“Komparativistika” ilmiy-elektron jurnali 2024-yil mart oyida tashkil qilingan, bir yilda to‘rt marta e’lon qilinadi. Ushbu jurnalda qiyosiy adabiyotshunoslik, chog‘ishtirma tilshunoslik, tarjimashunoslik, jahon adabiyoti, adabiyot nazariyasiga oid eng dolzarb maqolalar e’lon qilinadi.
2024-yil 18-aprelda jurnal uchun №258331 raqamli guvohnoma olingan. 2024-yil 26-iyunda 3060-4559 ISSN raqami berilgan. Jurnal OAK Rayosatining 12-fevral 2025-yildagi 365/7-son qarori bilan filologiya fanlari bo‘yicha doktorlik dissertatsiyalari asosiy ilmiy natijalarini chop etish tavsiya etilgan ilmiy nashrlar ro‘yxatiga kiritilgan.
Ushbu sondagi maqolalar
MUMTOZ MATN TARJIMASHUNOSLIKNING O‘ZIGA XOS OBYEKTI SIFATIDA
Mazkur maqolada mumtoz matn tarjimashunoslikning o‘ziga
xos obyekti ekanligi xususida ba’zi qaydlar haqida fikr-mulohaza
bildiriladi. Mumtoz matnlar tarjimasida qardosh o‘zbek-turkman,
qoraqalpoq, ozarbayjon adabiy aloqalarida Maxtumquli maqomi,
xususan mumtoz she’riy yoki nasriy matnlar tarjimasi, tarixi, ularni
ilmiy tadqiqot sifatida o‘rganish, adabiy-madaniy aloqalar tarixini
yoritishda, adabiy ta’sir shakllari, ularning o‘zaro diffuziyasi, adabiy
an’ana va unga munosabat masalalari ochib berildi. Shoir asarlari
tarjimasi borasida o‘zbek, qoraqalpoq, ozarbayjon olimlari katta
ilmiy natijalarni qo‘lga kiritgani va hozirga qadar Maxtumqulining
boy merosini o‘rganish va tarjima etish ishlari izchil davom
etayotgani dadalillandi va ularning poetik tasvir vositalari hamda
maʼno qatlamlarining oʻzaro uygʻunligi ochiqlandi.
Maqolada mumtoz matn tarjimashunoslikning o‘ziga xos
obyekti ekanligi, Maxtumquli asarlarini qardosh tillarga
tarjimalariga bildirilgan ba’zi mulohazalar tahlillangan. Maxtumquli
ijodidagi tasviriy ifodalar – obrazlarning badiiy uslub
shakllanishidagi oʻrni hamda poetik uygʻunlashuvi yoritilgan.
Shuningdek, ushbu maqolada qardosh tillar tarjimashunosligi adabiy
aloqalari ham uzoq tarixiy ildizlarga ega ekanligi, ushbu xalqlarning
umumiy madaniyati, tili va turmush tarzi bilan bog‘liqligi haqidagi
tadqiqotlar xususida ham bahs yuritildi
INGLIZ TILIDA MARKETING TERMINLARINING SO‘Z YASALISH XUSUSIYATLARI
Ushbu maqola zamonaviy ingliz tilidagi marketing
terminlarining so‘z yasalish xususiyatlarini o‘rganishga
bag‘ishlangan. Mavzuning dolzarbligi globallashuv sharoitida
marketing leksikasining jadal rivojlanishi, shuningdek, milliy
tillarda, xususan, o‘zbek tilida terminlarni o‘zlashtirish va
moslashtirishning faol jarayoni bilan izohlanadi. Ishda terminlar
shakllanishining asosiy yo‘llari va tuzilish modellari ya’ni,
affiksatsiya, konversiya, so‘z qo‘shish, kompressiya, qisqartma
yasash, hamda ularning umumiste’moldagi leksikadan
terminologik leksikaga o‘tishidagi semantik o‘zgarishlarining
o‘ziga xos jihatlari ko‘rib chiqilgan.
Maqolada ingliz moliya-iqtisod terminologiyasi
shakllanishining tarixiy-lingvistik omillarini ajratib ko‘rsatiladi,
bunda lotin, yunon, fransuz, italyan va nemis tillarining,
shuningdek, o‘zbek iqtisodiy terminologiyasi shakllanishida
vositachi sifatida rus tilining ta’sirini ta’kidlanadi. Rus tilida
ko‘pincha so‘z birikmalari yoki tasviriy iboralar orqali
ifodalanadigan murakkab (kompozit) marketing terminlari
tahliliga alohida e’tibor qaratilgan. Maqolada sifat + ot (backlist,
broadsheet), ot + ot (automaker, bangtail), predlog + ot
(aftermarket, offshore), fe’l + ravish (buyout, giveaway) kabi so‘z
yasovchi modellar batafsil ko‘rib chiqilgan bo‘lib, ularning
qo‘llanilish misollari va etimologik izohlari keltirilgan. Qiyosiy
tahlil asosida ingliz tili terminlarining tuzilishi bir xil emasligini
va ularning marketing tilida o‘ziga xos funksional xususiyatlariga
ega ekanligini xulosa qiladi. Tadqiqot materiali shuni ko‘rsatadiki,
marketing terminologik tizimining rivojlanishi ingliz tili leksik-
semantik dinamikasining umumiy tendensiyalarini aks ettiradi
hamda ichki va tashqi so‘z yasovchi omillarning o‘zaro uzviy
bog‘liqligi bilan tavsiflanadi.
JON STEYNBEKNING “CHARLI BILAN AMERIKA IZLAB SAYOHAT” ASARIDA SAYOHAT MOTIVLARINING TALQINI
Ushbu maqola Jon Steynbekning “Charli bilan Amerika
izlab sayohat” asaridagi yo‘l motivining asosiy tarkibiy-
semantik element sifatidagi vazifasini o‘rganish orqali
travelogning motivlar majmuasini tadqiq etishga
bag‘ishlangan. Ishning maqsadi sayohat motivining matn
poetikasini tashkil etishdagi o‘rni, badiiy vazifalari va
ma’nolarini aniqlash hamda muallifning milliy borliq haqidagi
qarashlarini shakllantirishdagi ahamiyatini ochib berishdan
iborat. Tadqiqotda qo‘llanilgan motiv tahlili asarning
individual-mualliflik, madaniy-tarixiy va an’anaviy janr
xususiyatlarining o‘zaro aloqadorligini kuzatish imkonini
berdi.
Tahlil natijalariga ko‘ra, Steynbek travelogidagi yo‘l
motivi o‘zaro bog‘liq motivlar - harakat, izlanish, qaytish,
adashish, yolg‘izlik, erkinlik va erksizlik majmuasida namoyon
bo‘ladi. Bu motivlar matnning ma’no tuzilishini yaxlit qilib,
muallifning ma’naviy izlanishlarini aks ettiradi. Sayohat
motivining shaxsning o‘zligini anglash va 1960-yillar boshi
Amerika voqeligini axloqiy baholash muammolari bilan
bog‘liqligi alohida e’tiborga olingan. Yo‘l motivi shaxsiy va
milliy-madaniy ma’nolarni birlashtiruvchi vazifani bajarib,
davr ijtimoiy ongidagi o‘zgarishlarni badiiy idrok etish
vositasiga aylanishi ko‘rsatib berilgan.
Xulosa qilinishicha, “Charli bilan sayohat” asaridagi
sayohat motivi nafaqat syujet rivojining asosi, balki inson,
madaniyat va millat taqdiri haqidagi falsafiy mushohada
shakliga aylanadi. Bu esa asarning dolzarbligini va unga
bo‘lgan tadqiqiy yondashuvning ahamiyatini belgilaydi.
BADIIY ADABIYOTDA LAKONIZMNING NAMOYON BOʻLISHI
Ushbu maqola nutqda va badiiy adabiyotda fikrlarni qisqa va
ixcham qilish sanʼati boʻlgan lakonizmning amaliyotda namoyon
boʻlishini tadqiq qiladi. Ushbu uslub qadim tarixga ega boʻlib,
jumlalarning qisqa, loʻnda va sermazmun boʻlishini taʼminlagan.
Xususan, bu uslubning tilshunoslik va adabiyotshunoslikdagi oʻrni va
ahamiyati toʻgʻrisida fikr yuritiladi va qiyosiy tahlil qilinadi.
Lakonizmning nazariy asoslari va uslubiy tamoyillari va alohida
xususiyatlari koʻrib chiqiladi. Lakonik uslub nafaqat badiiy adabiyotda,
balki lingvistikada ham koʻpgina olimlar tomonidan oʻrganilganligi va
misollar bilan toʻldirilganligi fikrimiz dalilidir. Yuqorida keltirilgan
maʼlumotlarga tayangan holda aytishimiz mumkinki, “qisqalik” yoinki
“lakonizm” atamasi nafaqat adabiyotshunoslik, balki tilshunoslik
sohasida ham keng tarzda qoʻllanilgan va hattoki maʼlum bir
tadqiqotning obyekti sifatida ham oʻrganilishi mumkin ekanligi
tadqiqot davomida ilmiy asoslangan holda yoritib berilgan. Shu bilan
birga tadqiqot jarayonida lakonik uslubning badiiy adabiyotda qay
holatda namoyon boʻlishi, qaysi janrlarning yaratilishida maʼlum
darajadagi unsur vazifasini bajarishi va qaysi uslublar uchun vositachi
boʻlib xizmat qilishi aytib oʻtiladi. Lakonik uslubning “minimalizm”,
“Aysber nazariyasi”, ellipsis, kompressiya hodisasi kabi atamalar bilan
oʻzaro aloqasi va oʻxshashliklari qiyosiy tahlil qilinadi. Bundan
tashqari badiiy adabiyotda lakonik uslub uchun qulay va munosib
boʻlgan janrlar ketma-ketligi koʻrib chiqiladi. Tadqiqot jarayonida
qiyosiy-tipologik va kontekstual tahlil usullaridan foydalanilgan.
FANTASTIK JANR TARAQQIYOTI: AFSONAVIY TASAVVURDAN ILMIY FARAZLARGA
Maqola fantastika janrining nazariy va tarixiy
rivojlanishini, uning afsonaviy va xalq ogʻzaki ijodi
anʼanalaridan zamonaviy fantastika va ilmiy-fantastik
adabiyotgacha boʻlgan yoʻlini oʻrganadi. Tsvetan
Todorov, Darko Suvin va Adam Robertsning asarlariga
asoslanib, tadqiqot fantastikani haqiqiylik va
gʻayritabiiylik orasidagi chegaradosh makon sifatida
taʼriflaydi, bu yerda mantiq va tasavvur tutashadi. Unda
ilmiy fantastika kognitiv begonalashuv orqali qanday
paydo boʻlgani va fentazi oʻz axloqiy va metafizik
qonunlariga boʻysunadigan mustaqil afsonaviy dunyolarni
qanday yaratgani koʻrib chiqiladi. Edgar Allan Poning
ilmiy mulohazalar va ijodiy taxminlar uygʻunligini
yaratish orqali dastlabki ilmiy-fantastik adabiyotni
shakllantirishdagi peshqadam roliga alohida eʼtibor
qaratiladi, bu keyinchalik Jyul Vern va Herbert Uells kabi
yozuvchilarni ilhomlantirgan. Asosiy subjanrlarni tahlil
qilish orqali maqolada fantastika ham bilish, ham estetik
maqsadlarga xizmat qilishi, oʻquvchilarga bilim, axloq va
inson ijodkorligi chegaralarini tadqiq etish imkonini
berishi taʼkidlanadi.
FOLKLOR MADANIY XOTIRA SIFATIDA: INGLIZ MILLIY O‘ZIGA XOSLIGINI ADABIYOTDA QAYTA TASVIRLASH
Ushbu tadqiqot ingliz folklori, milliy o‘ziga xoslik va
adabiy madaniyat o‘rtasidagi o‘zgaruvchan va dinamik
munosabatlarni uch xronologik davrda: ilk zamonaviy, o‘n
to‘qqizinchi asr va zamonaviy davrlarda o‘rganadi. Tadqiqotda
sifatli kontent-tahlil va tarixiy-qiyosiy metodga asoslangan
aralash metodlar tadqiqot metodologiyasidan foydalanildi.
Tahlilning maqsadi folklorning vaqt o‘tishi bilan madaniy
qadriyatlarni qanday saqlab qolgani, rivojlangani va
kodlashtirganini ko‘rsatishdir.
Har uchala davrda ham axloqiy qadriyatlarning barqaror
ifodalanishi folklorning axloqiy funksiyasi davomli va barqaror
bo‘lganligini ko‘rsatadi. Adabiy ta’sir XIX asrda eng katta ta’sir
ko‘rsatdi, folklor xarakteri va hikoya tipologiyasining ishchi
hayotini kuzatdi, bu esa o‘zgargan shaklda davom etmoqda.
Ushbu tadqiqotda folklorshunoslikdagi davrlar
o‘rtasidagi oraliq hamda ta’lim va madaniyat makoni sifatidagi
munozaralar ko‘rib chiqiladi. Ushbu tadqiqot shuni ko‘rsatadiki,
folklor madaniy xotira va o‘ziga xoslikni vositachilik va
vositachilik orqali ifodalashda muhim rol o‘ynagan va
o‘ynamoqda. Ushbu tadqiqotda cheklovlar, jumladan juda
kichik namuna va etnografiya hamda dala tadqiqotlari nuqtai
nazarlarining yetishmasligi kuzatildi. Ushbu tadqiqot
zamonaviy ko‘p madaniyatli jamiyatlarda folklorga qarash va
folklordan ijtimoiy integratsiya va meros ta’limini qo‘llab-
quvvatlash vositasi sifatida yanada zamonaviy foydalanish
bo‘yicha keyingi tadqiqot maydonlarini ochib berdi.
OʻZBEK VA INGLIZ TILLARIDA LAQABLARNING TARQALISH OMILLARI
Barcha tillarning lug‘aviy boyligi tarkibida albatta
antroponimlar mavjud bo‘lib, ular insonlarni farqlashda va
o‘ziga xos xususiyatlarini ifoda qilishda yordam beradi. Aynan
antroponimlarning bir turi bo‘lgan laqablar ham foydalanuvchi
xalqning milliy qadriyatlari va elatlarning bir-biriga bo‘lgan
o‘zaro munosabatlarini ko‘rsatib beradi. Asrlar davomida
tillarning shakllanish jarayoni bilan birgalikda laqablarning ham
shakllanib, tarqalishi qadim asrlarga borib taqaladi. Ushbu
maqola o‘zbek va ingliz tillarida laqablarning tarqalish
omillarini qiyosiy-nazariy yondashuv asosida tahlil qiladi.
Tadqiqotning maqsadi laqablarning shakllanishi va
ommalashuviga ta’sir etuvchi madaniy, ijtimoiy va tarixiy
determinantlarni aniqlashdir. Metodologiya sifatida qiyosiy-
tipologik, tarixiy-deskriptiv, diskursiv-pragmatik va onomastik
tahlil usullari qo‘llandi. Natijalar shuni ko‘rsatadiki, ikkala til
ham kasb-hunar, hududiy va mediatizatsiya omillarida
o‘xshashliklarini namoyon etadi. Farqlar esa urug‘, qabila asosli
laqablarning o‘zbek tilida son jihatdan ustunligi, ingliz tilida esa
siyosiy-medianing ta’sirida shakllangan laqablar ko‘p
uchrashida ko‘rinadi. Shuningdek, internet muhitida o‘z-o‘zini
nomlash laqablarning tarqalishning xususiyati zamon
ko‘rsatkichlarida yoritildi. Laqablar madaniy identifikatsiya va
ijtimoiy navigatsiyaning barqaror vositasi bo‘lib, global axborot
maydoni sharoitida ham funksional moslashuvchanlikni saqlab
qolayotgani ta’kidlanadi.
BOLALAR ADABIYOTIDA XALQ ERTAKLARI FUNKSIYALARINING OʻRNI
Mazkur maqola xalq ertaklari bajargan funksiyalarning
bolalar adabiyotida tutgan oʻrni, bolalar maʼnaviy kamoloti, yaʼni
ular tafakkuri, ijodiy rivojlanishi, lugʻat boyligining oshishi, yozma
va ogʻzaki savodxonlik, bolalarda shakllanadigan madaniy
muloqotga taʼsirining ilmiy-nazariy tadqiqiga bagʻishlangan. Xalq
ertaklarining millat maʼnaviyatiga koʻrsatgan jiddiy taʼsiri, avvalo,
uning bajaradigan qator vazifalari bilan bogʻliq. Bu vazifalarning
har biri bola estetik didi va maʼnaviyati, tafakkuri va tasavvur
olamini boyitishga, rivojlantirishga ayricha taʼsir koʻrsatadi.
Ertklarning didaktik, psixologik, ijtimoiy, evristik, badiiy bashorat,
estetik, gedonistik, gender tengligini amalga oshirish,
kommunikativlik kabi qator vazifalari bolaning shaxs sifatida
shakllanishiga taʼsir koʻrsatish barobarida uni madaniy muloqotga
oʻrgatadi. Bu esa bolaning madaniyatli shaxs sifatida qaror
toptiriadi.
Xalq ertaklari millatning maʼnaviy mulki sifatida asrlar
davomida bolalarning va kattalarning tasavvur doirasini
kengaytirib, ijodkorlik, tanqidiy fikrlash va axloqiy qadriyatlarni
shakllantirishda ijobiy taʼsir koʻrsatib kelgan. xalq ertaklaribola
xayolot dunyosini kengaytirishga, ularda ijodkorlik qobiliyatini
oshirishga, jamiyat voqea-hodisalariga faol munosabat
bildirishdagi oʻziga xoslikka ijobiy taʼsir koʻrsatadi. Bu esa
ertaklarning bola tafakkuri va ijodiy rivojlanishini qoʻllab-
quvvatlashda jiddiy ahamiyat kasb etayotganini bildiradi.
HISOB SOʻZLARNING QIYOSIY TAHLILI: FORS VA OʻZBEK TILLARIDA LINGVOMADANIY OʻZIGA XOSLIK
Ushbu maqolada fors va oʻzbek tillarida hisob soʻzlarning
lingvomadaniy tabiati qiyosiy yondashuv asosida tahlil qilinadi.
Tadqiqotning asosiy maqsadi — hisob soʻzlarni nafaqat grammatik birlik
sifatida, balki millat tafakkuri, qadriyatlari va turmush tarzini ifodalovchi
lingvomadaniy fenomen sifatida ilmiy jihatdan oʻrganishdir. Maqolada
qiyosiy-tarixiy, lingvomadaniy, semantik-struktur va tarjima metodlari
uygʻun qoʻllanilib, fors va oʻzbek tillarida sanash tizimlarining shakl,
mazmun hamda madaniy konnotatsiyalari tahlil etilgan.
Tadqiqot natijalariga koʻra, ikki tilda odamlarni sanash uchun
nafar/kas, hayvonlarni sanash uchun bosh/sar, predmetlarni sanash uchun
dona/tā kabi birliklar umumiylikni tashkil etadi. Shu bilan birga, oʻzbek
tilida xalqona birliklardan - chimdim, hovuch, qultum faol ishlatilsa, fors
tilida koʻproq standart birliklar - kilū, litr, metr ustunlik qiladi. Bu farqlar
ikki xalqning ijtimoiy-maishiy hayoti va madaniyatida aks etuvchi tafakkur
xususiyatlarini namoyon etadi.
Muallif shuningdek, badiiy matnlarda hisob soʻzlarning estetik
vazifasini ochib beradi. Alisher Navoiy, Hofiz va Saʼdiy kabi adiblarning
asarlarida “bir tomchi yosh”, “yek dast gol”, “do qatra āb” kabi ifodalar
xalqning hayotiy tajribasi, estetik didi va milliy poetik tafakkurining tildagi
ifodasini koʻrsatadi. Shundan kelib chiqib, maqolada hisob soʻzlar milliy
oʻzlik va madaniy identifikatsiyaning lingvistik belgisi sifatida talqin
qilinadi.
Tadqiqotning ilmiy yangiligi shundaki, unda fors va oʻzbek
tillaridagi numerativlar ilk bor lingvomadaniy, semantik va badiiy-estetik
jihatdan kompleks tarzda tahlil etilgan. Natijada, hisob soʻzlar grammatik
kategoriya boʻlish bilan birga, xalq tafakkuri, qadriyati va hayot
manzarasini ifodalovchi madaniy kod sifatida baholanishi ilmiy asoslab
berilgan.
ASLIYAT VA TARJIMA JARAYONIDA MAZMUNIY SILJISHLAR
Mazkur maqolada avvalo, asliyat va tarjima o‘rtasidagi asosiy
tafovutlar, ikki lisoniy sistemani chog‘ishtirish, shuningdek, asl nusxa
tilida mavjud bo‘lgan axborot vositalarining tarjima tilida mavjud
emasligi, asl nusxa tilida mavjud bo‘lmagan axborot vositalari tarjima
tilida mavjudligi, ikki tilning qaysi axborot vositalarini taxminan
ekvivalent hisoblasa bo‘lishi kabi bir qancha muammolar, ularni ilmiy
tadqiqot sifatida o‘rganish, adabiy-madaniy aloqalar tarixini
yoritishda, adabiy ta’sir shakllari, ularning o‘zaro diffuziyasi, adabiy
an’ana va unga munosabat masalalari ochib berildi. Maqolada tarjima
imkon qadar asl matnga yaqin va to‘g‘ri bo‘lishi kerakligi, she’riy
asarlar tarjimasida ekviritmiyaga ham e’tibor qilish kabi dolzarb
muammolar tadqiq qilinadi. Shuningdek, tarjima nafaqat tilshunoslik,
balki adabiyotshunoslik, jumladan – qiyosiy adabiyotshunoslik
obyekti ekanligi haqidagi fikrlar asoslanib, ilgari suriladi. Xullas,
asliyat ruhini imkon qadar to‘g‘ri va to‘la aks ettiradigan tarjima
matnini yaratish uchun tarjimon ham talantli badiiy so‘z ustasi, ham
iste’dodli tarjimashunos olim bo‘lishi kerakligi va unga munosabat
masalalari tadqiq qilindi. Mazkur maqolada asliyat va tarjima
tillarining uslubiy hamda grammatik tizimidagi tafovutlar tarjimaning
adekvatlik darajasini belgilovchi omil sifatida talqin qilinib, ularni
hisobga olish zarurligi qat’iy ta’kidlanadi.
“MIDDLEMARCH” VA “ANNA KARENINA” ASARLARI QIYOSIY TAHLILI
Mazkur maqolada Lev Tolstoyning “Anna Karenina” hamda Jorj
Eliotning “Middlemarch” romanlari oʻzaro qiyosiy tahlil qilinadi. Ikkala
asar ham XIX asr realizmining yuksak namunasi sifatida, insoniy
munosabatlar, jamiyat va shaxs oʻrtasidagi murakkab aloqalarni badiiy
tarzda yoritib beradi. “Middlemarch” romanida ingliz jamiyatining
ijtimoiy-siyosiy hayoti, turli tabaqa vakillarining orzu-intilishlari hamda
maʼnaviy izlanishlari koʻrsatilsa, “Anna Karenina” asarida rus jamiyatidagi
axloqiy qadriyatlar, oilaviy munosabatlar va muhabbatning fojiaviy
oqibatlari tasvirlanadi. Shunga qaramay, har ikkala roman ham ayol obrazi
orqali jamiyatdagi cheklovlarni ochib beradi: Doroti va Anna timsollari oʻz
davri ayollari erkinligining cheklanishini ifodalaydi. Farqli jihat shundaki,
Eliot ijtimoiy islohot va maʼrifatparvarlik ruhiga urgʻu berar ekan, Tolstoy
insoniy ehtiroslar va axloqiy masʼuliyat toʻqnashuvini markazga qoʻyadi.
Maqolada ushbu oʻxshash va farqli jihatlar tahlil qilinib, romanning
universal gʻoyalari hamda milliy xususiyatlari ochib beriladi. Ushbu ikki
realizm yoʻnalishida yozilgan asarlar bir zamon va turli makonda yozilgan
boʻlsa-da, bir qancha oʻxshash voqea hodisalar va qahramonlarga egadir.
Asosan, romanlardagi jamiyat qonun - qoidalari, shaxsiy va ruhiy
psixologik kechinmalar, ayollar obrazlaridagi farqli va oʻxshashliklar
ifodalangan.
XX ASR BIRINCHI YARMI AQSH ADABIYOTIDA “JANUB RENESSANSI” FENOMENI: ADABIY MUHIT VA JARAYONLAR
Ushbu maqolada XX asrning birinchi yarmida AQSH
janubiy mintaqasida yuzaga kelgan “Janub Renessansi” davrining
mohiyati, uning adabiy muhit va jarayonlari batafsil tahlil qilinadi.
Tadqiqotda “Janub Renessansi”ning paydo boʻlishiga sabab
boʻlgan tarixiy, ijtimoiy va siyosiy omillar oʻrganilib, janubiy
oʻlkalarning oʻziga xos madaniyati, anʼanalari hamda u yerda
yashovchi xalqning tajribalari qanday qilib adabiy jarayonlarga
taʼsir qilgani koʻrsatib beriladi. Maqolada janublik yozuvchilarning
ijodi va ularning asarlari, janubiy mintaqaning milliy va madaniy
identifikatsiyasini shakllantirishdagi roli, shuningdek, ularning
oʻsha davrdagi irqiy, ijtimoiy va madaniy stereotiplarga qarshi
chiqishi tahlil qilinadi. Bundan tashqari, “Janub Renessansi”
davrining AQSH adabiy rivojlanishidagi oʻrni, uning milliy
madaniyat va regionalizmga qoʻshgan hissasi, shuningdek, ijtimoiy
oʻzgarishlar va tarixiy jarayonlar bilan bogʻliqligi haqida fikr
yuritiladi. Tadqiqotda adabiyot va mintaqaning siyosiy-iqtisodiy
sharoitlari oʻrtasidagi murakkab aloqalar, hamda bu harakatning
bugungi zamon Amerika adabiyotidagi oʻrniga urgʻu beriladi.
Shunday qilib, maqola “Janub Renessansi” fenomenining
adabiy va madaniy jarayonlar, shuningdek, Amerika janubining
tarixiy oʻziga xosliklari nuqtayi nazaridan chuqur tahlilini taqdim
etadi, shuningdek, uning zamonaviy Amerika adabiyotidagi
ahamiyatini yoritib beradi.
OʻZBEK ADABIYOTIDA POSTKOLONIAL YONDASHUV, MARGINALIZM VA NEKROSIYOSAT FENOMENLARINING IFODALANISHI
Ushbu maqolada oʻzbek adabiyotidagi postkolonial
yondashuv, marginalizm va nekropolitika hodisalarining
oʻzaro bogʻliqligi hamda ularning badiiy ifodasi tahlil
qilinadi. Milliy adabiy tafakkurda mustamlaka davrining
ijtimoiy-madaniy hayotga koʻrsatgan taʼsiri va oqibatlari aks
ettirilganligi koʻrsatib beriladi. Tadqiqotning metodologik
asosi sifatida Ashil Mbembe, Edvard Said, Homi Bhabha va
Gayatri Spivakning nazariy qarashlari tanlangan. Asarlar
tahlilida Sherzod Komil Xalil ijodi, xususan, “Oʻlim
labirinti”, “Biz yoʻq boʻlamiz”, “Soqov baliqlar” va “Odam
atoning soʻnggi avlodi” asarlari markaziy oʻrinni egallaydi.
Natijalar shuni koʻrsatadiki, bu asarlarda
mustamlakachilikning oqibatida yuzaga kelgan insonning
ijtimoiy izolyatsiyasi, “oʻzgachalik” tuygʻusi va oʻlim
siyosatiga mahkumligi badiiy tarzda ifodalangan. Muallif
global nekropolitika kontekstida shaxsiy va milliy
marginallikni ochib beradi. U sobiq mustamlaka hududlarda
etnik ozchilikni tashkil etgan va oʻlim oldida turli yoʻllar
bilan “izolyatsiya qilingan” xalqlar taqdirini yoritadi. Xulosa
qilib aytganda, postkolonializm, marginalizm va
nekropolitika tushunchalari bir-birini toʻldiruvchi nazariy
yoʻnalishlar boʻlib, ular oʻzbek adabiyotida shaxs va
hokimiyat, hayot va oʻlim, markaz va periferiya
munosabatlari tahliliga yangicha ilmiy yondashuvni ifoda
etadi.
MIKROMAKONNI IFODALASHDA BADIIY DETALNING ADABIY-ESTETIK VAZIFASI
Maqolada mikromakon tushunchasiga chuqurroq izoh berish, uni
ifodalashda badiiy detal turlarining bir-biri bilan uzviyligini tahlil qilish orqali
voqelikning badiiy tasvirini yaratishda ularning adabiy-estetik vazifasi
muhokama qilingan. Zamonaviy adabiyotshunoslikda tur va janridan qatʼi nazar
badiiy asar semantik maydonidagi badiiy makonning oʻrni va ahamiyatiga
eʼtibor berish – asar gʻoyasi va qahramonlari tabiatidagi hamda yozuvchi
falsafiy qarashlaridagi qudratli toʻlqinlarning asosini tashkil etadi. XX asr oxiri
va XXI asrdagi bu taxlit yondashuv dispozitsiyani kompozitsiyaga aylantirish,
anʼanaviy tarzda qahramonni muayyan makon va zamondagi voqealar
talotumlarida gavdalantirish, xarakterlarning tadrijiy dinamikasini
shakllantirish va bunga taʼsir etgan estetik omillarni yoritishda yangicha badiiy
tizimni yuzaga keltirdi. Zamon, makon va tafakkurning cheksiz hududlari
badiiy qamrovida adiblarning modernistik va postmodernistik anʼanalardan
mohirona foydalanishlari insoniyat tafakkurini oʻzgartirishga qodir asarlarning
yaralishiga sabab boʻldi. Maqolada portret, peyzaj, psixologik detallar orqali
qahramon ruhiy holati, ichki kechinmalariga, qolaversa, asar syujetiga taʼsiri
Heminguey va Aytmatov qissalari misolida tahlil qilingan. Shuningdek,
adabiyotshunoslar tomonidan olib borilgan ilmiy ishlarda badiiy makon
haqidagi fikr va qarashlarga munosabat bildirilgan.
Tadqiqotning asosiy vazifalaridan biri – Ernest Heminguey va Chingiz
Aytmatov asarlarida peyzaj, portret va predmet detallari orqali mikromakonni
qay darajada ochib berilganini, ikki adibning ushbu detallardan foydalanishda
uslubidagi oʻxshash va farqli jihatlarni izohlashdan iborat. Ushbu maqolada
qiyosiy-tarixiy, psixologik va sistem-struktur tahlildan unumli foydalanilgan.
MAKON VA ZAMON TUSHUNCHALARINING NAVOIY VA SHEKSPIR ASARLARIDAGI BADIIY INʼIKOSI
Ushbu maqola oʻzbek mumtoz adabiyotining buyuk vakili
Alisher Navoiy va ingliz adabiyotining dahosi Uilyam Shekspir
ijodida makon va zamon tushunchalarining badiiy-estetik talqinini
tahlil qilishga bagʻishlangan. Tadqiqotda makon va zamon
kategoriyalarining falsafiy mohiyati, ularning badiiy tafakkurdagi
oʻrni hamda adabiy matnda vaqt va joyni ifodalovchi lingvopoetik
vositalar izchil oʻrganilgan.
Maqolada zamonning ontologik va estetik qirralarini – real
(taqvimiy) vaqt va badiiy (adabiy) vaqt shakllarini farqlab, Navoiy
va Shekspir asarlarida vaqt va makonning badiiy talqini orqali inson
taqdiri, ruhiy kechinma, jamiyat va tabiat oʻrtasidagi uygʻunlikni
yoritilgan. Navoiyda vaqt tushunchasi “umr”, “taqdir”, “davr” kabi
tushunchalar bilan chambarchas bogʻliq boʻlib, u inson umrining
oʻtkinchiligi, maʼnaviy kamolot va ilohiy iroda bilan aloqada
tasvirlanadi. Shekspirda esa vaqt faol dramatik unsurga aylanadi –
u harakat, oʻzgarish va insoniy fojeaning bosh omiliga aylangan.
Maqolada zamonning til va madaniyatdagi ifodasi turli
darajalarda – leksik, grammatik, frazeologik va deyktik vositalar
orqali tahlil qilinadi. Ingliz tilida zamon kategoriyasining 12-16
shaklli tizimi hamda ularning oʻzbek tiliga tarjimadagi semantik
mosliklari, tarjimada vaqtning semantik noaniqligi muammosi ham
yoritilgan. Tadqiqot natijalari badiiy asar tahlilida zamon va makon
birliklarini faqat adabiy kategoriya emas, balki madaniy-falsafiy
paradigma sifatida oʻrganish zarurligini koʻrsatadi.
TERMINOLOGIZATSIYA ZAMONAVIY TILSHUNOSLIKNING MUHIM HODISASI SIFATIDA (FRANSUZ VA OʻZBEK TILIDAGI AKT TERMINLARI MISOLIDA)
Ushbu maqolada zamonaviy tilshunoslikning dolzarb
masalalaridan biri – terminologizatsiya jarayoni fransuz va oʻzbek
tillaridagi AKT (Axborot-kommunikatsiya texnologiyalari) terminlari
misolida har tomonlama tahlil qilinadi. Tadqiqotning asosiy maqsadi —
umumxalq leksikasining ilmiy-texnik terminlarga aylanish mexanizmini,
bu jarayonning lingvistik, semantik hamda funksional xususiyatlarini
aniqlashdan iborat. Terminologizatsiyani til taraqqiyotining tabiiy bosqichi
sifatida baholab, soʻzlarning yangi ijtimoiy-texnologik kontekstda
torayishi, kengayishi, metaforik yoki metonimik maʼno oʻzgarishlari orqali
terminologik birlikka aylanishini koʻrsatiladi. Tadqiqotda funktsional-
semantik yondashuv, komponent analizi hamda Mednikova,
Lopushanskaya va Kabakchi singari tilshunoslarning nazariy qarashlariga
tayanilgan. Shuningdek, terminologizatsiya jarayonining tarjima, bilingval
korpuslar yaratish va xalqaro ilmiy kommunikatsiyada tutgan oʻrnini
yoritiladi. Fransuz va oʻzbek tillaridagi AKT terminlarining tahlili fanlararo
integratsiya va texnologik madaniyat oʻsishini til orqali kuzatish imkonini
beradi.
Tadqiqot natijalariga koʻra, terminologizatsiya nafaqat lingvistik,
balki kognitiv va madaniy jarayon boʻlib, u tilni yangilash, ilmiy tafakkurni
boyitish va global muloqot uchun yagona terminologik tizimni
shakllantirishda muhim rol oʻynaydi. Shu bois, maqolada ushbu hodisaning
leksik-semantik, madaniy va kommunikativ aspektlari oʻzaro uygʻunlikda
ochib berilgan.
TIJORIY VA SIYOSIY REKLAMA SHIORLARIDA MUNOSABATLARNI IFODALOVCHI LINGVOPRAGMATIK VOSITALAR
Ushbu maqola tijorat va siyosiy reklama shiorlaridagi
munosabatni ifodalovchi lingvopragmatik vositalarni tadqiq etadi.
Tadqiqotning dolzarbligi zamonaviy jamiyatda reklama va siyosiy
kommunikatsiyaning ommaviy ongni shakllantirish va
boshqarishdagi kuchli taʼsiri bilan belgilanadi. Reklamaning
lingvopragmatik xususiyatlari borasidagi tadqiqotlar hali yetarli
darajada rivojlanmaganligi ishning ilmiy yangiligini koʻrsatadi.
Tadqiqotning maqsadi reklama shiorlarida qoʻllaniladigan
lingvopragmatik vositalarning munosabat ifodalashdagi rolini
aniqlash, tijorat va siyosiy reklamalar oʻrtasidagi oʻxshashlik va
farqlarni ochib berish. Tadqiqot metodologiyasi kontekstual,
lingvopragmatik, qiyosiy-tipologik tahlil va korpus tilshunoslik
usullarini oʻz ichiga oladi. Tadqiqot natijasida tijorat reklamasida
imperativ konstruksiyalar ustunlik qilishi, siyosiy shiorlarda esa
tasdiqlovchi deklarativ bayonotlar koʻproq qoʻllanilishi aniqlandi.
Leksik jihatdan tijorat reklamalarida mavhum ijobiy atamalar,
siyosiy reklamalarda qiymatga yoʻnaltirilgan atamalar ustunligi
koʻrsatildi. Ritorik figuralar (metafora, antiteza, giperbola) hamda
pragmatik vositalar (presuppozitsiyalar, implikatsiyalar, deyksislar)
taʼsir mexanizmlari tahlil qilindi. Tadqiqot natijalari reklama
matnlarini yaratish va tahlil qilishni takomillashtirish, munosabat
ifodalovchi til vositalari haqidagi bilimlarni chuqurlashtirish,
shuningdek, pragmatik taʼsir mexanizmlarini hisobga olgan holda
samarali shiorlar yaratish boʻyicha metodologik qoʻllanmalar ishlab
chiqish imkonini beradi.
OYBEK ASARLARI TARJIMALARIDA TOVUSHGA TAQLID SOʻZLARNING BERILISHI
Ushbu maqolada Oybekning “Qutlugʻ qon” va “Navoiy”
romanlaridagi tovushga taqlid soʻzlar (onomatopeya) badiiy ifodaning
muhim elementi sifatida tahlil qilingan. Mazkur soʻzlarning asardagi
vazifasi voqealar va qahramonlar ruhiyatini jonlantirish, sahnalar
dinamikasini kuchaytirishdir. Maqolada onomatopeyalarning asliyat
matnida va turk tilidagi tarjimalarida berilishi, ular orqali badiiy uslub va
fonetik boylikning qanday saqlangani yoki qisqargani ilmiy asosda koʻrib
chiqiladi. Tarjimalarda mazmuniy ekvivalentlik koʻp hollarda saqlansa-da,
tovushga taqlid soʻzlarning oʻziga xos ohang va hissiyotini toʻliq
yetkazishda qiyinchiliklar yuzaga kelishi aniqlangan. Shuningdek, tarjima
jarayonida baʼzan fonetik va uslubiy jihatdan boy ifodalar kamroq aks
etishi kuzatiladi. Bu esa, asarning badiiy mazmun jihatidan toʻlaqonli
tarjima vazifasini bajarmasligiga olib keladi. Tadqiqotda onomatopeyaning
tarjimada yuzaga keladigan qiyinchiliklari va badiiy mahorat bilan
yetkazilishining ahamiyati taʼkidlangan. Bu holat tarjima nazariyasi va
amaliyoti, shuningdek, adabiy tarjima uchun dolzarb masala ekanligi
koʻrsatilgan. Maqola tovushga taqlid soʻzlarning badiiy-maʼnaviy
vazifasini, tarjimada mazmuniy va fonetik ekvivalentlikni saqlash
muammolarini yoritadi.
Oybek asarlaridagi onomatopeyalar tarjimada mazmuniy
ekvivalentlikni asosan taʼminlagan boʻlsa-da, fonetik va stilistik rang-
baranglik koʻpincha qisqarib qoladi. Bu esa oʻzbek tilidagi onomatopeyalar
ritm va ohangdorlikni kuchaytiruvchi badiiy vosita sifatida koʻproq
imkoniyatlarga ega ekanini koʻrsatadi.
SHARQ VA GʻARB JAHON ADABIYOTIDA EPISTOLYAR JANR
Ushbu maqolada Sharq va Gʻarb adabiyotida epistolyar
janrning tarixiy shakllanishi, estetik va ijtimoiy-falsafiy mazmuni
qiyosiy tahlil etilgan. Maqolada qadimiy Xitoy, Hindiston, Fors,
Yapon hamda Yevropa adabiyoti namunalari asosida maktub
shaklidagi asarlarning badiiy va maʼnaviy xususiyatlarini yoritadi.
Tadqiqotda tarixiy-tipologik, madaniy-komparativ va
manbashunoslik tahlil metodlari qoʻllanilgan. Sharq adabiyotida
epistolyar janrning axloqiy, sufiylik va maʼnaviy-ruhiy gʻoyalarni
ifoda etish vositasi sifatida shakllangani, Gʻarb adabiyotida esa u
shaxsiy tajriba va falsafiy tafakkurni ifodalovchi mustaqil badiiy janr
darajasiga koʻtarilgani koʻrsatib oʻtiladi. Xitoy adabiyotida Su Shi,
Fors adabiyotida Jaloliddin Rumiy, Yevropa adabiyotida Seneka,
Russo, Richardson, Gyote singari ijodkorlarning epistolyar merosi
misolida janrning koʻp qirrali tabiati yoritiladi. Bugungi raqamli
davrda ham epistolyar janrning oʻz ahamiyatini yoʻqotmaganini,
elektron xatlar, blog va onlayn yozishmalar shaklida yangi
zamonaviy koʻrinishlar kasb etayotganini taʼkidlanadi. Shuningdek,
maqolada epistolyar janrning til, uslub va estetik ifoda vositalaridagi
erkinlik, samimiylik hamda muallif shaxsiyatining toʻliq namoyon
boʻlishi kabi jihatlar ilmiy asosda tahlil qilinadi. Tadqiqot natijasida
epistolyar janr insoniyatning ruhiy, ijtimoiy va madaniy taraqqiyotida
muhim oʻrin tutuvchi, adabiy jarayonning ajralmas qismi sifatida
eʼtirof etiladi.
INGLIZ VA OʻZBEK TILLARIDAGI PSIXOLOGIYA LEKSIK BIRLIKLARINING SINTAKTIK MUNOSABATLARI TADQIQI
Muayyan soha leksik birliklarini tadqiq qilish tilshunoslikning
muhim masalalaridan biri hisoblanadi. Shu borada, bunday leksik
birliklarning derivatsiya masalalarini tadqiq etish ham ayniqsa muhim
hisoblanadi. Psixologiya sohasi jahon miqyosida va mamlakatimizda ham
rivojlanib bormoqda. Har qanday soha rivojlanar ekan, oʻsha soha leksik
birliklari va terminlari ortib boradi. Bu esa oʻz navbatida ularni tartibga
solishni taqozo etadi. Maqola terminlarning yasalish usullaridan biri
boʻlgan sintaktik derivatsiya orqali ingliz va oʻzbek tillaridagi psixologiya
leksik birliklarini yasalishiga qaratilgan. Bunda ingliz va oʻzbek tillaridagi
psixologiya leksik birliklarini yasashdagi asosiy ikkita modeli: ot+ot va
sifat+ot modellari misollar orqali tadqiq etiladi. Ushbu modellar ichiga
kiruvchi bogʻlanish turlari ham misollar bilan tahlilga tortiladi. Ot+ot
modeli uch xil bogʻlanishda tahlilga tortilgan boʻlsa, sifat+ot modeli ikki xil
bogʻlanish usulida tahlilga tortilgan. Misollar orqali chogʻishtirilayotgan
tillardagi oʻxshashliklar va farqli jihatlar aniqlanadi. Tadqiqotni amalga
oshirish uchun komponent tahlil, distributiv tahlil, tipologik va statistik
tahlil metodlaridan foydalanilgan. Ushbu maqolaning asosiy maqsadi ingliz
va oʻzbek tillaridagi psixologiya sohasiga oid leksik birliklarning sintaktik
derivatsiyasini chogʻishtirma tadqiq qilishdan iborat. Ular oʻrtasidagi oʻziga
xos sintaktik munosabatlar aniqlanar ekan, tadqiq qilinayotgan tillardagi
leksik birliklar tasniflanishi va tartibga solinishiga katta hissa qoʻshiladi.
ROBOTOTEXNIKA SOHASIGA OID TERMINLARNING DIAXRON TADQIQI
Ushbu maqolada robototexnika sohasidagi terminlarning tarixiy
shakllanishi, rivojlanish bosqichlari va ularning ingliz, rus hamda oʻzbek
tillaridagi oʻzgarish jarayonlarini ilmiy asosda tahlil qilinadi. Maqolada
robototexnika terminlarining tarixiy ildizlari, ularning fan va texnologiya
taraqqiyoti bilan bogʻliqligi, hamda sohaning jahon miqyosida kengayib
borishi yoritilgan. Tadqiqotda Karel Chapek, Norbert Wayner, Ayzek
Azimov kabi olimlarning asarlari asosida robototexnik terminlarning
paydo boʻlish davrlari - adabiy, ilmiy-texnik, texnologik va intellektual
bosqichlarda oʻrganilgan. Tadqiqotning asosiy vazifalari terminlarning
manbalarini aniqlash, ularning semantik oʻzgarishlarini, xalqaro
muomuladagi oʻrnini hamda oʻzbek tiliga kirib kelish mexanizmlarini
diaxronik asosda oʻrganishdan iborat. Maqolada muammo sifatida oʻzbek
tilida robototexnika atamalarining yetarlicha standartlashtirilmaganligi,
terminlar oʻzlashuvida izchillik va normativ meʼyorlarning yetishmasligi
koʻrsatib oʻtilgan. Metodologiya sifatida diaxron tahlil, qiyosiy-lingvistik
tahlil va manba tahlili usullari qoʻllanilgan boʻlib, ular orqali
terminlarning shakllanish jarayoni bosqichma-bosqich oʻrganilgan.
Natijalar shuni koʻrsatadiki, robototexnika terminlari asosan ingliz tilidan
olingan boʻlib, ularning semantik qamrovi va qoʻllanish doirasi jadal
kengaymoqda. Muhokamada ingliz tilining global ilmiy til sifatidagi
ustuvorligi, rus tili orqali oʻzlashuvning tarixiy ahamiyati yoritilgan.
Xulosa sifatida, oʻzbek tilida robototexnika terminlarini
standartlashtirish, milliy ilmiy terminologik bazani yaratish va lingvistik
moslikni taʼminlash zarurligi asoslab berilgan.
SHARQ VA GʻARB EPIK TAFAKKURIDA SHOTA RUSTAVELI FENOMENI
Ushbu maqolada Shota Rustavelining “Yoʻlbars terisini
yopingan qahramon” dostoni Sharq va Gʻarb epik tafakkuri
kontekstida keng qamrovli tahlil qilinadi. Tadqiqotning maqsadi
asardagi qahramonlar tizimi, poetik struktura, axloqiy-siyosiy
gʻoyalar, ramziy belgilar va fantastik unsurlarni oʻrganish orqali
Rustaveli fenomenining badiiy, madaniy va falsafiy ahamiyatini
yoritishdan iboratdir. Dostonning poetik-falsafiy qatlamlari faqat
milliy adabiyot doirasida emas, balki umuminsoniy qadriyatlar
kontekstida ham koʻrib chiqilishi zarur degan muammo ilgari
suriladi. Shu bois, asar gruzin adabiyotining tarixiy yodgorligi
sifatida emas, balki Sharq va Gʻarb madaniy tafakkuri oʻrtasidagi
muloqot va almashinuv mahsuli sifatida tahlil etiladi.
Metodologik jihatdan maqolada qiyosiy, strukturaviy-
semantik tahlil, lingvopoetik yondashuv va ramziy-falsafiy
uslublardan foydalanildi. Sh.Rustavelining poetik uslubi Sharq
mumtoz adiblari, xususan, Alisher Navoiy bilan qiyosiy tahlil
qilindi va ular oʻrtasidagi badiiy aloqadorlik aniqlandi. Tariel,
Avtandil va Neston-Darijon obrazlari turli qadriyatlar tizimining
ramzi sifatida koʻrib chiqildi, ularning ruhiy iztiroblari, fidoyilik
va muhabbat motivlari Sharq va Gʻarb adabiyotlaridagi umumiy
falsafiy kodlar bilan uygʻunlashtirildi. Shu bilan birga, dostondagi
gʻorda yashash manzaralari, sirli hududlar, kosmik tartibning
izdan chiqishi va ayol obrazining gʻayrioddiy timsoli kabi
fantastik unsurlar chuqur tahlil qilinib, ularning ramziy-falsafiy
talqini ochib berildi.
INGLIZ TILIDA ROZILIK BILDIRISH VA RAD ETISHNI IFODALASHDA NOVERBAL VOSITALARNING O‘RNI
Ingliz tilida rozilik va norozilikni ifodalashda noverbal muloqot
muhim ahamiyatga ega bo‘lib, so‘zlashuvdan tashqari munosabatlarni
shakllantirishda asosiy rol o‘ynaydi. Ushbu maqola Goffmanning yuz
nazariyasi (1967), Pomerantzning afzalliklar tizimi g‘oyasi (1984), Brown
va Levinsonning xushmuomalalik strategiyalari (1987) hamda
Gumperzning kontekstualizatsiya belgilari (1982) asosida ko‘p
modallikka ega signallarning kelishuv va kelishmovchilikka qo‘shadigan
hissasini o‘rganadi. Tahlil noverbal muloqotning oltita asosiy yo‘nalishini
ko‘rib chiqadi: imo-ishoralar, yuz ifodasi, nigoh, tana holati, proksemika
va paralingvistik xususiyatlar. Tadqiqot natijalariga ko‘ra, kelishuv odatda
bevositalik va yaqinlashish orqali namoyon bo‘ladi. Bunga bosh irg‘ash,
tabassum, uzoq nigoh, oldinga egilish, masofani qisqartirish, qo‘llab-
quvvatlovchi ohang va ritmik uyg‘unlik kabi belgilar kiradi. Norozilik esa,
aksincha, kechikish, o‘zini chetga olish va uzoqlashish bilan ifodalanadi.
Bu nigohdan qochish, orqaga og‘ish, qo‘llarni chalishtirish, sekinroq va
pastroq gapirish, ikkilanish belgilari orqali ko‘rinadi. Kuchli qarama-
qarshilik holatlarida ta’kidlovchi imo-ishoralar, baland ovoz va
pasayuvchi ohang pozitsiyani yanada mustahkamlaydi. Turli kanallarning
uyg‘unlashuvi shuni ko‘rsatadiki, ma’no faqat so‘zlar orqali emas, balki
ko‘p modallikka ega signallarning birlashuvi natijasida ham shakllanadi.
Bu esa muloqotni mujassamlashgan amaliyot sifatida ko‘rish zarurligini
ta’kidlaydi, chunki noverbal xatti-harakatlar samarali o‘zaro ta’sir uchun
muhim ahamiyatga ega. Ushbu tadqiqot kelishuv va kelishmovchiliklar
muvofiqlashtirilgan noverbal vositalar orqali qanday boshqarilishini
ko‘rsatib, pragmatika va suhbat tahliliga hissa qo‘shadi hamda
madaniyatlararo muloqot va til o‘qitish sohasiga sezilarli ta’sir ko‘rsatadi.
KALKALASHNING LEKSIK TRANSFORMATSIYA SIFATIDAGI XUSUSIYATLARI
Ushbu maqola kalkani leksik o‘zgarishning bir turi sifatida keng tahlil
qiladi. Kalka tarjimada qo‘llaniladigan usullardan biri bo‘lib, unda asl tildagi
leksik birlik - so‘z, ibora yoki frazeologik birlik - tarjima tiliga so‘zma-so‘z
yoki tarkibiy qismlar asosida o‘giriladi. Bu jarayon natijasida tarjima tiliga
yangi leksik birliklar kiritiladi, bunda asl tuzilish saqlanib qolgan holda,
tarjima tilining grammatik va semantik qoidalariga moslashtiriladi.
Tilshunoslik nuqtayi nazaridan, kalkalar leksik o‘zlashtirishning
o‘ziga xos shakli hisoblanib, til ijodkorligi va madaniy ta’sir natijasida
shakllanadi. Boshqacha aytganda, kalkalash nafaqat tilni yangi ifoda vositalari
bilan boyitadi, balki tilshunoslikda madaniyatlararo o‘zaro ta’sirning aks etishi
sifatida ham xizmat qiladi. Darhaqiqat, har bir ibora yoki frazeologik birlik
nafaqat til unsuri, balki shu tilda so‘zlashuvchi xalqning dunyoqarashi,
tafakkuri va tarixiy-madaniy tajribasining in’ikosidir.
Tadqiqot shuni ko‘rsatadiki, kalka nafaqat tarjima jarayonida, balki
madaniyatlararo muloqotda ham muhim ahamiyatga ega. Xususan, “O‘tkan
kunlar” asarining o‘zbek tilidan ingliz tiliga tarjima qilingan versiyalarida bu
usul muloqotning semantik va madaniy chuqurligini saqlashda, shuningdek,
milliy obraz va tushunchalarni tillararo yetkazishda samarali vosita bo‘lib
xizmat qiladi.
Maqolada kalka o‘zbek va ingliz tillaridan olingan misollar asosida
tahlil qilingan. Ushbu misollar orqali o‘zbek romanining tarjima variantlarida
kalkaning amaliy qo‘llanilishi ko‘rib chiqiladi. Bundan tashqari, kalkalash
leksik o‘zlashtirishning noyob shakli bo‘lib, lingvistik ijod va madaniy o‘zaro
ta’sir mahsuli ekanligi ko‘rsatiladi. Natijada, tadqiqot kalkalashning ham
tarjima amaliyotida, ham madaniyatlararo muloqotni osonlashtirishda muhim
ahamiyatga ega ekanligini ta’kidlaydi.
INGLIZ TILIDAGI QISQARTMALARNING ETNOLINGVOKULTUROLOGIK JIHATLARI
Maqolada ingliz tilidagi qisqartmalarining
etnomadaniy jihatdan a) milliy siyosiy model, b) diniy va
axloqiy qadriyatlar, d) milliy qadriyatlar va turmush tarzi, e)
professional identitet va ijtimoiy maqomni aks ettirishi
masalalari tahlil qilinadi. Tadqiqotning asosiy maqsadi ingliz
tilidagi qisqartmalarning etnolingvokulturologik
xususiyatlarini ochib berishdan iborat. Muammo sifatida esa
ingliz tilida abbreviaturalarning sohalarida keng qoʻllanilishi,
ularning etnomadaniy va etnolingvistik jihati muhokama
qilinadi. Metodologik asos sifatida madaniy, lingvistik
tavsiflash yondashuvlar qoʻllaniladi. Madaniy tahlil uchun I.
Darvishovning “Etnolingvistika” nomli oʻquv qoʻllanmasi,
G. A. Botirbekova, S. B. Sharipovalarning “Tilshunoslikda
etnolingvistika va lingvokulturologiya” nomli maqolasi, M.
Z. Solijonovning “Ingliz va oʻzbek tillaridagi rivoyatlar
konseptual maydonining lingvokulturologik tadqiqi” nomli
tadqiqoti tanlangan. Tahlil natijasida aniqlanishicha, ingliz
tilidagi qisqartmalar nafaqat lingvistik birliklar, balki
madaniyat, jamiyat va texnologiyaning oʻzaro taʼsiri
mahsulidir. Ular orqali insonlar oʻz fikrlarini qisqa, ravon va
zamonaviy shaklda yetkazadilar. Xulosa oʻrnida,
qisqartmalarni oʻrganish tilshunoslik bilan birga
madaniyatshunoslik, dinshunoslik va sotsiologiya fanlari
uchun dolzarbdir.
TARJIMADA EKVIVALENTLIK YONDASHUVLARINING KONSEPTUAL TAHLILI
Ushbu maqola zamonaviy tarjimashunoslikda eng muhim
nazariy yo‘nalishlardan biri — ekvivalentlik tamoyilining konseptual
asoslarini har tomonlama tahlil etishga bag‘ishlangan. Tadqiqotning
maqsadi tarjimada ekvivalentlikni ta’minlashga doir mavjud nazariy
yondashuvlarni qiyosiy o‘rganish, ularning lingvistik, pragmatik va madaniy
asoslarini aniqlash hamda tarjima jarayonida to‘liq ekvivalentlikka erishish
muammolarini ilmiy nuqtai nazardan yoritishdan iborat.
Tadqiqot metodologiyasi qiyosiy-tipologik, lingvistik, semiotik,
pragmatik va funksional tahlil usullariga tayanadi. Maqolada ekvivalentlik
tamoyili tarjimon kompetensiyasining asosiy tarkibiy qismi sifatida
baholanadi. Tarjima jarayonida ekvivalentlik dinamik hodisa sifatida talqin
qilinib, u tarjimonning madaniy bilim darajasi, stilistik sezgirligi va
kontekstni to‘g‘ri talqin qila olish qobiliyatiga bog‘liqligi ta’kidlanadi.
Tadqiqot xulosalariga ko‘ra, tarjimada ekvivalentlik statik
muvofiqlik emas, balki madaniy, semantik va kommunikativ uyg‘unlikka
yo‘naltirilgan dinamik jarayondir. Ekvivalentlikka erishish tarjimonning til
sezgirligi, madaniy kompetensiyasi va ijodiy tafakkurini uyg‘un qo‘llash
orqali amalga oshadi. Shuningdek, ekvivalentlik konsepsiyasi tarjima sifatini
belgilovchi mezon sifatida, madaniyatlararo muloqotni kuchaytiruvchi,
semantik aniqlik va funksional moslikni ta’minlovchi asosiy ilmiy-nazariy
tamoyil sifatida talqin qilinadi. Tadqiqot natijalari ekvivalentlik nazariyasini
zamonaviy tarjimashunoslikda konseptual jihatdan yangilash, tarjimon
tayyorlash jarayonida lingvistik va madaniy kompetensiyalarni uyg‘un
rivojlantirish zarurligini ilmiy asosda ko‘rsatib beradi.
TEODOR DRAYZERNING “BAXTIQARO KERRI” ROMANI EKSPOZITSIYASINING TARJIMASIGA DOIR
Ushbu maqolada mashhur amerikalik yozuvchi Teodor
Drayzerning “Baxtiqaro Kerri” romanining ekspozitsiya qismi
tahlil qilingan. Asarda syujetning boshlanishi, muhit va bosh
qahramonning dastlabki xarakteri qanday aks ettirilgani
oʻrganilgan. Muallif romanning ingliz tilidagi asliyati bilan
uning oʻzbekcha (tarjimon: Erkin Nosirov) va ruscha (tarjimon:
M. Volosov) tarjimalari oʻzaro qiyoslab tahlil etilgan. Qiyosiy
tahlil orqali tarjimonlarning uslubiy yondashuvi, semantik
aniqlik, milliy-madaniy tafovutlarni ifodalashdagi mahorati
ochib berilgan. Shuningdek, tarjimalarda muallif uslubining
saqlanish darajasi, personaj xarakteri va matn ruhiyatining
uzatilishi kabi jihatlar ham oʻrganilgan. Maqola
tarjimashunoslik hamda adabiy matn tahlili sohalariga
qiziquvchilar uchun nazariy va amaliy ahamiyatga ega boʻlib,
tarjima jarayonida yuzaga keladigan lingvokulturologik
muammolarni yoritishda xizmat qiladi.
POSTMODERNIZM TAMOYILLARI ASOSIDA “VASIY” VA “THE CHILD” HIKOYALARINING QIYOSIY TAHLILI
Maqolada Xurshid Doʻstmuhammadning “Vasiy” hamda
Ali Smitning “The Child” hikoyalari postmodernizm nazariyasi
asosida qiyosiy tahlil etilgan. Tadqiqotning maqsadi esa, oʻzbek
va ingliz hikoyachiligida postmodernistik tamoyillar qanday
shakllarda namoyon boʻlishini aniqlash, ularning umumiylik va
tafovutlarini koʻrsatishdan iborat. Maqolada postmodernizmning
asosiy nazariy manbalariga (Nitsshe, Haydegger, Derrida, Fuko,
Hutcheon, Makheyl, Nikol va boshqalar) tayangan holda, asarlar
tahlilini falsafiy, estetik va narratologik jihatdan asoslaydi.
Tadqiqotda qiyosiy-adabiy, postmodern nazariy va
diskursiv tahlil metodlari qoʻllanilib, intertekstuallik, metafiksiya,
fragmentatsiya, ishonchsiz roviy, ironik oʻyin va ong oqimi kabi
belgilar har ikki hikoyada tahlil qilinadi. “Vasiy” hikoyasida ayol
ruhiyatining ichki boʻlinishi, voqealarning uzluksiz emas,
boʻlaklangan tarzda berilishi va haqiqatning subyektiv talqini
postmodernistik badiiyatni shakllantiradi. Hikoya ishonchsiz
narratsiya, metafiksion noaniqlik va ong oqimi orqali onaning
ruhiy inqirozi hamda onalik mehrining metaforik qudratini ochib
beradi. Ali Smitning “The Child” hikoyasida esa gʻayritabiiy
holatda supermarket aravasida kutilmaganda paydo boʻlgan
gapiruvchi chaqaloq orqali zamonaviy jamiyatdagi gender,
madaniy va ijtimoiy stereotiplar tanqid qilinadi. Hikoya absurdlik,
ironik oʻyin, ishonchsiz roviy va ochiq yakun tamoyillari orqali
oʻquvchini haqiqat va xayol chegarasini oʻzi anglashga undaydi.
Bola obrazi jamiyatdagi axloqiy qarama-qarshiliklarning ramziga
aylanadi.
YUNUS OʻGʻUZNING “AMIR TЕMUR” ROMANIDA TARIXIY HAQIQAT TALQINI
Maqolada taniqli Ozarbayjon adibi Yunus Oʻgʻuzning
“Yuksalish” va “Dunyoning hokimi” deb nomlangan ikki qismdan
iborat romanida oʻrta asrlarda jahon tarixida kechgan olamshumul
voqealarning badiiy talqini atroflicha tahlil etiladi. Asarda
Sohibqiron Amir Temur shaxsiyatining diplomat, harbiy strateg va
adolatli davlat arbobi sifatidagi qiyofasi oʻziga xos tarzda
yoritilgan. Muallif Temur yurishlaridagi diplomatik muloqotlar,
harbiy taktik hiylalar, shahar va mudofaa inshootlari qurilishi,
elchilar faoliyati, yozishmalar va tarixiy voqealarni turli hikoyalar,
voqeiy lavhalar, sahnaviy epizodlar orqali tasvirlaydi. Muallif
Temur obrazini yaratishda uning faqat harbiy yutuqlarini emas,
balki madaniy merosga boʻlgan eʼtibori, ilm-fan va maʼnaviyat
taraqqiyotiga qoʻshgan hissasini ham koʻrsatishga alohida ahamiyat
qaratgan. Shuningdek, romanda keltirilgan maʼlumotlar oʻrta asr
tarixchilari va tarixiy manbalar - temurnomalar, turli
“Zafarnoma”lar hamda yozma xotiralar asosida badiiylashtirilgani
qayd etiladi. Asar nafaqat Temur davri voqealarini, balki oʻrta asr
diplomatiyasi, harbiy-siyosiy munosabatlar va madaniy hayotning
oʻziga xos jihatlarini ham yoritib berishi bilan ahamiyatlidir.
Maqolada qiyosiy-chogʻishtirma, biografik va
lingvosemantik tahlil metodlaridan foydalanilgan. Xulosalarda
keyingi davr turkiy tilli xalqlar adabiyotida Markaziy Osiyo
tarixida oʻtgan mashhur tarixiy shaxsiyatlar mavzusining chuqur
oʻrganilishi va soha olimlari oldida turgan vazifalar va takliflar
bayon etilgan.