KOMPARATIVISTIKA

Comparative Studies

5-SON JURNAL Muqovasi
Volume 2 | Issue 5 | Mart 2025
3 issues per year

KOMPARATIVISTIKA

(Comparative Studies)

Jurnal OAK Rayosatining 12-fevral 2025-yildagi 365/7-son qarori

bilan filologiya fanlari boʻyicha doktorlik dissertatsiyalari asosiy

ilmiy natijalarini chop etish tavsiya etilgan ilmiy nashrlar roʻyxatiga

kiritilgan.

№1(5),2025

TOSHKENT-2025

Ushbu sondagi maqolalar

Open Access | Mart 2025 | 25 views

BRITANIYA KUTUBXONASIDAGI TURKIY QO‘LYOZMALAR

By: Khallieva Gulnoz Iskandarovna, Adambaeva Nargiza Kadambayevna

Britaniya kutubxonasining (Angliya Milliy kutubxonasi) tashkil topgan sanasi 1750-yillarga borib taqaladi. Ilgari Britaniya muzeyida faoliyat yuritgan kutubxona qonuniy tartibga solish orqali Britaniya muzeyidan ajratilib, Britaniya kutubxonasi nomi ostida mustaqil tuzilmaga aylantirildi. Qirolicha tomonidan 1998-yilda rasman ochilgan Britaniya kutubxonasida 150 milliondan ortiq hujjatlar mavjud. Bu kutubxonasi kitoblar va boshqa kontentlar bo‘yicha dunyodagi ikkinchi yirik kutubxona hisoblanadi. Britaniya kutubxonasi binosi Londonning markaziy qismidagi milliy va xalqaro poyezd qatnovlarining uchrashadigan joyi hisoblangan Sent-Pankras-Kings Kross bekatiga yaqin joyda joylashgan. Britaniya kutubxonasida turkcha qo‘lyozmalar uchun tayyorlangan va bugungi kungacha kutubxonadagi barcha turkcha qo‘lyozmalarni o‘z ichiga olgan hech qanday katalog mavjud emas. 1888 va 1958 yillarda tayyorlangan turkiy qo‘lyozmalardagi katalog va risolalar bugungi tadqiqotchilar uchun yetarli emas. Go‘kturk, qadimgi uyg‘ur turkiy tillarida, Sharqiy turkiyni ifodalovchi Qoraxonli-Harazm-Qipchoq hududi va G‘arbiy turkiy tilda o‘rin olgan Ozarbayjon turkiy, Eski Anadolu turkiy, Usmonli turkiy, Chig‘atoy turkiysidan o‘g‘uz turkiy tillarida yozilgan ko‘plab turkcha qo‘lyozmalarni uchratish mumkin. Bulardan tashqari Britaniya kutubxonasida deyarli barcha turk lahjalarida (boshqurt, o‘zbek, tatar, qozoq, qirg‘iz, chuvash va boshqalar) risolalar mavjud.

Article ID: 91
PDF
Open Access | Mart 2025 | 23 views

XIX-XX ASRLAR ADABIYOTIDA OILAVIY MUNOSABATLARNING TADQIQI

By: Lokteva Nadejda Mixaylovna

Ushbu maqolada XIX-XX asrlardagi ikki amerikalik yozuvchilarning asarlarini taqqoslash jarayonida, L.M. Alkot va A. Tayler ijodidagi insonparvarlikning umumiy mavzusi va uning oilaviy anʼanalarni saqlab qolishdagi roli kabi masalalar tahlil etiladi. Tadqiqot maqsadi turli davrlardagi amerikalik yozuvchilarning shajara (oilaviy) janridagi romanlarni qiyosiy tahlil qilingan. Maqolada ushbu romanlarni oʻrganishga tahliliy va tarixiy yondashuv qoʻllanilgan. Tadqiqotning ilmiy yangiligi shundaki, turli davrlardagi amerikalik yozuvchilarning oilaviy yilnomalar janridagi asarlari birinchi marta taqqoslanmoqda. Maqolada oila yilnomasi (xronikasi) janri, uning tamoyillarining oʻziga xosliklari va alohida oilalar haqida jahon adabiyot tadqiqotlarida ko’tarilgan masalalar koʻrib chiqilgan. Tadqiqotda oilaviy munosabatlar mavzusi toʻliq va asosli shaklda, bugungi zamonaviy adabiyot na’munalarigacha bo’lgan davrdagi asarlar asosida batafsil ochib berilgan. Oilaviy qadriyatlarni shakllantiruvchi jihatlar oʻrganilgan davrda yashagan amerikalik oilalar bilan taqqoslanadi. Shuni taʼkidlash kerakki, oila nafaqat jamiyatga nisbatan umumiy qarashlarni oʻstirdi, balki asta-sekin oilaviy anʼanalarni ham rivojlantirishda ham katta ahamiyat kasb etadi.

Article ID: 92
PDF
Open Access | Mart 2025 | 15 views

ABDULLA QAHHOR VA JEK LONDON HIKOYALARIDAGI OʻZIGA HOS, OʻXSHASH VA FARQLI JIHATLARNING QIYOSIY TAHLILI

By: Bahriddinov Muslimbek Muhiddinovich

Bugungi globallashuv jarayonida barcha sohalar qatori ilm fan ham jadal rivojlanib bormoqda. Xususan, adabiyot sohasidagi oʻzgarishlar sezilarli darajada oshdi. Bir millatning adabiyotidagi rivojlanish, ayniqsa, boshqa bir millat, boshqa xalq adabiyoti bilan qiyosan oʻrganilganda sezilarli darajada kuzatiladi. Oʻzbek adabiyotidagi nodir asarlarni tahlil qilish, ularning hayoti hamda ijodini oʻrganish dolzarb boʻlib turgan bir paytda, dunyoning boshqa bir chekkasidagi xalq adabiyoti bilan qiyosan oʻrganish kechiktirib boʻlmaydigan bir ishdir. Shu sababda bu sohadagi izlanishlarga hissamizni qoʻshish maqsadida o‘zbek hamda amerika adabiyotining ayrim jihatlarini qiyosan oʻrganishga jazm etdik. Ushbu maqolada ikki buyuk adiblar, o‘zbek hikoya janri ustasi Abdulla Qahhor hamda amerika adabiyoti vakili Jek London hikoyalari bir qator adabiy mezonlar yuzasidan tahlil qilinib, ulardagi ayrim oʻziga xosliklar, oʻxshash va farqli jihatlar tadqiq qilinadi. Ikki turlicha xalq adabiyoti namoyondalarining ijodi qiyosan tahlil qilinganda, bu xalqlar dini, ijtimoiy kelib chiqishi, turmush tarzi hamda yashash sharoitlarini ham oʻrganish ushbu ilmiy ishimizni muhim jihatlaridan biridir. Maqolada ushbu ikki hikoyanavis hikoyalaridagi o‘ziga hos, oʻxshash va farqli jihatlardan tashqari ayrim hikoyalari tahliliga ham toʻxtalinadi.

Article ID: 93
PDF
Open Access | Mart 2025 | 14 views

ALISHER NAVOIYNING “LISON UT TAYR” HAMDA JEFRI CHOSERNING “KENTERBERI HIKOYALARI” ASARLARI QIYOSIYTIPOLOGIK TAHLILI

By: Saydaliyeva Gulchehra Saydumarovna

Mazkur tadqiqot Alisher Navoiyning “Lison ut-Tayr” dostoni va Jefri Choserning “Kenterberi hikoyalari” asarlarini qiyosiy tahlil qilishga bagʻishlangan. Sharq va Gʻarb mumtoz adabiyotining noyob durdonalari hisoblangan bu asarlar syujet qurilishi, badiiy kompozitsiyasi, shuningdek, ijtimoiy va axloqiy gʻoyalarining oʻxshashlik hamda farqlarini oʻrganish maqsadini koʻzda tutadi. Tadqiqotning bosh maqsadi ushbu ikki asarni qiyoslash orqali oʻzbek va ingliz adabiyotlari oʻrtasidagi uzviy bogʻliqlikni aniqlash hamda syujet tuzilishi va ramziy tasvirlar orqali adiblarning falsafiy va axloqiy qarashlarini tahlil qilishdir. Navoiy “Lison ut-tayr”da tasavvuf adabiyotining ramziy va falsafiy mohiyatini aks ettirgan boʻlsa, Choser “Kenterberi hikoyalari”da oʻrta asr ingliz jamiyatini realizm asosida keng tasvirlagan. Har ikki ijodkor oʻz asarlarida avvalgi adabiy anʼanalardan ilhom olib, davrning ijtimoiy va maʼnaviy masalalarini yuqori badiiy mahorat bilan ifodalashga erishgan. Ushbu tadqiqotda asarlarning syujet kompozitsiyasi, qahramonlar tizimi, badiiy uslub va mavzulari, shuningdek, ramziy va majoziy obrazlarning oʻziga xos va umumiy jihatlari tahlil qilingan. Mazkur izlanish buyuk adiblarning badiiy merosini qiyosiy tahlil qilish orqali ularning madaniy va adabiy taraqqiyotdagi oʻrni hamda ahamiyatini kengroq yoritishga xizmat qiladi.

Article ID: 94
PDF
Open Access | Mart 2025 | 24 views

KRISTOFER POL KERTIS VA XUDOYBERDI TOʻXTABOYEV ASARLARIDA “YETIM BOLA” OBRAZI POETIKASI

By: Qodirjonova Iqbola Bahodir qizi

Kristofer Pol Kertis va Xudoyberdi Toʻxtaboyev oʻz asarlarida insoniy his-tuygʻular va ijtimoiy adolatsizliklarni ochib berish orqali, yetim bolalarning turmush tarzi, hayoti va jamiyatdagi oʻrni haqida fikr yuritadilar. Ushbu maqola orqali ikki xil millat mualliflarining turli madaniyat va davrlar fonida yetim bolalar qiyofasini aks ettirishda ijtimoiy tengsizliklar qanday ifodalanganligi tahlil qilinadi. Kertisning asarlarida Amerika jamiyatidagi irqiy va sinfiy farqlar yetim bola hayotidagi davr qiyinchiliklari orqali ochib beriladi. Buyuk Depressiya davridagi ijtimoiy tengsizlik keskin qoralanadi. U, asosan, 1930-yillarda Amerika jamiyatidagi iqtisodiy inqiroz davrida, sinfiy tafovutlar va irqiy ajratishlarning yetim bolalar hayotida qanday aks etganini tasvirlaydi. Kertisning qahramonlari, irqiy diskriminatsiya va iqtisodiy qiyinchiliklar bilan yuzma-yuz kelib, omon qolish uchun jamiyatning qattiq va adolatsiz qoidalariga qarshi kurashishga majbur boʻladilar. Xudoyberdi Toʻxtaboyev asarlarida yetim bola obrazi orqali Ikkinchi jahon urushi davridagi ijtimoiy tengsizlik va adolatsizlik oʻziga xos tarzda aks ettirilgan. Aynan urush yillari davomida boy va kambagʻal qatlamlar oʻrtasidagi tafovut yanada keskinlashganini koʻrsatadi. Urush davrida boylarning oʻz qudratli mavqeyidan foydalanib, kambagʻallarni ezib, zulm oʻtkazishi orqali adolatsizliklar tasvirlanadi. U boylarning oʻz mol-mulklari va kuchlari yordamida kambagʻallarni aldab bor-budidan ham ayirib ekspluatatsiya qilgani, urush paytidagi murakkab sharoitlardan oʻz manfaati uchun foydalangani haqida yozadi. Shu orqali, X. Toʻxtaboyev oʻzbek millatining oʻziga xos ijtimoiy sharoitida sinfiy adolatsizlik va moddiy nochorlikni yetim bola qismatida yoritib beradi. Ikkala adib ham yetimlikni faqat shaxsiy fojea emas, balki jamiyatning kengroq muammolarining koʻzgusi sifatida tasvirlaydi. Yetim bolalar oʻzlariga qarshi ishlayotgan ijtimoiy tuzilmalar bilan kurashadi, ular orqali mualliflar jamiyatdagi ijtimoiy tengsizlik, sinfiy toʻsiqlar va adolatsizliklarni koʻrsatadilar. Shu tariqa, ikki adabiyotda yetim bola obrazi ijtimoiy tanqid vositasiga namoyon boʻladi.

Article ID: 95
PDF
Open Access | Mart 2025 | 16 views

AMERIKA VA OʻZBEK MAʼRIFATPARVARILARNING ADABIYSIYOSIY QARASHLARI

By: Xudoyberdiyev Jasur Latipovich

Ushbu maqolada amerika maʼrifatparchilik va oʻzbek jadidchilik harakati davri adabiyotining siyosiy masalalarni yoritishi, har ikki harakat vakillari ijodidagi adabiy-siyosiy tendensiyaga eʼtibor qaratildi. Biz XVIIIXIX asr boshlaridagi ijtimoiy-siyosiy muhit va siyosiy voqelik adabiy asarlarning shakllanishiga taʼsirini tahlilga tortishga harakat qildik. Bundan tashqari, ushbu maqolada koʻrib chiqilayotgan davrdagi ayrim adabiy asarlarga chuqur nazar solib siyosiy voqealar bilan aloqasi tadqiq qilindi. Shuningdek, yozuvchilarning ijtimoiy-iqtisodiy ahvoli va bu ular yaratgan asarlarga qanday taʼsir koʻrsatganligi atroflicha tahlil qiladi. Turfa xil siyosiy vaziyat va tendensiyalari bilan amerika maʼrifatchilik davri adabiyotini kuzatadigan boʻlsak, adabiyotda yangi janr turlarining paydo boʻlishi, oʻzbek milliy adabiyotida esa jahon adabiyoti taʼsirida turli janrlar transformatsiyani kuzatishimiz mumkin. Amerika maʼrifatchilik davri adabiyoti oʻzining turli tuman siyosiy tendentsiyalari, kashfiyotlari, adabiyotda janrlarning yangi turlarining paydo boʻlishini kuzatadigan boʻlsak, oʻzbek milliy adabiyotimizda boʻlsa jahon adabiyoti tajribalaridan kelib chiqib, yangicha maʼrifiy, ilmiy-badiiy jarayonni tashkil etilganini koʻrishimiz mumkin.

Article ID: 96
PDF
Open Access | Mart 2025 | 32 views

MAQOLLARDA MILLIYLIK VA UNIVERSALLIK: MADANIYATLARARO QIYOSIY TAHLILLAR

By: Xaydarova Goʻzalxon Xamdamjon qizi

Ushbu maqolada turli tillardagi frazeologik iboralarga eʼtibor qaratilib, maqollardagi milliylik va umumbashariyat oʻrtasidagi munosabatlar oʻrganiladi. Maqollar turli jamiyatlarning qadriyatlari va eʼtiqodlari haqida tushuncha beradi. Tadqiqotda maqollarning tarbiyaviy maqsadlarda avloddan-avlodga oʻtib kelayotgan qisqa, taʼsirli iboralar sifatidagi umuminsoniy xususiyatlari oʻrganiladi. Ular butun dunyodagi turli madaniyatlarning qadriyatlari, eʼtiqodlari va tajribalarini aks ettirib, madaniy meros koʻzgusi boʻlib xizmat qiladi. Turli tillardagi maqollarni tizimli tahlil qilish orqali tadqiqotda ushbu iboralarda singdirilgan noyob madaniy elementlarni ochib beriladi. Tillardagi maqol hikmatining oʻziga xos va umumiy tomonlarini ochib berish uchun qiyosiy tahlil metodlaridan foydalanildi. Globallashuv kuchayib borayotgan xozirgi davrda, ushbu tadqiqot turli tillardagi frazeologik birliklarning lingvistik manzarasidagi madaniy ifodalarning xilma-xilligi haqida qimmatli istiqbollarni taqdim etadi.

Article ID: 97
PDF
Open Access | Mart 2025 | 33 views

OʻZBEK VA INGLIZ TILLARIDA LOGISTIKA TERMINOLOGIK TIZIMLARINI QIYOSIY TAHLIL QILISH

By: Omonova Maxfurat Keldiyarovna, Toʻxtasinova Zarina Zokirjon qizi

Ushbu maqola logistika atamalarini lingvistik oʻrganishga bagʻishlangandir. Terminlar nafaqat tilda, balki maʼlum bir terminologiyaning bir qismi sifatida ham qoʻllaniladi. Terminologiya ilmiy atamalar tizimi sifatida tilning umumiy leksik tizimining quyi tizimidir. Sanoat korxonalari, agrosanoat majmualari, transportda logistika boʻlimlari tashkil etilgan. Xorijiy adabiyotlarda logistika xomashyo, materiallar va tayyor mahsulotlarni xoʻjalik aylanmasida yetkazib beruvchilarga toʻlov amalga oshirilgan paytdan boshlab tayyor mahsulotni isteʼmolchiga yetkazib berish uchun pul kelib tushgunga qadar tashish va saqlashni boshqarish jarayonini anglatadi. Ingliz tilining logistik terminologiyasida tegishli bilim sohalaridan juda koʻp miqdordagi oʻzlashtirma soʻzlar mavjud. Logistika atamalar tizimini shakllantirish jarayoniga globallashuvning taʼsiri keng. Bu jarayon ijobiy taʼsir koʻrsatadi, chunki u pirovardida atamalarni birlashtirish va standartlashtirishga olib keladi, bu ularni tushunish va foydalanishni osonlashtiradi.

Article ID: 98
PDF
Open Access | Mart 2025 | 31 views

INGLIZ VA OʻZBEK TILLARIDA MORFOLOGIK USULDA YASALGAN TRANSPORT SOHASI TERMINLARI

By: Masharipov Jaxongir Axmedovich

Bugungi kunda tilshunoslikning dolzarb mavzularidan biri boʻlgan terminologiya sohasi ushbu maqolaning markaziy mavzusidir. Maqola transport terminlarining yasalish usullaridan biri boʻlgan - affiksatsiya usuli orqali ingliz va oʻzbek tillarida transport terminlarini yasalishiga bagʻishlangan. Bunda ingliz va oʻzbek tillaridagi transport terminlarini yasashda faol qatnashadigan suffiks va prefikslar tegishli misollar orqali ifodalangan. Ingliz va oʻzbek tillarida affiksatsiya usuli yordamida yasalgan terminlar nechta tarkibdan tashkil topgani jihatidan ham tahlilga tortilgan. Ushbu transport terminlari soʻz turkumi jihatidan qaysi modellarda yasalish imkoniyatlari ham koʻrsatib oʻtilgan. Ingliz tili transport sohasiga oid boʻlgan terminlarni oʻzbek tilidagi muqobillari bilan chogʻishtirish mobaynida terminlarning leksik-semantik xususiyatlariga asosiy eʼtibor qaratilib, ularning izomorfik-allomorfik jihatlari aniqlangan. Tadqiqotni amalga oshirish uchun komponent tahlil, distributiv tahlil, tipologik va statistik tahlil metodlaridan foydalanilgan. Maqolaning maqsadi ingliz va oʻzbek tillaridagi transport sohasiga tegishli terminlarning morfologik usulda yasalish imkoniyatlarini aniqlash, ikkala tildagi ushbu usulda yasalgan terminlarni farqli va oʻxshash jihatlarini aniqlash, shuningdek transport terminlarini yasashda eng samarali va faol qoʻllaniladigan prefiks va suffikslarni aniqlashdan iborat.

Article ID: 99
PDF
Open Access | Mart 2025 | 37 views

OʻZBEK VA INGLIZ TILLARIDA SIFATNING GAPDAGI FUNKSIONAL XUSUSIYATLARI (T.DRAYZERNING “BAXTIQARO KERRI” ASARI MISOLIDA)

By: Mayliyeva Gulmira Bahramovna,

Ushbu maqolada oʻzbek va ingliz tillarida sifat soʻz turkumining matndagi imkoniyatlari, sifatning otlashuv jarayoni, boshqa soʻz turkumlarining sifat vazifasida matnda qoʻllanilishi, sifatning gapda ot, ravish, sifatdosh vazifalarida kelishi borasida soʻz yuritiladi. Bunda oʻzbek va ingliz tillari oʻzaro chogʻishtiriladi, matndagi imkoniyatlari tahlil qilinib, Teodor Drayzerning “Baxtiqaro Kerri” asarining oʻzbek hamda ingliz tillaridagi kitoblaridan misollar keltiriladi. Maqolada qiyosiytavsifiy metod, komponent tahlil metodlaridan foydalanildi. Maqolaning ilmiy natijasi shundan iboratki, ushbu ishda ikkita tilda sifat soʻz turkumining funksional-semanik xususiyatlari ochib beriladi va ularga matndan misollar keltirgan holda chogʻishtirib oʻrganiladi. Maqolaning asosiy xulosasi shundan iboratki, oʻzbek va ingliz tillarida sifat soʻz turkumi matnda deyarli bir xil vazifalarda qoʻllaniladi, shu bilan birgalikda ular matndagi imkoniyatlari oʻzaro farqlanib ham keladi, yaʼni chogʻishtirilayotgan tillarda sifatning oʻziga xos oʻxshash va farqli jihatlari borligi aniqlandi.

Article ID: 100
PDF
Open Access | Mart 2025 | 23 views

INGLIZ VA OʻZBEK TILLARIDAGI DOʻSTLIK VA DUSHMANLIK KONSEPTINI ANGLATUVCHI MAQOLLARDAGI GENDER XUSUSIYATLAR

By: Karimova Zuxra Ulugbekovna

Maqolada ingliz va oʻzbek tillaridagi doʻstlik va dushmanlik konseptini ifodalovchi maqollarning gender xususiyatlari tadqiq qilingan. Xalq madaniyatini ifoda etishda maqollarning roli beqiyosdir. Xalq madaniyatida doʻstlik va dushmanlik konseptini oʻzida mujassam qilgan maqollar xalqning tarixan boshdan kechirganlari, jamiyat va oilaviy munosabatlarda oʻzaro aloqalar, boshqa xalqlar bilan munosabatlar kabi muhim maʼlumotlar va xalqlarning oʻziga xos xususiyatlarini yoritib beradi. Ushbu maqollarga gender nuqtayi nazaridan murojaat qilishimiz doʻstlik va dushmanlik munosabatlarida erkaklar va ayollarning qarashlaridagi oʻziga xosliklarni ochib beradi. Ingliz va oʻzbek xalqlaridagi ushbu munosabatlarni xalq maqollarida yoritilishi ikkala xalq madaniyatidagi oʻziga xosliklarni ifodalaydi. Maqolada doʻstlik va dushmanlik konseptini ifodalovchi maqollar orasidan gender komponentli maqollar semantik va gender tahlilga tortildi va ikki til egalari madaniyati va tili oʻrtasidagi oʻxshash va farqli tomonlari misollar bilan koʻrsatildi. Maqollar gender komponentli leksikalariga asosan guruhlarda tahlil qilindi. Oʻzbek va ingliz tillaridagi maqollarda doʻstlik va dushmanlik gʻoyasini ifodalashda gender xususiyatlarning yoritilishi ikkala xalq qadriyatlaridagi oʻziga xosliklarini ochib berdi.

Article ID: 101
PDF
Open Access | Mart 2025 | 27 views

INGLIZ VA OʻZBEK TILLARIDAGI MOUTH\OGʻIZ KONSEPTINI KONSEPTUAL VA LINGVOPRAGMATIK TAHLILI

By: Otajonov Botirbek Ashuralievich

Lingvopragmatika tilni ijtimoiy va vaziyatli kontekstda oʻrganishga qaratilgan boʻlib, uning muloqot vositasi sifatidagi ahamiyatini belgilaydi. Asosan til tuzilishini oʻrganadigan rasmiy tilshunoslikdan farqli oʻlaroq, pragmalingvistika til qoʻllanishiga eʼtibor qaratadi va turli muloqot vaziyatlarida soʻzlovchi va tinglovchilarning oʻzaro aloqasini tadqiq qiladi. Bu soha tilning nafaqat maʼno, balki niyatni qanday yetkazishini oʻrganib, nutqiy harakatlar nazariyasiga kirib boradi. U ochiq va yashirin nutq maqsadlarini, soʻzlovchining hissiy ohangi yoki ichki holatini, shuningdek tinglovchining xabarni samarali idrok etish va tushunishga tayyorligini tahlil qilishni qamrab oladi. Pragmalingvistika, shuningdek, muloqotda maʼlum natijalarga erishish uchun qoʻllaniladigan nutq strategiyalari va usullarini ham oʻrganadi. Samarali muloqotni taʼminlovchi muloqot qoidalari tadqiqotning yana bir muhim yoʻnalishi hisoblanadi. Bundan tashqari, bu fan soʻzlovchilar maʼnoni nozik, koʻpincha koʻchma maʼnoli iboralar orqali yetkazadigan bilvosita nutq harakatlaridan foydalanishni, maʼno oʻynoqi tarzda boshqariladigan yoki muhokama qilinadigan til oʻyinlari kabi usullar ham tadqiq etiladi. Ushbu jihatlarni tushunish orqali pragmalingvistika tilning oʻzaro taʼsirning dinamik, vaziyatga bogʻliq vositasi sifatida qanday ishlashini ochib berishga harakat qiladi.

Article ID: 102
PDF
Open Access | Mart 2025 | 24 views

INGLIZ VA OʻZBEK TILLARIDA GEOLOGIYA SOHASIGA OID TERMINLARINING IZOMORFIK XUSUSIYATLARINI QIYOSIY TAHLILI

By: Rikhsieva Lola Azimjanovna

Ushbu maqolada ingliz va oʻzbek tillarining geologiya sohasida qoʻllaniladigan termin va terminalogik birikmalari tanlangan boʻlib, mazkur tillarda geologiya terminlarining izomorfik xususiyatlarini keng koʻlamli tizim asosida tadqiq qilinadi. Terminlarning ikki tilda tadqiq qilishda koʻpgina oʻzbek va rus tilshunoslar tomonidan ilmiy izlanishlar olib borilganiga qaramay, shu kungacha terminlarni keng koʻlamli tizimda tadqiq etilmagani tufayli terminlarning ikki tilda oʻxshash va farqlanadigan tomonlari yetarli darajada ochib berilmagan. Ikki tilda bir sohaga oid terminlarni strukturaviy-funksional xususiyatlarini tadqiq qilish uchun aynan shunday nomlanadigan, strukturaviy-funksional usul orqali amalga oshiriladi va uning asosiy talablari koʻpincha tizimli yondashuvning bir turi sifatida qaralar ekan, tipologik qiyosiy tadqiq uchun tillarning keng koʻlamli umumlashtiruvchi tizimda mavjud boʻlgan turli jihatlarning oʻxshashligi yoki oʻxshamasligini aniqlash juda muhimdir. Shu asosda, mazkur ilmiy maqolada xorijiy tarjibaga tayangan holda, xorijlik tilshunos olim Krizistof Ozganing tillardagi oʻxshash va farqlovchi xususiyatlarni oʻrganishda asosiy tendensiyalarni qamrab olgan keng koʻlamdagi tizimni sinflarga ajratgan holda geologiyaga oid terminlar oʻrganildi. Ushbu tizimda asosan terminlarni asosan izomorfik xussusiyatlari tadqiq qilishga qaratilgan boʻlib, natijada ingliz va oʻzbek tillarida geologiya terminlarining tizimli tahlil qilish orqali terminlarining derivatsion shakllari izomorfik xususiyatlarga ega ekanligi namoyon etildi.

Article ID: 103
PDF
Open Access | Mart 2025 | 21 views

LATIFALAR TARJIMASIDA EKSPLISIT VA IMPLISIT IFODALANISHI

By: Umaraliyeva Dildora Taxirjanovna

Mazkur maqolada hozirgi lingvopragmatikaning asosiy masalalaridan hisoblangan eksplisit va implisit tushunchalarini oʻzbek latifalarining ingliz tilidagi tarjimasi qiyosida koʻrib chiqiladi. Oʻzbek latifalarini ingliz tiliga tarjimasining lingvopragmatik xususiyatlari taqqoslanar ekan, tarjima jarayonida tarjimaning qanchalik taʼsirli, asl matnga mos va ishonchli chiqishida implisit va eksplisit tushunchalari ham muhim ahamiyat kasb etadi. Maʼlumki, tarjima jarayonida bir tildagi til birliklari, boshqa bir tilga tarjima vaqtida oʻz xususiyatini oʻzgartirishi mumkin, va boshqa til birliklari yordamida tarjima qilinishi mumkin boʻladi. Bunda asl matndagi yumor xususiyatini tarjima qilinayotgan tilda saqlanib qolinishi tarjimondan katta mahorat talab qiladi. Va albatta, latifalarning oʻziga xos boʻlgan xususiyatlaridan biri bu, latifalarda koʻp hollarda koʻtarilayotgan maqsad yashirin “kosa tagida nim kosa” tarzida uzatiladi va bu latifalarning taʼsirchanligini yanada oshiradi, asl matndagi hissiyot, kulgi, ochiq va yashirin maʼnolarni uzatish esa lingvopragmatikaning implisit va eksplisit tushunchalari haqida yanada kengroq fikr yuritish zarurligini keltirib chiqaradi. Zero bu, tarjimonlar oldiga qoʻyiladigan muhim masalalaridan biri boʻlib, tarjima sifatiga salmoqli taʼsir koʻrsatadi. Chunki, bunga beʼtiborlik, tarjima maʼnolarini oʻzgarib ketishiga olib kelishi mumkin. Kutilgan natijaga erisha olinmaydi.

Article ID: 104
PDF
Open Access | Mart 2025 | 27 views

BADIIY TARJIMADA LEKSIK MUAMMOLAR TIPOLOGIYASI

By: Sotiboldiyeva Gulcharos Murat qizi

Badiiy tarjima – bir tilning estetik va maʼnaviy boyligini boshqa tilga oʻtkazishda oʻta murakkab jarayondir. Ushbu maqolada badiiy tarjima jarayonida uchraydigan leksik muammolar va ularning tipologiyasi chuqur tahlil qilinadi. Ushbu maqolada asosiy eʼtibor leksik birliklarning semantik nozikliklarini toʻgʻri yetkazish, madaniy oʻziga xosliklarni aks ettirish, sinonimlarni tanlashdagi qiyinchiliklar kabi masalalarga qaratiladi. Mazkur mavzudagi tadqiqotlarda tarjimada leksik transformatsiyalar va ularning oʻzbek tilida berilishi, shuningdek, ularni tarjima qilish usullari yetarlicha oʻzbek tilida yoritilmagan ekanligi ushbu maqolaning dolzarbligi taqazo etadi. Xolbuki, hozirgi paytda jahon adabiyoti durdonalaridan xabardor boʻlish davr talabi boʻlib turgan vaqtda, badiiy asarlarning tarjimalarining amaliy ahamiyatini hisobga olgan holda ingliz tilidagi materiallarni oʻzbek tiliga tarjima qilishga katta ehtiyoj sezilmoqda.

Article ID: 105
PDF
Open Access | Mart 2025 | 27 views

ABDULLA QODIRIYNING “OʻTKAN KUNLAR” ROMANIDA MILLIY RUH VA ANʼANALARNING TARJIMALARDA AKS ETTIRILISHI

By: Nоrtоyеvа Оʼgʻilоy Mаxаmаtаliyеvnа

Maqolada badiiy tarjimada adabiy asarning milliy oʻziga xosligini qayta tiklash muammosi kabi muhim masala koʻrib chiqiladi. Unda maʼlum bir davrning milliy xususiyatlarini tarjimada ifodalashda yuzaga keladigan qiyinchiliklar tahlil qilinadi. Tadqiqot obyekti sifatida A. Qodiriyning “Oʻtkan kunlar” romani tanlangan boʻlib, unda qahramonlar obrazini yaratuvchi va xalqning milliy oʻziga xosligini ingliz va oʻzbek tillarida tasvirlashga yordam beruvchi ekvivalentsiz realiyalarni ifodalash usullarining oʻziga xosligi aniqlangan. Tadqiqot ishining ishonchli natijalariga erishish uchun asosan korrelyatsion va aralash tadqiqot usullaridan foydalanilgan. Maqolada bir qator xorijiy va mahalliy olimlarning ishlari hamda qarashlari tahlil qilingan. Natijada, tarjimon asarda tasvirlangan voqealar orqali ifodalanayotgan haqiqiy oʻtmishning milliy manzarasini sinchkovlik bilan oʻrganishi, uning asl nusxada qanday aks etganligini anglashi va uni ona tilida qayta yaratish zaruratini tushunib yetishi lozimligi isbotlangan. Shuningdek, tarjimon asarda tasvirlangan voqealar orqali yetkazilayotgan real oʻtmishning milliy manzarasini diqqat bilan oʻrganishi, asliyatda aynan qanday aks etganini anglashi va uni ona tilida qayta yaratish zaruratini tushunib yetishi kerakligi taʼkidlangan.

Article ID: 106
PDF
Open Access | Mart 2025 | 26 views

TARJIMADA INGLIZ VA OʻZBEK TILLARIDAGI SOʻZ MUQOBILLARINI LEKSIK MUVOFIQLASHTIRISH

By: Sobirova Nodirabegim Murodjon qizi

Mazkur maqolada ingliz va oʻzbek tillarida soʻz muqobillarining leksik muvofiqlashtirishini tadqiq etish asosiy maqsaddir. Tilda leksik muvofiqlashtirish – bu bir tilning leksik birliklarini boshqa tilning tegishli birliklariga toʻgʻri va aniq tarjima qilish jarayonidir. Maqolada ingliz va oʻzbek tillaridagi leksik birliklarning oʻzaro tengligi, ularning semantik va grammatik jihatlaridan farqlari, shuningdek, soʻz muqobillarining oʻzgarmas kontekstual va pragmatik xususiyatlari tahlil qilinadi. Xususan, soʻzlarning sinonim va antonim munosabatlari, leksik xatolar va ularning oldini olish yoʻllari koʻrib chiqiladi. Bunda ingliz va oʻzbek tillaridagi soʻz muqobillarini aniqlash va tahlil qilish orqali tarjima va til oʻrganish jarayonlarini takomillashtirish uchun ilmiy asoslar yaratiladi. Tadqiqot natijalari ikki til oʻrtasidagi leksik farqlarni yaxshiroq tushunishga, tarjima faoliyatida samarali metodlarni ishlab chiqishga xizmat qiladi. Ingliz vа oʻzbek tillаri oʻrtаsidаgi soʻz muqobillаri muvofiqlаshtirish qiziqаrli vа murаkkаb mаvzu boʻlib, ingliz vа oʻzbek tillаri oʻrtаsidаgi leksik muvofiqlаshtirish qаtor qiyinchilik vа imkoniyаtlаrni oʻz ichigа olаdi. Bu ikki til turli tillаr oilаlаrigа mаnsub boʻlib, grаmmаtik vа leksik jihаtlаri hаm аnchа fаrq qilаdi.

Article ID: 107
PDF
Open Access | Mart 2025 | 16 views

SOMERSET MOEMNING OBRAZLAR YARATISHDAGI GʻOYAVIYBADIIY MAHORATI

By: Bekzod Kuliboyev Orzuboy ugli

Ushbu maqolada U.S. Moemning yorqin, koʻp qirrali qahramonlarni yaratishdagi badiiy mahorati tadqiq etiladi. Moemning qahramonlarni tasvirlash usuli psixologik teranlik, hayotiylik va xilmaxillik bilan ajralib turadi. Bu xususiyatlar oʻzaro uygʻunlashib, inson ichki dunyosining ishonchli tadqiqini yaratishga xizmat qiladi. Tadqiqotda Moemning psixologik teranligini tahlil qilishdan boshlanadi. Bu teranligi tufayli u ongida turli sabablarning murakkab kurashi va chuqur ichki ziddiyatlarni aks ettiruvchi qahramonlarni yaratadi. “Inson ehtiroslari yuki” va “Naqshli parda” kabi yirik asarlar tahlili misolida maqolada Moem qahramonlari shunchaki voqealar ishtirokchisi emas, balki ichki izlanishlari oʻquvchilarda aks-sado uygʻotuvchi murakkab shaxslar ekanligi asoslanadi. Maqolada Moem asarlaridagi qahramonlar rang-barangligi ham koʻrib chiqiladi. Ularning turli ijtimoiy kelib chiqishi va oʻziga xos hayotiy tajribasi ingliz yozuvchisi nasrining mavzuiy boyligini vujudga keltiradi.

Article ID: 108
PDF