SHARQ VA GʻARB EPIK TAFAKKURIDA SHOTA RUSTAVELI FENOMENI
Authors: Obidjonova Maʼsuma Qosimjon qizi
Published: Noyabr 28, 2025 • Vol. 15 Issue 8 • Views: 17
Ushbu maqolada Shota Rustavelining “Yoʻlbars terisini
yopingan qahramon” dostoni Sharq va Gʻarb epik tafakkuri
kontekstida keng qamrovli tahlil qilinadi. Tadqiqotning maqsadi
asardagi qahramonlar tizimi, poetik struktura, axloqiy-siyosiy
gʻoyalar, ramziy belgilar va fantastik unsurlarni oʻrganish orqali
Rustaveli fenomenining badiiy, madaniy va falsafiy ahamiyatini
yoritishdan iboratdir. Dostonning poetik-falsafiy qatlamlari faqat
milliy adabiyot doirasida emas, balki umuminsoniy qadriyatlar
kontekstida ham koʻrib chiqilishi zarur degan muammo ilgari
suriladi. Shu bois, asar gruzin adabiyotining tarixiy yodgorligi
sifatida emas, balki Sharq va Gʻarb madaniy tafakkuri oʻrtasidagi
muloqot va almashinuv mahsuli sifatida tahlil etiladi.
Metodologik jihatdan maqolada qiyosiy, strukturaviy-
semantik tahlil, lingvopoetik yondashuv va ramziy-falsafiy
uslublardan foydalanildi. Sh.Rustavelining poetik uslubi Sharq
mumtoz adiblari, xususan, Alisher Navoiy bilan qiyosiy tahlil
qilindi va ular oʻrtasidagi badiiy aloqadorlik aniqlandi. Tariel,
Avtandil va Neston-Darijon obrazlari turli qadriyatlar tizimining
ramzi sifatida koʻrib chiqildi, ularning ruhiy iztiroblari, fidoyilik
va muhabbat motivlari Sharq va Gʻarb adabiyotlaridagi umumiy
falsafiy kodlar bilan uygʻunlashtirildi. Shu bilan birga, dostondagi
gʻorda yashash manzaralari, sirli hududlar, kosmik tartibning
izdan chiqishi va ayol obrazining gʻayrioddiy timsoli kabi
fantastik unsurlar chuqur tahlil qilinib, ularning ramziy-falsafiy
talqini ochib berildi.