KOMPARATIVISTIKA

Comparative Studies

KRISTOFER POL KERTIS VA XUDOYBERDI TOʻXTABOYEV ASARLARIDA “YETIM BOLA” OBRAZI POETIKASI

Authors: Qodirjonova Iqbola Bahodir qizi

Published: Mart 24, 2025 • Vol. 13 Issue 5 • Views: 24

Kristofer Pol Kertis va Xudoyberdi Toʻxtaboyev oʻz asarlarida insoniy his-tuygʻular va ijtimoiy adolatsizliklarni ochib berish orqali, yetim bolalarning turmush tarzi, hayoti va jamiyatdagi oʻrni haqida fikr yuritadilar. Ushbu maqola orqali ikki xil millat mualliflarining turli madaniyat va davrlar fonida yetim bolalar qiyofasini aks ettirishda ijtimoiy tengsizliklar qanday ifodalanganligi tahlil qilinadi. Kertisning asarlarida Amerika jamiyatidagi irqiy va sinfiy farqlar yetim bola hayotidagi davr qiyinchiliklari orqali ochib beriladi. Buyuk Depressiya davridagi ijtimoiy tengsizlik keskin qoralanadi. U, asosan, 1930-yillarda Amerika jamiyatidagi iqtisodiy inqiroz davrida, sinfiy tafovutlar va irqiy ajratishlarning yetim bolalar hayotida qanday aks etganini tasvirlaydi. Kertisning qahramonlari, irqiy diskriminatsiya va iqtisodiy qiyinchiliklar bilan yuzma-yuz kelib, omon qolish uchun jamiyatning qattiq va adolatsiz qoidalariga qarshi kurashishga majbur boʻladilar. Xudoyberdi Toʻxtaboyev asarlarida yetim bola obrazi orqali Ikkinchi jahon urushi davridagi ijtimoiy tengsizlik va adolatsizlik oʻziga xos tarzda aks ettirilgan. Aynan urush yillari davomida boy va kambagʻal qatlamlar oʻrtasidagi tafovut yanada keskinlashganini koʻrsatadi. Urush davrida boylarning oʻz qudratli mavqeyidan foydalanib, kambagʻallarni ezib, zulm oʻtkazishi orqali adolatsizliklar tasvirlanadi. U boylarning oʻz mol-mulklari va kuchlari yordamida kambagʻallarni aldab bor-budidan ham ayirib ekspluatatsiya qilgani, urush paytidagi murakkab sharoitlardan oʻz manfaati uchun foydalangani haqida yozadi. Shu orqali, X. Toʻxtaboyev oʻzbek millatining oʻziga xos ijtimoiy sharoitida sinfiy adolatsizlik va moddiy nochorlikni yetim bola qismatida yoritib beradi. Ikkala adib ham yetimlikni faqat shaxsiy fojea emas, balki jamiyatning kengroq muammolarining koʻzgusi sifatida tasvirlaydi. Yetim bolalar oʻzlariga qarshi ishlayotgan ijtimoiy tuzilmalar bilan kurashadi, ular orqali mualliflar jamiyatdagi ijtimoiy tengsizlik, sinfiy toʻsiqlar va adolatsizliklarni koʻrsatadilar. Shu tariqa, ikki adabiyotda yetim bola obrazi ijtimoiy tanqid vositasiga namoyon boʻladi.