KOMPARATIVISTIKA

Comparative Studies

IVLIN VO VA ABDULLA QAHHOR IJODIDA AVTOBIOGRAFIK HAMDA IJTIMOIY MOTIVLAR TADQIQI

Authors: To‘rayeva Bahor Bahriddinovna

Published: Aprel 24, 2024 • Vol. 11 Issue 1 • Views: 1

Maqolada Ivlin Vo hamda Abdulla Qahhor hikoyalarida uchraydigan avtobiografik va satirani yuzaga keltiruvchi ijtimoiy motivlar tahlilga tortilgan. Motivning nazariy va konseptual tomonlari haqidagi birinchi manba A.N. Veselovskiy tomonidan yaratilgan. Uning fikricha, “motiv insoniyat ibtidoiy jamiyat sifatida mavjud bo‘lgan asrlarda tabiatning sirli savollariga obrazli javob shaklida vujudga kelgan formuladir”. Ivlin Vo va Abdulla Qahhor o‘z hikoyalarida avtobiografik motivlardan unumli foydalanishgan. Avtobiografik motiv orqali odatda muallif o‘z hayotini izchil tasvirlaydi, unda adib yashagan ijtimoiy hayotni yaxlit tushunish istagi muhim xarakter kasb etadi. Avtobiografiya ko‘p jihatdan o‘xshash janrlar bilan chegaradosh: biografiya, xotiralar, kundaliklar. Avtobiografik motivlar asar qahramonini tanlashda, uning ichki dunyosini psixologik tahlil qilishda, ya’ni bularga muallifning tarjimai holi asos bo‘lganda namoyon bo‘ladi. Avtobiografiyani ijodkorlikning asosi deb hisoblash subyektiv hodisadir. Ammo mavzuni tanlash va voqelikni tasvirlash uchun avtobiografik motivlarni ifodalash obyektiv sharoitlar tasviriga asoslanadi: erta yetimlik, urushda qatnashish, qarindoshlar bilan muvaffaqiyatsiz munosabatlar – bularning barchasi haqiqatning fojiali manzarasini yaratadi. Shunday qilib, voqelikni ishonchli tasvirlash talabi va uning bolaligi, o‘smirligi, umuman hayot yo‘li haqidagi tasvirlar asar voqealariga realizm va haqqoniylik bag‘ishlaydi. Natijada adiblar voqealar tasvirida dramatizmning kuchayishiga, qahramonlarning jonli tasviriga erishganlar. Tadqiqot jarayonida qiyosiy-tipologik, biografik, kontekstual tahlil usullaridan foydalanilgan. Maqolaning maqsadi Ivlin Vo va Abdulla Qahhor satirik hikoyalaridagi badiiy detallarni tahlil qilish, satirik mohiyatini aniqlashdan iborat.