“MAHBUB UL-QULUB” ASARINING FRANSUZ TILIGA TARJIMALARI TAHLILI
Authors: Botirova Soliyaxon Roʻzivoyevna
Published: Oktabr 25, 2026 • Vol. 3 Issue 13 • pp. 271–283 • Views: 3
Maqolada Alisher Navoiyning “Mahbub ul-qulub” asarining fransuzcha ikki tarjimasi boʻlgan, Fransua-Alfons Belinning 1866- yilgi “Moralistes orientaux” tarjimasi va Aleksandr Papasning 2018- yilda chop etilgan “Ainsi parlait le derviche” monografiyasi qiyosiy-tarjimashunoslik nuqtayi nazaridan oʻrganildi. Tadqiqotning maqsadi ikki nashrda asar tarkibining tanlanishi, muallif ovozi, nasr va nazm munosabati, diniy-tasavvufiy istilohlar hamda ijtimoiy obrazlarning fransuz tilida qayta ifodalanishini aniqlashdan iborat. Ishda semantik-kontekstual, qiyosiy tarjima, manbashunoslik va paratekstual tahlil usullari qoʻllandi. Bevosita uch tomonlama qiyosiy tahlil muqaddimaning har ikki fransuzcha talqinda uchraydigan segmentlariga qurildi. Qolgan qismlarda bob tanlovi, sarlavha tarjimasi va sharhlarning semantik vazifasi tekshirildi. Natijalarga koʻra Belin axloqiy-tasavvufiy boblarni kengroq tarjima qilib, terminlarni transliteratsiya, fransuzcha muqobil va sahifa osti izohi orqali ochganini koʻrsatdi. Papas esa birinchi qismdagi ijtimoiy qatlamlarni tarixiy kontekst bilan bogʻlab, nasr orasidagi nazmiy shaklni koʻproq saqlagan. Muqaddimadagi mushtarak parchalar tahlili Papasda kamtarlik ohangi va janriy almashinuv nisbatan toʻliqroq berilganini, ayrim birliklarda esa semantik siljish yuz berganini aniqladi. Tadqiqot tarjima yutugʻi va yoʻqotishi leksik tanlov bilan birga matn seleksiyasi, janriy tuzilish va ilmiy sharhda ham yuzaga kelishini asoslaydi.