-falsafiy mohiyati tadqiq etilgan. Tadqiqotda “bilig” tushunchasi oddiy bilim yoki maʼlumot yigʻindisi sifatida emas, balki insonni komillikka, maʼrifatga va Yaratganni anglashga yetaklovchi maʼnaviy qadriyat sifatida talqin qilinadi. Asarlardagi matnlar kontekstual, qiyosiy-tipologik, germenevtik hamda konseptual tahlil metodlari asosida oʻrganilib, “bilig”ning maʼrifat, hikmat, axloq va inson kamoloti bilan bogʻliq jihatlari ochib berilgan. Maqolada “Qutadgʻu bilig” asarida mazkur tushuncha yaxlit maʼrifiy-falsafiy konsepsiya darajasiga koʻtarilgani, “Hibatul-haqoyiq” asarida esa pand-nasihat va axloqiy mezonlar orqali ifodalangani koʻrsatib beriladi. Shuningdek, har ikki asarning mushtarak gʻoyaviy asosida insonning oʻzini anglash, ilm egallash va maʼnaviy yuksalish masalalari yoritilishi ilmiy asoslanadi.

PDF
Open Access | Oktabr 2026 | 2 views

ASHRAF TABRIZIY VA ALISHER NAVOIY “XAMSA”LARIDA BAHROM OBRAZINING TIPOLOGIK VA POETIK XUSUSIYATLARI

By: Valijonova Shahzoda Olimjon qizi

Ushbu maqolada Sharq xamsachilik anʼanasi kontekstida Ashraf Marogʻiy Tabriziy va Alisher Navoiy dostonlaridagi Bahrom obrazining oʻziga xos tipologik hamda poetic xususiyatlari qiyosiy tahlil qilingan. Tadqiqotda Marogʻiy dostonidagi tasavvufiy ruh bilan sugʻorilgan “orif va mutafakkir shoh” konsepsiyasi hamda Alisher Navoiyning mashhur “Sabʼai sayyor” asaridagi dastlab “raiyatparvar”, biroq keyinchalik gʻofillikka chalingan oʻsha mashhur hukmdor obrazi atroflicha qiyoslanadi. Mualliflarning ushbu qahramon tabiatini badiiy ochishdagi oʻxshash va farqli jihatlari dostonlardan olingan matniy dalillar yordamida batafsil yoritilgan. Shuningdek, asarlardagi ramziy maʼnoga ega boʻlgan “magʻiz va poʻst”, “lutf va qahr” kabi poetik allegoriyalar hamda adolat va tavakkul tushunchalarining falsafiy va badiiy ifodasi maqolada atroflicha tadqiq etilgan.

PDF
Open Access | Oktabr 2026 | 2 views

SIYOSIY MATNLARNING TIPOLOGIK KLASSIFIKATSIYASI VA TARJIMA MUAMMOLARI

By: Botirova Nilufar Salimjon qizi

Ushbu maqolada siyosiy matnlarni tarjimashunoslik nuqtayi nazaridan tipologik tasniflash mezonlari va oʻzbek-ingliz tarjimasida yuzaga keladigan asosiy muammolar tahlil qilinadi. Tadqiqot materiali sifatida https://lex.uz/ manbalari asosida shakllantirilgan 6428 ta parallel oʻzbekcha-inglizcha segmentdan iborat elektron korpus hamda Prezident qarorlari, strategik dasturlar, maʼmuriy-huquqiy hujjatlar va xalqaro shartnomalarga oid rasmiy tarjimalar tanlandi. Siyosiy matnlar institutsional maqomi, kommunikativ maqsadi, dominant funksiyasi, janri, sintaktik tuzilishi va pragmatik yoʻnalishiga koʻra normativ-huquqiy, dasturiy-strategik, maʼmuriy-institutsional, diplomatik, ijtimoiy-siyosiy va gibrid turlarga ajratildi. Qiyosiy-tipologik, funksional-pragmatik, diskursiv va korpus tahlili natijasida terminologik ekvivalentlik, deontik modallik, performativ formulalar, institutsional nomlar, murakkab nominal konstruksiyalar, agentlikning ifodalanishi hamda mafkuraviy-pragmatik maʼno tarjimaning eng muhim muammolari ekanligi aniqlandi. Maqolada rasmiy korpusdan olingan misollar asosida literal moslik har doim funksional va yuridik ekvivalentlikni taʼminlamasligi koʻrsatildi. Yakunda siyosiy matn tarjimasi uchun matn turini oldindan aniqlash, terminologik bazani standartlashtirish, modal-performativ modellarni uygʻunlashtirish va parallel korpus yordamida sifat nazoratini amalga oshirishga asoslangan koʻp bosqichli tarjima modeli taklif etiladi.

PDF
Open Access | Oktabr 2026 | 2 views

“UYAT MADANIYATI” VA “AYBDORLIK MADANIYATI” TUSHUNCHALARINING BADIIY TARJIMADA IFODALANISHINING SEMANTIK-PRAGMATIK TAHLILI

By: Xolmurodova Gulhayo Neʼmatovna

Mazkur tadqiqotning maqsadi ingliz badiiy matnlarida “uyat madaniyati” (shame culture) va “aybdorlik madaniyati” (guilt culture) tushunchalari bilan bogʻliq axloqiy-emotsional mazmunlarning ifodalanishi hamda ularning oʻzbek tiliga tarjima qilishdagi xususiyatlarini aniqlashdan iborat. Tadqiqot muammosi “uyat” (shame) va “ayb” (guilt) birliklarining badiiy kontekstda ifodalagan ijtimoiy baholash, individual axloqiy masʼuliyat, ichki kechinma va emotsional baholash komponentlarining tarjimada saqlanishi yoki semantik-pragmatik jihatdan oʻzgarishini aniqlashga qaratilgan. Tadqiqotda Nataniel Hotornning “Alvon tamgʻa” (The Scarlet Letter) romanidagi “uyat” va “ayb” tushunchalari bilan bogʻliq badiiy kontekstlar tanlab olinib, ularda aktuallashgan semantik, pragmatik va lingvomadaniy komponentlar aniqlandi. Ushbu komponentlar asosida mazkur birliklarning oʻzbek tiliga bir necha muqobil tarjima variantlari ishlab chiqildi va ular qiyosiy-translatologik tahlil qilindi. Tarjima variantlarini baholashda asliyat matnidagi denotativ mazmun, emotsional intensivlik, ijtimoiy baholash, individual axloqiy masʼuliyat hamda kommunikativ-pragmatik taʼsirning yetkazib berilish darajasi asosiy mezon sifatida olindi. Tadqiqot natijalari “uyat” (shame) va “ayb” (guilt) ni tarjima qilishda denotativ maʼnoni berishning oʻzi yetarli emasligini, ijtimoiy baholash, axloqiy masʼuliyat va lingvomadaniy konnotatsiyalarni tarjimada yetkazib berish semantik-pragmatik adekvatlikning asosiy sharti ekanini koʻrsatadi.

PDF
Open Access | Oktabr 2026 | 3 views

“MAHBUB UL-QULUB” ASARINING FRANSUZ TILIGA TARJIMALARI TAHLILI

By: Botirova Soliyaxon Roʻzivoyevna

Maqolada Alisher Navoiyning “Mahbub ul-qulub” asarining fransuzcha ikki tarjimasi boʻlgan, Fransua-Alfons Belinning 1866- yilgi “Moralistes orientaux” tarjimasi va Aleksandr Papasning 2018- yilda chop etilgan “Ainsi parlait le derviche” monografiyasi qiyosiy-tarjimashunoslik nuqtayi nazaridan oʻrganildi. Tadqiqotning maqsadi ikki nashrda asar tarkibining tanlanishi, muallif ovozi, nasr va nazm munosabati, diniy-tasavvufiy istilohlar hamda ijtimoiy obrazlarning fransuz tilida qayta ifodalanishini aniqlashdan iborat. Ishda semantik-kontekstual, qiyosiy tarjima, manbashunoslik va paratekstual tahlil usullari qoʻllandi. Bevosita uch tomonlama qiyosiy tahlil muqaddimaning har ikki fransuzcha talqinda uchraydigan segmentlariga qurildi. Qolgan qismlarda bob tanlovi, sarlavha tarjimasi va sharhlarning semantik vazifasi tekshirildi. Natijalarga koʻra Belin axloqiy-tasavvufiy boblarni kengroq tarjima qilib, terminlarni transliteratsiya, fransuzcha muqobil va sahifa osti izohi orqali ochganini koʻrsatdi. Papas esa birinchi qismdagi ijtimoiy qatlamlarni tarixiy kontekst bilan bogʻlab, nasr orasidagi nazmiy shaklni koʻproq saqlagan. Muqaddimadagi mushtarak parchalar tahlili Papasda kamtarlik ohangi va janriy almashinuv nisbatan toʻliqroq berilganini, ayrim birliklarda esa semantik siljish yuz berganini aniqladi. Tadqiqot tarjima yutugʻi va yoʻqotishi leksik tanlov bilan birga matn seleksiyasi, janriy tuzilish va ilmiy sharhda ham yuzaga kelishini asoslaydi.

PDF
Open Access | Oktabr 2026 | 2 views

TARJIMADA SINONIMIK BIRLIKLARNI TAHRIRLASHNING NAZARIY ASOSLARI

By: Qurbonova Nilufar Nasriddinovna

Ushbu maqolada tarjimada sinonimik birliklarni tahrirlashning nazariy asoslari tarjimashunoslik, leksik-semantik tahlil hamda uslubiy tahrir tamoyillari asosida yoritiladi. Tadqiqotning dolzarbligi shundaki, sinonimik birliklar tarjima jarayonida faqat maʼnodosh soʻzlar sifatida emas, balki matnning uslubiy ohangi, kommunikativ maqsadi, pragmatik taʼsiri va milliy-madaniy mazmunini ifodalovchi muhim lingvistik vositalar sifatida namoyon boʻladi. Maqolada sinonimiya hodisasining til tizimidagi oʻrni, sinonimik qatorlarning semantik farqlanishi, denotativ va konnotativ maʼno qatlamlari, uslubiy neytrallik va ekspressivlik darajasi, tarjimada ekvivalent tanlash mezonlari hamda tahrir jarayonida maʼno aniqligi va uslubiy moslikni taʼminlash masalalari tahlil qilinadi. Shuningdek, tarjima matnida sinonimik birliklarning nooʻrin qoʻllanishi natijasida yuzaga keladigan semantik siljish, uslubiy nomuvofiqlik, ortiqcha takror, maʼno torayishi yoki kengayishi kabi holatlar koʻrib chiqiladi. Tadqiqotda sinonimik birliklarni tahrirlash tarjima matnining adekvatligi, tabiiyligi, aniqligi va kommunikativ samaradorligini taʼminlovchi muhim bosqich sifatida baholanadi. Maqola natijalari tarjima nazariyasi, amaliy tarjima, matn tahriri, leksikologiya va lingvostilistika yoʻnalishlaridagi ilmiy izlanishlar uchun nazariy hamda amaliy ahamiyat kasb etadi.

PDF
Open Access | Oktabr 2026 | 2 views

MEDIA VA RAQAMLI MAKONDA MADANIYATLARARO MULOQOT

By: Насиров Абдурахим Aбдимуталипович, Торгаева Шолпан Аристанбековна

Raqamli transformatsiya madaniyatlararo muloqot shart-sharoitlarini tubdan oʻzgartirib, kommunikatsiya uchun yangi imkoniyatlar bilan birga algoritmik va madaniy toʻsiqlarni ham yuzaga keltirdi. Tadqiqotning maqsadi zamonaviy raqamli media makonida madaniyatlararo muloqotning nazariy-metodologik asoslari va amaliy mexanizmlarini tizimlashtirishdan iborat. Tadqiqotda nazariy-metodologik tahlil, tizimli modellashtirish hamda qiyosiy-chogʻishtirma tahlil metodlaridan foydalanildi. M. Makluen va M. Kastelsning media nazariyalari E. Xoll, G. Xofstede, M. Bayram va D. Dirdorffning madaniyatlararo kommunikatsiya konsepsiyalari bilan uygʻunlashtirildi. A. P. Sadoxinning uch komponentli modeli asosida raqamli oʻzaro taʼsir ishtirokchilari, vositalari va xatarlari institutsional, professional va foydalanuvchi darajalari boʻyicha tasniflandi. Natijalar raqamli muhitning ikki xil tabiatga ega ekanini koʻrsatdi. U madaniyatlarning yaqinlashuviga xizmat qilish bilan birga “filtr pufakchalari” va “aks-sado xonalari” orqali ularning algoritmik ajralishiga ham sharoit yaratadi. Turkiy tilli davlatlar tajribasi, Ozarbayjon multikulturalizm modeli va Oʻzbekiston internet-OAVlarining bagʻrikenglik qadriyatlarini targʻib qilishdagi oʻrni tahlil qilindi. Til universitetlari media sohasi uchun kadrlar tayyorlovchi asosiy institutsional subyekt sifatida baholandi. Xulosada media savodxonlik va madaniyatlararo kompetensiyani oliy taʼlim dasturlariga integratsiyalash hamda turkiy dunyoda transmilliy media platformalarni rivojlantirish boʻyicha tavsiyalar berildi.

PDF
Open Access | Oktabr 2026 | 2 views

DIPLOMATIK DISKURSDA MULOQOTNING SAMARADORLIGIGA XIZMAT QILUVCHI NOVERBAL VOSITALAR

By: Bayjanova Oqila Iskandarovna

Mazkur maqolada diplomatik diskursda muloqotning samaradorligini taʼminlashda muhim ahamiyat kasb etuvchi noverbal vositalarning lingvopragmatik xususiyatlari kompleks tarzda tadqiq etiladi. Diplomatik kommunikatsiya jarayonida verbal birliklar bilan bir qatorda mimika, jest, koʻz qarashi, tana holati, qoʻl harakatlari, ovoz ohangi, pauza, nutq surʼati, kommunikantlar oʻrtasidagi masofa hamda boshqa paralingvistik vositalar muhim kommunikativ yuklamaga ega. Ushbu vositalar nafaqat suhbatdoshning emotsional holatini ifodalash, balki kommunikativ niyatni aniqlashtirish, muayyan fikrni taʼkidlash, munosabatni yumshatish yoki kuchaytirish, ishonch muhitini shakllantirish va diplomatik etiket talablarini taʼminlashga xizmat qiladi. Maqolada noverbal vositalarning diplomatik uchrashuvlar, muzokaralar, rasmiy qabullar, xalqaro konferensiyalar va boshqa protokol tadbirlaridagi pragmatik funksiyalari yoritiladi. Shuningdek, turli madaniyat vakillari oʻrtasidagi diplomatik muloqotda noverbal belgilarni toʻgʻri talqin qilishning ahamiyati tahlil qilinadi. Noverbal vositalardan maqsadga muvofiq foydalanish kommunikativ toʻsiqlarni kamaytirish, oʻzaro anglashuvni kuchaytirish, ijobiy diplomatik imijni shakllantirish va nizoli vaziyatlarning oldini olishning samarali omili sifatida baholanadi. Tadqiqot natijalari diplomatik diskursning pragmatik tabiatini chuqurroq anglash hamda samarali xalqaro kommunikatsiya modellarini ishlab chiqish uchun nazariy va amaliy ahamiyat kasb etadi.

PDF
Open Access | Oktabr 2026 | 3 views

METAFORA NAZARIYASI: RIVOJLANISHNING ASOSIY BOSQICHLARI VA ZAMONAVIY TADQIQOT YONDASHUVLARI

By: Рустамова Иродахон Нематжон қизи

Mazkur tadqiqot metafora nazariyasining rivojlanishini tahlil qilishga bagʻishlangan. Tadqiqotning dolzarbligi kognitiv lingvistika va kognitiv stilistikaning jadal rivojlanishi sharoitida metafora nazariyasi evolyutsiyasini kompleks yoritish zarurati bilan belgilanadi. Mavjud tadqiqotlar asosan ushbu hodisaning alohida jihatlariga eʼtibor qaratib, uni yaxlit nazariy tizim sifatida yetarli darajada yoritmaydi. Tadqiqotning maqsadi metafora nazariyasi rivojlanishining asosiy bosqichlarini tahlil qilish hamda uning poetik matnni kognitiv-stilistik tahlil qilishdagi oʻrnini aniqlashdan iborat. Tadqiqotning nazariy asosini metafora nazariyasi, kognitiv lingvistika va kognitiv stilistikaga oid ilmiy manbalar tashkil etdi. Tadqiqotda tavsifiy, qiyosiy-chogʻishtirma, kognitiv-stilistik metodlar hamda ilmiy umumlashtirish metodidan foydalanildi. Tadqiqot natijalari metafora nazariyasining rivojlanishi metaforani stilistik vosita sifatida talqin qilishdan uni konseptuallashtirish va bilishning universal mexanizmi sifatida tushunishga bosqichma-bosqich oʻtish bilan tavsiflanishini koʻrsatdi. Shuningdek, zamonaviy ilmiy konsepsiyalar bir-birini inkor etmasdan, metafora nazariyasining shakllanishidagi turli bosqichlarni aks ettirishi va oʻzaro bir-birini toʻldirishi aniqlandi. Xulosa sifatida, kognitiv-stilistik yondashuv til obrazliligi, voqelikni konseptuallashtirish hamda ijtimoiy ahamiyatga ega tajribani badiiy talqin qilish oʻrtasidagi bogʻliqlikni ochib berishi va zamonaviy tilshunoslikda olib boriladigan keying tadqiqotlar uchun nazariy asos yaratishi taʼkidlandi.

PDF
Open Access | Oktabr 2026 | 3 views

INGLIZ VA OʻZBEK TURIZM MATNLARIDA PRAGMATIK STRATEGIYALAR

By: Elmuradova Gulrux Karimalievna

Ushbu maqolada ingliz va oʻzbek tillaridagi turizm matnlarining pragmalingvistik xususiyatlari qiyosiy jihatdan oʻrganiladi. Tahlilda adresant va adresat munosabati, nutq aktlari, baholash vositalari, deyksis, modallik, presuppozitsiya hamda milliy-madaniy xususiyatlarga alohida eʼtibor qaratiladi. Tadqiqotning maqsadi turistik manzillarni targʻib etuvchi matnlarda axborot berish va oʻquvchiga taʼsir koʻrsatish vazifalarining qanday lisoniy vositalar orqali amalga oshirilishini aniqlashdan iborat. Tadqiqot materiali sifatida ingliz va oʻzbek tillaridagi turizm portallari hamda bukletlardan tanlab olingan matn parchalari tahlil qilindi. Bunda har ikki tilga oid materiallarning teng va mavzu jihatidan mos boʻlishi hisobga olindi. Shuningdek, mazkuur tadqiqotda qiyosiy-pragmatik, kontekstual, nutq aktlari va presuppozitsion tahlil metodlari, shuningdek, sifatga asoslangan tavsif usuli qoʻllanildi. Natijalar ingliz tilidagi turizm matnlarida oʻquvchiga bevosita murojaat qilish, mavjud imkoniyatlarni koʻrsatish va sayohat taassurotlarini shaxsiy tajriba sifatida tasvirlash ustunligini koʻrsatdi. Oʻzbek tilidagi matnlarda esa tarixiy maʼlumotlarga tayanish, milliy xotirani faollashtirish va mehmondoʻstlik qadriyatini ifodalash yetakchi oʻrin egallaydi. Har ikki tildagi axborot beruvchi gaplar koʻpincha oʻquvchini muayyan harakatga bilvosita undaydi. Ijobiy baholash vositalari esa turistik manzilning jozibadorligini oshirishga xizmat qiladi. Maqolada turizm matnlarining kommunikativ tuzilishini yorituvchi “axborot – baholash – harakat” modeli taklif etiladi. Mazkur model turizm matnlarini yaratish, tahrir qilish va tarjima qilishda ularning mazmuni hamda taʼsirchanligini saqlash uchun amaliy asos boʻlib xizmat qilishi mumkin.

PDF
Open Access | Oktabr 2026 | 3 views

O‘ZBEK VA INGLIZ TILLARIDA HIS-HAYAJON GAPLARNING GENDER VA PRAGMALINGVISTIK XUSUSIYATLARI

By: Karimova Ozodaxon Avazxon qizi

Ushbu maqola oʻzbek va ingliz tillarida rasmiy ogʻzaki nutq hamda his-hayajon gaplarining gender va pragmalingvistik xususiyatlarini qiyosiy-nazariy jihatdan tahlil qilishga bagʻishlangan. Zamonaviy qiyosiy tilshunoslikda nutq jarayoni grammatik qonuniyatlar bilan bir qatorda ijtimoiy-madaniy, milliy-mentalitet va psixologik omillar taʼsirida shakllanadi. Maqolada oʻzbek va ingliz tillaridagi erkak va ayollar nutqiga xos leksik, sintaktik hamda intonatsion farqlar, shuningdek his-hayajon gaplarning har ikki tildagi pragmatik vazifalari qiyosiy tarzda yoritiladi. Gender lingvistikasi nuqtayi nazaridan ikki til vakillarining rasmiy muloqot vaziyatlaridagi nutq strategiyalari, muloyimlik prinsiplari va kommunikativ maqsadlarni ifodalash usullaridagi oʻxshashlik hamda farqlar alohida eʼtibor bilan koʻrib chiqiladi. Tadqiqotda xorijiy va oʻzbek tilshunoslarining ilmiy qarashlari qiyosiy tahlil qilinib, his-hayajon gaplarning pragmalingvistik tabiati ikki til misolida chuqur ochib beriladi. Natijalar gender omilining nutqiy xulq-atvorga, soʻz tanlashga va emotsional ifoda darajasiga ikki tilda har xil tarzda taʼsir koʻrsatishini yaqqol namoyon etadi. Maqola qiyosiy gender lingvistikasi va pragmatika sohalarida hamda til taʼlimida olib borilayotgan tadqiqotlarga nazariy jihatdan muhim hissa qoʻshadi hamda kelgusi ilmiy izlanishlar uchun mustahkam asos boʻlib xizmat qiladi.

PDF
Open Access | Oktabr 2026 | 3 views

RUS VA INGLIZ TILLARIDA EVFEMIZM YASALISH STRATEGIYALARINING QIYOSIY TAHLILI

By: Shonosirova Mubina Ravshan kizi

Ushbu maqolada rus va ingliz tillarida evfemistik iboralarni hosil qilishda qo‘llaniladigan asosiy strategiyalarning qiyosiy tahlili keltirilgan. Tadqiqot mashhur tilshunoslarning nazariy ishlariga tayanadi, ingliz hamda rus evfemizmlar lug‘atlaridan olingan misollardan foydalanadi. Maqolada ikkala tildagi evfemizm yasalish usullarini solishtirish uchun miqdoriy va sifat tahlili, pragmatik va qiyosiy yondashuvlar kabi metodlar qo‘llanildi. Tadqiqot natijalari shuni ko‘rsatadiki, perifraz, metafora (istiora), metonimiya, o‘zlashtirish,umumlashtirish, shuningdek, so‘zni so‘zga almashtirish kabi usullar ikkala tilda ham deyarli bir xil darajada qo‘llanilishi kuzatildi. Qisqartma (abbreviatsiya) va litota (kamsitib yoki kamaytirib ko‘rsatish) rus tilining so‘z yasash morfologiyasi tufayli rus tilida ko‘proq qo‘llanilishi aniqlandi. Mubolag‘a va hazil-mutoyiba orqali evfemizm yasash usullari esa ingliz tiliga ko‘proq xos ekanligi kuzatildi. Olingan natijalar shuni ko‘rsatadiki, ikki til o‘rtasidagi farqlar tarjima jarayonida qiyinchiliklar tug‘dirishi mumkin, chunki bir tilda hosil bo‘lgan ba’zi evfemizm turlari boshqasida to‘g‘ridan-to‘g‘ri ekvivalentga ega bo‘lmaydi, bu esa tarjimondan muammoga muqobil yechim topishni talab qiladi.

PDF
Open Access | Oktabr 2026 | 3 views

KOGNITIV METAFORA BADIIY TAFAKKUR VOSITASI SIFATIDA: INGLIZ ADABIYOTI MATERIALLARI ASOSIDA

By: Raxmonova Farangiz Abdusattor qizi

Mazkur maqolada kognitiv metaforaning badiiy tafakkurni shakllantirish va adabiy matnda bilim tuzilmalarini ifodalashdagi oʻrni kognitiv tilshunoslik va kognitiv poetika nuqtayi nazaridan tadqiq etiladi. Anʼanaviy adabiyotshunoslikda metafora, asosan, obrazlilik va ekspressivlikni taʼminlovchi stilistik vosita sifatida talqin qilingan bir vaqtda, kognitiv yondashuv uni insonning voqelikni idrok etishi, mavhum tushunchalarni konseptuallashtirishi va mavjud bilimni yangi modellar asosida qayta tashkil etishiga xizmat qiluvchi tafakkur mexanizmi sifatida baholaydi. Tadqiqot materialida bir nechta ingliz asarlaridan tanlangan metaforik kontekstlar tahlil qilindi. Tadqiqotda konseptual tahlil, kontekstual tahlil, kognitiv–semantik modellashtirish, manba va maqsad domenlarini aniqlash metaforik birliklarni aniqlash usullaridan foydalanildi. Kognitiv metafora adabiy matnda tayyor bilimni ifodalash bilangina cheklanmay, oʻquvchi ongida yangi bilim tuzilmalarini faollashtiruvchi va matnning konseptual olamini qurishga xizmat qiluvchi vosita ekani asoslanadi. Shu bilan birga metaforaning tafakkur hosilasi ekanligi, uning ongimizda badiiy va estetik tasvir hosil qilishi oʻrganiladi. Kognitiv tilshunoslikning badiiy adabiyotda tutgan oʻrni va muallif uslubi izchil tahlil qilinadi. Konseptual metafora nazariyasi asosida ingliz adabiyotidagi materiallar oʻrganib chiqiladi.

PDF
Open Access | Oktabr 2026 | 2 views

INGLIZ VA OʻZBEK GAZETA SARLAVHALARIDA GIPONIM-GIPERONIM MUNOSABATLARINING PRAGMATIK-KOMMUNIKATIV VAZIFALARI

By: Jumabayeva Nargiza Odilbekovna

Ushbu maqolada ingliz va oʻzbek tillaridagi gazeta sarlavhalarida giponim-giperonim munosabatlarining pragmatik-kommunikativ vazifalari qiyosiy-funksional jihatdan tahlil qilinadi. Muammoning qoʻyilishi shundaki, sarlavhalarda giponim yoki giperonim tanlovi ortidagi axborotni siqish, voqeani aniqlashtirish, relevantlikni optimallashtirish va uslubiy taʼsir koʻrsatish kabi kommunikativ vazifalar ikki noqarindosh til qiyosida yetarlicha tadqiq etilmagan. Tadqiqotning maqsadi ushbu vazifalarning namoyon boʻlish nisbatini va lingvomadaniy-tipologik asoslarini aniqlashdir. Metodologiya komponent tahlil, funksional-pragmatik va qiyosiy-tipologik usullarni oʻz ichiga oladi. Tadqiqot materiali sifatida ingliz (Euronews, NBC News, PBS/AP) va oʻzbek (Kun.uz, Spot.uz, “Xalq soʻzi”) OAVlaridan olingan 11 ta real sarlavha tanlab olindi. Natijalar ikki tilda ham giperonimlar, birinchi navbatda, axborotni siqish va relevantlikni oshirishga xizmat qilishini koʻrsatdi. Biroq oʻzbek tilida giperonimlarga qoʻshimcha ravishda uslubiy-ekspressiv vazifa yuklanadi va koʻp bosqichli giponimik zanjirlar faol qoʻllanadi. Ingliz tilida esa bu vazifa asosan ixcham, nol yoki bir bosqichli modellar bilan cheklanadi. Xulosa qilib aytganda, giponimik zanjirlarning bosqichliligi ikki tilni farqlovchi asosiy funksional-tipologik parametr hisoblanadi. Tadqiqot natijalari jurnalistika, tarjimashunoslik va til oʻqitish amaliyotida yuqori qiymatga ega.

PDF
Open Access | Oktabr 2026 | 3 views

TURLI TILLARDAGI RANG NOMLARINING LINGVOMADANIY TAHLILI (INGLIZ, OʻZBEK VA RUS TILLARIDAGI TIL BIRLIKLARI MISOLIDA)

By: Matmurodov Xojimurod Abdusharif oʻgʻli

Ushbu maqola ingliz, oʻzbek va rus tillaridagi rang nomlarining lingvomadaniy mazmunini rang xususiyatiga ega frazeologik birliklar misollarida qiyosiy tahlil qiladi. Tadqiqotning maqsadi rang atamalari ishtirokidagi iboralarda kodlangan qiymat, emotsional baho va konseptual metaforalarni aniqlash hamda ularning madaniy motivatsiyasini izohlashdan iborat. Metodologiya korpusga asoslangan tanlash, komponent tahlil, konseptual-metaforik yondashuv, lingvomadaniy kommentariy va qiyosiy-semantik modellashtirishni birlashtiradi. Rang tushunchalari lingvistik hamjamiyat ichidagi qadriyatlar tartibi haqida muhim maʼlumotni ifodalashi va “dunyoning rangli tasviri” tushunchasiga hissa qoʻshishi bilan izohlanishi mumkin. Rangni madaniy tilshunoslik, xususan, uning tarmogʻi boʻlgan lisoniy kontseptologiya nuqtayi nazaridan tadqiq qilish maqsadga muvofiqdir. Maʼlumotlar bazasi sifatida uch tilning izohli va frazeologik lugʻatlari, ommaviy axborot matnlari hamda badiiy nasr namunalaridan tuzilgan 900 birlikli kartoteka qoʻllanildi. Rang frazeologizmlarida “baho spektri” va “madaniy indeks” tushunchalarini operatsion mezonlar bilan tavsiflash, shuningdek, uch tilda oq, qora, qizil, koʻk, yashil ranglarining simvolik xaritalarini solishtirma jadvalda rekonstruksiya qilishda ushbu tadqiqot ilmiy yangiligi namoyon boʻladi. Natijalar tarjima amaliyoti va madaniyatlararo kommunikatsiyada rangli iboralarni adekvat talqin qilishga xizmat qiladi.

PDF
Open Access | Oktabr 2026 | 2 views

FORMULALI BIRLIKLARNING TERMINOLOGIK ANIQLIGI VA KOGNITIV YONDASHUVLARI

By: Abdulxakova Dilafroʻz Shamsiddinovna

Ushbu maqolada zamonaviy tilshunoslikda faol qoʻllanilayotgan formulali til (formulaic language) tushunchasining oʻzbek tilshunosligidagi nazariy asoslari va terminologik ifodalanishi koʻrib chiqiladi. Tadqiqotning asosiy maqsadi bu formulali birliklarning kognitiv, pragmatik va diskursiv jihatlarini ochib berish, hamda ushbu nazariy yondashuvni oʻzbek ilmiy matnlariga qoʻllashdan iborat. Tadqiqotda kognitiv tilshunoslik, korpus lingvistikasi, freym semantikasi va konstruksion grammatika kabi zamonaviy tilshunoslik oqimlaridan metodologik asos sifatida foydalanildi. Tahlil davomida “qolipli ifodalar” atamasi formulali birliklarni asosan tuzilish-shakl nuqtayi nazaridan tavsiflanishi kabi xulosalarga kelindi. “Formulali ifodalar” atamasi esa ancha keng qamrovli boʻlib, bu birliklarning mental leksikonda (ong) tayyor holda saqlanishini, nutq jarayonida avtomatik tarzda ishga tushirilishini va kommunikativ vazifasini toʻliqroq aks ettiradi. Bundan tashqari, oʻzbek ilmiy diskursida tez-tez uchraydigan akademik formulalar aniqlanib, tizimlashtirildi va ularning matn ichidagi diskursiv vazifalari batafsil tavsiflandi. Tadqiqot natijalari shuni koʻrsatadiki, formulali til nazariyasini oʻzbek tilshunosligiga tatbiq etish nafaqat nazariy jihatdan, balki amaliy jihatdan ham muhim ahamiyat kasb etadi va bu yoʻnalish zamonaviy kognitiv hamda amaliy lingvistikaning istiqbolli sohalari qatoriga kiradi.

PDF
Open Access | Oktabr 2026 | 2 views

OʻZBEK VA NEMIS MAQOLLARIDA GOʻZALLIK KONSEPTINING PAREMIOLOGIK TADQIQI

By: Sadullayeva Sapura Batirbek qizi

Maqolada ingliz va o‘zbek tillaridagi leksik dubletlar qiyoslanadi. Asosiy e’tibor ularning ma’nolari qanday farqlanishiga va qo‘llanishi uslub hamda registrlar bo‘yicha qanday taqsimlanishiga qaratiladi. Har ikki tilda dubletlar asosan til aloqalari natijasida paydo bo‘lgan: ingliz tilida skandinav tillari, fransuz va lotin tillari bilan, o‘zbek tilida esa fors va arab tillari, keyinroq rus va boshqa Yevropa tillari bilan aloqalar orqali. Maqolada bir manbaga borib taqaladigan etimologik dubletlar hamda kelib chiqishi har xil, ammo ma’nosi bir xil yoki juda yaqin bo‘lgan sinonimik dubletlar farqlanadi. Material sifatida leksikologik va leksikografik manbalar hamda muallifning kontekstual misollari olindi. Tavsifiy, qiyosiy-tipologik, komponent va kontekstual tahlil metodlari qo‘llanildi. Natijada semantik variatsiyaning uch turi aniqlandi: to‘liq ajralish, qisman ajralish va uslubiy farqlanish. Har ikki tilda o‘xshash uch bosqichli funksional model ham ko‘rsatildi: o‘z qatlam so‘zlari kundalik neytral nutqda, ilk o‘zlashmalar adabiy va ta’sirchan nutqda, kitobiy o‘zlashmalar esa rasmiy, diniy, ilmiy va idoraviy nutqda qo‘llanadi. Shuningdek, absolyut dubletlar barqaror emasligi aniqlandi: ular yo ma’no jihatdan farqlanadi, yo iste’moldan chiqadi. Natijalardan leksikologiya o‘qitishda, ikki tilli leksikografiyada va ingliz hamda o‘zbek tillari o‘rtasidagi tarjimada foydalanish mumkin.

PDF