NEʼMAT AMINOV VA AZIZ NESIN HIKOYALARIDA BADIIY USLUB VA PSIXOLOGIK TASVIR MUAMMOSI
Authors: Haydarova Dilrabo Madiyor qizi
Published: Oktabr 25, 2026 • Vol. 3 Issue 13 • pp. 206–215 • Views: 3
Mazkur maqolada oʻzbek hajviy adabiyotining yirik vakili Neʼmat Aminov hamda turk adabiyotining mashhur satirigi Aziz Nesin hikoyalarida badiiy uslub va psixologik tasvir muammosi qiyosiy-tipologik metod asosida tahlil qilinadi. Maqolaning maqsadi ikki ijodkor asarlarida hajviy talqinning ichki psixologik va uslubiy mexanizmlarini aniqlash, ularning oʻxshash va farqli jihatlarini ilmiy asoslashdan iborat. Tadqiqotda psixoanalitik, formalistik va dialogik nazariy yondashuvlardan hamda qiyosiy-tipologik, germenevtik metodlardan foydalanildi. Neʼmat Aminovning “Qassob boboning iti”, “Soxta mehmon”, “Bashorat” va Aziz Nesinning “Ayiqning tashakkuri”, “Xoʻsh, nima boʻldi?”, “Fil Hamdu” hikoyalari tadqiqot korpusi sifatida tanlandi. Tahlil natijalari shuni koʻrsatdiki, Neʼmat Aminov ijodida “yopiq” kulgi modeli boʻlgan xalqona yumor, xarakter kulgililigi va maishiy detal orqali psixologik tasvir ustuvor boʻlsa, Aziz Nesin uslubida “ochiq” kulgi modeli mantiqiy nomutanosiblik, satirik-absurd tasvir va byurokratiyani keskin tanqid hukmronlik qiladi. Maqolada komiklikning psixologik asosi sifatida qahramon ongidagi ichki va tashqi holat oʻrtasidagi nomutanosiblik ilmiy dalillar bilan asoslandi. Komiklikning lingvopoetik tabiati hamda “identifikatsiya va masofa” tamoyiliga koʻra oʻquvchi bilan qahramon oʻrtasidagi reseptiv masofaning turlichaligi isbotlandi. Natijalar qiyosiy adabiyotshunoslik va komiklik nazariyasi sohasidagi tadqiqotlar uchun metodologik asos boʻlib xizmat qilishi mumkin.