Ushbu sondagi maqolalar
“ANN VICKERS” ASARIDA SUFRAJIZM VA FEMINIZM G‘OYALARINING BADIIY IFODASI
Maqolada yigirmanchi asr amerika romanchiligiga salmoqli hissa qo‘shgan yozuvchi Sinkler Lyuisning adabiy merosi tahlilga tortilgan. Xususan, yozuvchining 1933-yilda yaratilgan va yuksak e’tirofga sabab bo‘lgan “Ann Vikers” romani haqida qisqacha ma’lumot taqdim etilgan. Mazkur asarlarning bosh qahramoni Enn Vikers hamda u orqali tasvirlangan ijtimoiy muammolar – ayollarning zamonaviy jamiyatdagi o‘rni, oila va kasb muvozanati, gender munosabatlari badiiy yoritilgan. Maqolada ushbu qahramonning badiiy o‘ziga xosliklari, Sinklair Lyuis ijodidagi ahamiyati tahlil qilingan. S. Lyuisning feminizm haqidagi qarashlari universalligi, gumanizm go‘yalarining davomi sifatida namoyon bo‘lishi bilan abadiyatga daxldor; asarlari esa, yuksak insonparvarlik g‘oyalarini aks ettirishi bilan qadrli ekanligi tahlil qilingan.
INGLIZ ADABIYOTIDA DISTOPIK ASAR YARATISHDA EKSPERIMENTAL IZLANISHLAR
Maqola ingliz adabiyotida distopik romanning rivojlanish bosqichlari va bunga sabab bo‘lgan omillar, distopik asarlarning mavzusiga aylangan dunyodagi nosog‘lom ijtimoiy, iqtisodiy, siyosiy, madaniy va psixologik muhit, fan va texnikaning beqaror rivojlanish muammolari va bularni distopik asarlarda bayon etilishiga bag‘ishlangan. Ingliz adiblari Gerbert Uells, Edvard Morgan Forster, Oldos Haksli, Jorj Oruell, Antoni Berjess va Kadzuo Isigurolarning distopik asar yozish mahorati va ular tomonidan yaratilgan asarlarning badiiy o‘ziga xosligi tahlilga tortilgan. Jahon adabiyotshunoslarining ushbu mualliflar distopik asarlari xususidagi ilmiy-nazariy fikrlari maqolada o‘z aksini topgan. Ingliz adabiyotida distopiyaning rivojlanishi va uning badiiy-estetik qiymati xususida maqola muallifi tomonidan ilmiy-nazariy munosabat bildirilgan. Tadqiqotni amalga oshirish uchun biografik, qiyosiy-tipologik, psixoanalitik, psixologik, madaniy-tarixiy, struktural tahlil usullaridan foydalanilgan. Maqolaning maqsadi ingliz adabiyotida distopik asarlarning yaratilishiga ta’sir qilgan omillar va ularning tarixiy evolyutsiyasini tadqiqqa tortish, shuningdek, hozirgi adabiy jarayonlarda distopik asar ilmiy fenomeni mohiyatini o‘rganishdan iborat.
DUNYO KOMPARATIVIST OLIMLARINING MAHMUD SHABISTARIYNING “GULSHANI ROZ” ASARI XUSUSIDAGI TAVSIFIY-TAHLILIY QARASHLARI
Maqolada adabiy tarjimashunoslik va jahon adabiyoti kabi qiyosiy adabiyotshunoslik sohasidagi eng ko‘zga ko‘ringan yo‘nalishlar va tushunchalar izohlangan. Shuningdek, qiyosiy adabiyotshunoslik va lingvistik tarjimashunoslik kesishgan ilmiy nuqtayi nazar yoritilgan. Ya’ni jahon adabiyoti durdonalaridan biri hisoblangan Mahmud Shabistariyning “Gulshani roz” asarining inglizcha tarjimalari va asarning o‘rganilish ko‘lami haqida atroflicha ma’lumot berilgan.
EPOS VA ROMAN
Maqolada taniqli o‘zbek yozuvchisi Pirimqul Qodirovning “Avlodlar dovoni” romani hind eposi namunalari – “Mahobhorat”, “Ramayana” bilan tarixiy-qiyosiy asosda tekshirilgan. Mazkur asarlarning bosh qahramonlari orasida muayyan darajada yaqinlik-o‘xshashliklar mavjudligi ko‘rsatilgan. Shu asosda epos va roman orasidagi aloqa-bog‘lanishlar xususida ma’lum bir umumlashma fikrlarga kelingan. Zamonaviy taraqqiyot, ijtimoiy, madaniy, ilmiy tafakkur tadriji yutuqlari asosida badiiy adabiyot tarixini teran va atroflicha tadqiq etish, so‘z san’ati olamida yorqin iz qoldirgan yetuk badiiy yaratmalarning adabiy-poetik xususiyatlarini ilg‘or usullar asosida tadqiq etish zaruriyati jahon adabiyotshunosligi kun tartibidagi birlamchi masalalardandir. Yangi davrda insoniyat madaniyati, ilm-fani, badiiy tafakkurining yanada yuqori bosqichga ko‘tarilishi, inson ruhiyatining teranlashishi, murakkablashishi, yer yuzidagi xalqlarning bir-birlari bilan bo‘lgan aloqa-bog‘lanishlarining kuchayishi dunyo so‘z san’ati badiiy olamida jiddiy o‘zgarish-evrilishlarni yuzaga keltirmoqdaki, bunday xususiyatlarni tadqiq etish adabiyot ilmining dolzarb vazifasi bo‘lib qolayotir.
LIRIKADA POETIK OBRAZ XUSUSIDA
XX asr o‘zbek she’riyatida Abdulla Oripov hamda Rauf Parfi she’riyati alohida mavqega ega. Ushbu maqolada shoirlarning uslubi, badiiy mahorati, lirik qahramon kechinmalarini zamon ruhi bilan ifodalashdagi o‘ziga xosligi haqida qisqacha fikr yuritiladi. Ijodkorning poetik obraz yaratishidagi individualligi, badiiy so‘zi yordamida inson qiyofasining ichki va tashqi olamini ifodalab berishi, ijtimoiy-tarixiy hamda adabiy jarayonni estetik kategoriya sifatida tarannum etilishi, shoirning g‘oyaviy-estetik ideali, ijtimoiy holatini o‘zida aks ettirishini ko‘rish mumkin. Ijodkor so‘zi o‘z va ko‘chma ma’no qatlamlari orqali muayyan ijtimoiyestetik maqsadga, g‘oyaga, tuyg‘uga qaratiladi. Adabiyotning, jumladan, she’riyatning inson va voqelikni badiiy o‘zlashtirish vositasi poetik obraz vazifasi orqali amalga oshadi. Ijodkor davr farzandi ekan, uning badiiy mahorati, individualligi, ijodiy niyati, uslubi taqozosiga ko‘ra poetik obraz yangilana boradi.
JEYMS JOYS VA NAZAR ESHONQUL ASARLARI BADIIYATI
Jahon adabiyoti tarixida muhim o‘rin tutgan uning hozirgi zamon adabiyotlariga ko‘rsatgan ta’siri g‘oyatda ulkan va butun Gʻarb madaniyatini larzaga keltirgan irlandiyalik buyuk yozuvchi Jeyms Joys va o‘zbek adabiyotida kechayotgan yangilanish jarayonlarini hamda dunyo tajribalarini uzviylashtirgan holda nafaqat yurtimizdagi adabiyot ixlosmandlarida, shuningdek, dunyo adabiyotshunoslarida ham katta qiziqish uyg‘otgan Nazar Eshonqulning mahorati shuningdek, asarlarining badiiyati xususida so‘z boradi. Jeyms Joys va Nazar Eshonqulning asarlari o‘ziga xos uslubi, matndagi boshqotirmalari, adabiy murakkabligi bilan boshqa adiblar ijodidan keskin farq qiladi. Ularning ijodi yuzasidan bahs-munozaralar salkam yuz yildan buyon to‘xtovsiz davom etayotgani sababi ham shunda. Tanqidchi va adabiyotshunoslar uning asarlarini turli yo‘nalishlarda tahlil qilib, aksar hollarda bir-biriga butunlay qarama-qarshi xulosalar chiqarishayotir. Tadqiqot jarayonida Jeyms Joys va Nazar Eshonqulning noyob iste’dod egasi, ulug‘ yozuvchilar ekanligi va bu buyuklarning fikri, dunyoqarashi hamda orzu-umidlari bilan tanishiladi. Ularning mahorati va hayotiy tajribasi bilan yaqindan tanishish asarlarini yanada teranroq anglashga, tushunishga yordam beradi. Shularni e’tiborga olib, ulug‘ adiblarning sevib o‘qigan yozuvchilari haqidagi fikrlari havola etildi.
TARJIMA – QIYOSIY ADABIYOTSHUNOSLIK OBYEKTI
Tarjima nafaqat tilshunoslik, balki adabiyotshunoslik, jumladan, qiyosiy adabiyotshunoslik obyektidir. Chunki asarning asliyati va tarjimasi qiyoslash uchun asos vazifasini bajaradi. Tarjimani qiyosiy adabiyotshunoslik nuqtai nazaridan o‘rganayotgan tadqiqotchi, albatta, bu boradagi nazariy adabiyotlar bilan tanishishi, original asar va tarjimada aynan nimani qiyoslash kerakligini anglab yetishi kerak. Ushbu maqolada tarjimaning qiyosiy adabiyotshunoslikning obyekti ekanligi boburshunos olima I.V. Steblevaning shoirning ayrim g’azallarini rus tiliga tarjimalari asosida talqin va tahlil qilingan. Bobur ijodi tadqiqi olima ilmiy merosida alohida o‘rin tutadi. Maqolada ba’zi o‘rinlarda g‘azallarning baytlari noto‘g‘ri tarjima qilingani va xato talqinni keltirib chiqargani ilmiy-nazariy jihatdan dalillangan. I.V. Stebleva kitobidagi g‘azallar matni rus olimi, boburshunos olim A.N. Samoylovichning Rossiya Fanlar akademiyasiga qarashli arxivda saqlanayotgan tarjimalari bilan qiyoslangan va muayyan xulosalarga kelingan. Shuningdek, o‘ziga xos tadqiq usuliga ega bo‘lgan I.V. Stebleva Boburning adabiy merosini adabiyotshunos olim Yu. Lotmanning badiiy asar strukturasi, semantikasi bilan bog‘liq nazariy qarashlariga tayangan holda maxsus o‘rgangani va turkologiya fanini yangi tadqiqotlar bilan boyitgani e’tirof etilgan.
“MARS YILNOMALARI” VA “BOQIY DARBADAR” ASARLARINING INTEGRAL-YAXLIT YONDASHUVLI BADIIY TAHLILI
Maqola Ray Bredberining “Mars yilnomalari” va Isajon Sultonning “Boqiy darbadar” asarlarini integral-yaxlit yondashuvli badiiy tahliliga bag‘ishlanadi. Maqolada yaxlit yondashuvning metod va uslullari orqali badiiy asarlarning genezisi, janri, konseptual darajasi, syujet – kompozitsiya, yozuvchilarning shaxsiy va falsafiy munosabatlari qiyosiytipologik tahlili amalga oshiriladi. Badiiy adabiyotning integral tahlili ko‘pincha integral nazariyada ko‘rsatilganidek, asarning turli rivojlanish bosqichlari yoki ong darajalari orqali tekshirishni o‘z ichiga oladi. Ushbu yondashuv asarning inson tajribasining turli tomonlarini qanday aks ettirishi va ularga murojaat qilishini yanada teran tushunishga imkon beradi. Badiiy adabiyotni tahlil qilishda integral usuldan foydalanadigan olimlar va tanqidchilar psixologiya, falsafa, madaniyatshunoslik va adabiyot nazariyasi kabi bir qator fanlar va nazariy asoslardan foydalanishlari mumkin. Ushbu turli sohalardagi g‘oyalarni sintez qilish orqali ular ko‘rib chiqilayotgan adabiy asarning yanada kengroq talqinini taklif qilishni maqsad qilgan.
TARIXIY OBRAZ: GENEZIS VA TIPOLOGIYA
Ushbu tadqiqotning maqsadi Alisher Navoiy “Xamsa”si badiiy tizimida muhim o‘rin tutadigan tarixiy obrazlarning uch tipi – ideal tarixiy obrazlar, real tarixiy obrazlar va metaforiklashtirilgan tarixiy obrazlar masalasini ilmiy tadqiq etishdan iborat. Shunga ko‘ra, tadqiqotda ayni obrazlarning “Xamsa”dagi besh doston doirasida badiiy talqin etilishiga xos estetik tamoyillar jahon adabiyotshunosligi kontekstida tahlil qilingan. Ideal tarixiy obrazlar, ularning ichki tarmoqlanishi, besh doston tarkibida takrorlanishining poetik ahamiyati, muallif badiiy maqsadi va estetik idealini ifodalashdagi o‘rni haqida fikr yuritilgan. Asarda eng ko‘p murojaat etilgan ideal tarixiy obraz – Muhammad alayhissalom obrazlarining tarixiy xronotop nuqtayi nazaridan egallagan poetik qamrov doirasi, etik hamda estetik maqomi dostonlardan olingan aniq iqtiboslar tahlili asosida isbotlangan. Shuningdek, Qur’oni karimda nomlari zikr etilgan boshqa Payg‘ambarlar (a.s.), to‘rt buyuk sahoba obrazining (r.a.) Muhammad alayhissalom obrazlari balan mazmun va badiiyat jihatidan uyg‘unligi masalasiga alohida to‘xtalingan. Navoiyning uch buyuk salafi – Nizomiy Ganjaviy, Xusrav Dehlaviy, Abdurahmon Jomiy; hukmdor shaxslar – Amir Temur, Mirzo Ulug‘bek, Husayn Boyqaro, Badiuzzamon, Shog‘arib Bahodir obrazlari real tarixiy obraz, “muallif obrazi”, Xizr alayhissalom, Iskandar Zulqarnayn kabi obrazlar metaforiklashtirilgan tarixiy obraz tiplari sifatida talqin etilgan.
IVLIN VO VA ABDULLA QAHHOR IJODIDA AVTOBIOGRAFIK HAMDA IJTIMOIY MOTIVLAR TADQIQI
Maqolada Ivlin Vo hamda Abdulla Qahhor hikoyalarida uchraydigan avtobiografik va satirani yuzaga keltiruvchi ijtimoiy motivlar tahlilga tortilgan. Motivning nazariy va konseptual tomonlari haqidagi birinchi manba A.N. Veselovskiy tomonidan yaratilgan. Uning fikricha, “motiv insoniyat ibtidoiy jamiyat sifatida mavjud bo‘lgan asrlarda tabiatning sirli savollariga obrazli javob shaklida vujudga kelgan formuladir”. Ivlin Vo va Abdulla Qahhor o‘z hikoyalarida avtobiografik motivlardan unumli foydalanishgan. Avtobiografik motiv orqali odatda muallif o‘z hayotini izchil tasvirlaydi, unda adib yashagan ijtimoiy hayotni yaxlit tushunish istagi muhim xarakter kasb etadi. Avtobiografiya ko‘p jihatdan o‘xshash janrlar bilan chegaradosh: biografiya, xotiralar, kundaliklar. Avtobiografik motivlar asar qahramonini tanlashda, uning ichki dunyosini psixologik tahlil qilishda, ya’ni bularga muallifning tarjimai holi asos bo‘lganda namoyon bo‘ladi. Avtobiografiyani ijodkorlikning asosi deb hisoblash subyektiv hodisadir. Ammo mavzuni tanlash va voqelikni tasvirlash uchun avtobiografik motivlarni ifodalash obyektiv sharoitlar tasviriga asoslanadi: erta yetimlik, urushda qatnashish, qarindoshlar bilan muvaffaqiyatsiz munosabatlar – bularning barchasi haqiqatning fojiali manzarasini yaratadi. Shunday qilib, voqelikni ishonchli tasvirlash talabi va uning bolaligi, o‘smirligi, umuman hayot yo‘li haqidagi tasvirlar asar voqealariga realizm va haqqoniylik bag‘ishlaydi. Natijada adiblar voqealar tasvirida dramatizmning kuchayishiga, qahramonlarning jonli tasviriga erishganlar. Tadqiqot jarayonida qiyosiy-tipologik, biografik, kontekstual tahlil usullaridan foydalanilgan. Maqolaning maqsadi Ivlin Vo va Abdulla Qahhor satirik hikoyalaridagi badiiy detallarni tahlil qilish, satirik mohiyatini aniqlashdan iborat.
TARJIMA – QIYOSIY ADABIYOTSHUNOSLIK OBYEKTI
Tarjima nafaqat tilshunoslik, balki adabiyotshunoslik, jumladan, qiyosiy adabiyotshunoslik obyektidir. Chunki asarning asliyati va tarjimasi qiyoslash uchun asos vazifasini bajaradi. Tarjimani qiyosiy adabiyotshunoslik nuqtayi nazaridan tadqiq etuvchi tadqiqotchi, albatta, bu boradagi nazariy adabiyotlar bilan tanishishi, original asar va tarjimada aynan nimani qiyoslash kerakligini anglab yetishi kerak. Ushbu maqolada tarjimaning qiyosiy adabiyotshunoslikning obyekti ekanligi boburshunos olima I.V. Steblevaning shoirning ayrim g’azallarini rus tiliga tarjimalari asosida talqin va tahlil qilingan. Bobur ijodi tadqiqi olima ilmiy merosida alohida o‘rin tutadi. Maqolada ba’zi o‘rinlarda g‘azallarning baytlari noto‘g‘ri tarjima qilingani va xato talqinni keltirib chiqargani ilmiy-nazariy jihatdan dalillangan. I.V. Stebleva kitobidagi g‘azallar matni rus olimi, boburshunos olim A.N. Samoylovichning Rossiya Fanlar akademiyasiga qarashli arxivda saqlanayotgan tarjimalari bilan qiyoslangan va muayyan xulosalarga kelingan. Shuningdek, o‘ziga xos tadqiq usuliga ega bo‘lgan I.V. Stebleva Boburning adabiy merosini adabiyotshunos olim Yu. Lotmanning badiiy asar strukturasi, semantikasi bilan bog‘liq nazariy qarashlariga tayangan holda maxsus o‘rgangani va turkologiya fanini yangi tadqiqotlar bilan boyitgani e’tirof etilgan.