SHARQ EPIK SHE’RIYATIDA SAYYOR SEVGI QISSALARINING BADIIY SINTEZI
Authors: Salohiy Dilorom Isomiddin qizi
Published: Avgust 24, 2024 • Vol. 10 Issue 3 • Views: 1
Sharq poeziyasida epik janr taraqqiyoti xalq og’zaki ijodiyotidagi sayyor syujetli qissalarni yozma badiiy adabiyotga xos xususiyatlar bilan boyitish va poetika qonuniyatlariga moslashtirishda ko‘zga tashlanadi. Bu adabiy-estetik hodisani muallifning muayyan mavzuni badiiy asar mazmuni, arxitektonikasi va o‘zining badiiy uslubi vositasida tarixiy sharoit ijtimoiy muammolari bilan bog‘lab tasvirlashida kuzatish mumkin. Poeziyada oldingi davrlarda shakllangan mavzu va noma’lum bo’lgan syujet chizig‘ini olib kirishga urinish, yozma adabiyotdagi poemalarning xalq og‘zaki ijodidagi dostonlar bilan aloqasini yanada kuchaytirishga bo‘lgan intilish, badiiy asar tilining xalqchillasha borishi sharq epik she’riyatida sayyor syujetlarning badiiy sintezini yuzaga keltirdi. Maqolada bu mavzu arab sahrolarida yuzaga kelgan Layli va Majnun sevgisi qissalarining fors-tojik va turkiy dostonchilikdagi talqinlari misolida yoritiladi. Alisher Navoiyning sharq epik poeziyasini yangilashdagi badiiy-estetik va g‘oyaviy tamoyillari xamsachilikda arab va forsiy tilli xalqlar og’zaki va yozma manbalari istifodasiga borib taqaladi. Shayx Nizomiy o‘z adabiy muhitida birinchi dostonnavis sifatida, Alisher Navoiy esa temuriylar tamadduni davrining ijtimoiy faol ijodkori sifatida beshliklaridagi xalqona, sodda va donishmandona tafakkur ifodasiga, xalq folklorining o‘lmas an’analariga katta ahamiyat berdilar. Nizomiy “Layli va Majnun” dostonida ijtimoiy foydali ma’rifiy fikrlarini pand-nasihat tarzida emas, balki xalq og‘zaki ijodi va folklordan olingan badiiy timsollar vositasida ifoda etdi. Alisher Navoiy “Xamsa”sida esa “sayyor syujetlar” - xalqona hikoyat va rivoyatlarga asoslangan epizodlar ma’rifiy mazmundagi hikmatlar bilan boyitiladi, orifona ma’no kasb etadi. Buyuk mutafakkir “Layli va Majnun”da xamsanavislikda o’zigacha mavjud an’analardan ijodiy foydalangan holda o’z dostoniga yangicha ruh bag’ishlaydi.