REY BREDBERI VA HOJIAKBAR SHAYXOV ASARLARINING ADABIY-ESTETIK XUSUSIYATLARI
Authors: Ko‘сhimov Ulug‘bek
Published: Iyun 24, 2024 • Vol. 16 Issue 2 • Views: 1
Maqola jahon adabiyotshunosligida ruhiyat muammosini tadqiq etish, qahramon his-tuyg‘ularining butun murakkabligi, ziddiyati, ko‘zga ko‘rinmas, sirli jihatlarini badiiy talqin etish kabi dolzarb muammolarga bag‘ishlangan. XX asrda psixoanalitik ta’limotning asosini tashkil etuvchi ong osti qatlamlarining chigal va cheksiz kengliklari, adabiy-poetik xususiyatlari tadqiq etildi. Fantastik adabiyot taraqqiyotning ilk bosqichida ilmiy va noilmiy fantastikaga ajratilgan bo‘lsa, keyinchalik ijtimoiy, falsafiy, maishiy fantastika, zamonaviy adabiyotshunoslikda turborealizm, kiberpank, alternativ fantastika kabi turlari yuzaga keldi. Shuningdek, jahon adabiyotida psixologizm hodisasini ilmiy-nazariy muammo sifatida tadqiq qilish borasida shuni ta’kidlash lozimki, badiiy adabiyot mehvarida inson obrazi turar ekan, uning ruhiy olamini kashf etish, ichki olamida kechuvchi tizginsiz evrilishlarni tasvirlash yozuvchining badiiy fantaziya imkoniyati hamda ijodiy niyati sanaladi. Inson va uning tabiati, qalbi, ruhiyati haqiqatini kashf etishda badiiy adabiyotning o‘rni beqiyos. Har bir ijodkor iste’dod sohibi sifatida ruhiyat manzaralarini faqat o‘ziga xos, boshqalarga o‘xshamagan tarzda inkishof etadi, aynan ruhiy olam turfaligi, ta’sirlanish yo‘sinining ayrichaligi badiiy adabiyotda o‘ziga xos ijod namunalarining yuzaga kelishiga sabab bo‘ladi. Yozuvchi ijodining yetakchi xususiyatlari, o‘ziga xos badiiy olami, uslubi, ruhiyat talqinidagi mahorati bevosita u yaratgan badiiy obrazlarga bog‘liq holda namoyon bo‘ladi. Badiiy obrazda yozuvchining ruhiy olami, go‘zallikni anglashi, olam va odam munosabati asosida yuzaga kelgan qalb tug‘yoni o‘z ifodasini topadi.