STIVEN KINGNING “MISERY” VA “TUMAN” ASARLARIDA DAHSHATNING SUJET VA OBRAZ ORQALI IFODALANISHI
Authors: Qurbonova Nilufar Toʻrabekovna
Published: May 24, 2025 • Vol. 15 Issue 6 • Views: 35
Ushbu maqolaning maqsadi Stiven Kingning “Mizeri” va “Tuman” romanlarida dahshatning sujet va obrazlar orqali ifodalanish usullarini oʻrganish, muallifning taranglik va qoʻrquv hissini yaratishda qoʻllagan asosiy badiiy usullarini aniqlashdan iborat. Tadqiqot vazifalari psixologik dahshatni tahlil qilish, yakkalanish, manipulyatsiya va nomaʼlumlikdan qoʻrqishning taʼsirini oʻrganish, shuningdek, dahshat janrining ijtimoiy va psixologik ahamiyatini koʻrib chiqishdan iborat. Tadqiqot muammosi shundaki, dahshat adabiyoti koʻpincha faqat koʻngilochar janr sifatida qabul qilinadi, uning chuqur ijtimoiy va psixologik muammolarni aks ettirish salohiyati eʼtibordan chetda qoladi. Ishning metodologik asosi adabiy va germenevtik tahlilga asoslangan. Adabiy metod hikoya tuzilishini, qahramonlarning ruhiy holatlari dinamikasini va qoʻrquv tuygʻusini yetkazish usullarini oʻrganishga imkon bersa, germenevtik yondashuv obrazlar va motivlarning ramziy maʼnosini ochib berishga yordam beradi. Tadqiqot natijalari shuni koʻrsatadiki, “Mizeri”da qoʻrquv bosh qahramonning psixologik zoʻravonlikka uchrashi, qaramlik va jismoniy asirlikka tushishi natijasida yuzaga kelsa, “Tuman”da u jamoaviy vahima, yakkalanish va nomaʼlumlikdan qoʻrqish orqali shakllanadi. Har ikkala asar ham dahshat adabiyotining nafaqat qoʻrquv tuygʻularini uygʻotish, balki inson ruhiyati, ijtimoiy dinamika va hayot tashvishlarining muhim jihatlarini tahlil qilish qobiliyatini namoyon etadi. Tadqiqot xulosalari dahshat adabiyotining ijtimoiy qoʻrquvlar va omon qolishning psixologik mexanizmlarini oʻrganish vositasi sifatida ahamiyatlidir.