ALISHER NAVOIYNING “LISON UT TAYR” HAMDA JEFRI CHOSERNING “KENTERBERI HIKOYALARI” ASARLARI QIYOSIYTIPOLOGIK TAHLILI
Authors: Saydaliyeva Gulchehra Saydumarovna
Published: Mart 24, 2025 • Vol. 15 Issue 5 • Views: 14
Mazkur tadqiqot Alisher Navoiyning “Lison ut-Tayr” dostoni va Jefri Choserning “Kenterberi hikoyalari” asarlarini qiyosiy tahlil qilishga bagʻishlangan. Sharq va Gʻarb mumtoz adabiyotining noyob durdonalari hisoblangan bu asarlar syujet qurilishi, badiiy kompozitsiyasi, shuningdek, ijtimoiy va axloqiy gʻoyalarining oʻxshashlik hamda farqlarini oʻrganish maqsadini koʻzda tutadi. Tadqiqotning bosh maqsadi ushbu ikki asarni qiyoslash orqali oʻzbek va ingliz adabiyotlari oʻrtasidagi uzviy bogʻliqlikni aniqlash hamda syujet tuzilishi va ramziy tasvirlar orqali adiblarning falsafiy va axloqiy qarashlarini tahlil qilishdir. Navoiy “Lison ut-tayr”da tasavvuf adabiyotining ramziy va falsafiy mohiyatini aks ettirgan boʻlsa, Choser “Kenterberi hikoyalari”da oʻrta asr ingliz jamiyatini realizm asosida keng tasvirlagan. Har ikki ijodkor oʻz asarlarida avvalgi adabiy anʼanalardan ilhom olib, davrning ijtimoiy va maʼnaviy masalalarini yuqori badiiy mahorat bilan ifodalashga erishgan. Ushbu tadqiqotda asarlarning syujet kompozitsiyasi, qahramonlar tizimi, badiiy uslub va mavzulari, shuningdek, ramziy va majoziy obrazlarning oʻziga xos va umumiy jihatlari tahlil qilingan. Mazkur izlanish buyuk adiblarning badiiy merosini qiyosiy tahlil qilish orqali ularning madaniy va adabiy taraqqiyotdagi oʻrni hamda ahamiyatini kengroq yoritishga xizmat qiladi.