RUS BOBURSHUNOSLIGINING TADQIQ QILINMAGAN JIHATLARI
Authors: Xalliyeva Gulnoz Iskandarovna, Qahharova Dilafroʻz Abdugʻafforovna
Published: Mart 05, 2026 • Vol. 15 Issue 9 • Views: 1
Mazkur maqolada rus sharqshunosligida oʻzbek mumtoz adabiyoti,
xususan, boburshunoslik yoʻnalishida olib borilgan, ammo hozirga qadar ilmiy
jamoatchilik eʼtiboridan chetda qolgan arxiv materiallari tahlil qilinadi.
Tadqiqot asosan Sankt-Peterburgdagi yirik ilmiy markazlar – Rossiya Milliy
kutubxonasi, Rossiya Fanlar akademiyasi arxivlari hamda Sharq qoʻlyozmalari
instituti fondlarida saqlanayotgan manbalar asosida olib borilgan. Maqolada
arxiv sharqshunosligi va imagologiya metodologik asos sifatida qoʻllanib,
tarixiy-adabiy jarayonni qayta koʻrib chiqish, rus boburshunosligining
nomaʼlum sahifalarini yoritish maqsad qilingan.
Maqola markazida A.N. Samoylovichning nashr etilgan va etilmagan
ilmiy merosi turadi. Uning “Boburnoma” tarjimalariga yozgan taqrizlari,
“Mubayyin” asarini toʻliq nashrga tayyorlash borasidagi ishlari, Bobur
devonining Parij va Rampur nusxalari yuzasidan olib borgan matnshunoslik
tadqiqotlari, shuningdek, “Imperator Bobur sheʼrlari toʻplami”ning ikkinchi
qismiga doir qoʻlyozma materiali ilmiy muomalaga kiritiladi. Maqolada
Samoylovichning tarjimashunoslik tamoyillari, matnni oʻqish va talqin
qilishdagi prinsipial yondashuvi, shuningdek, Bobur sheʼriyatining janr, vazn
va til xususiyatlariga doir kuzatishlari tahlil qilinadi. Shuningdek, Bobur
devonining Parij va Rampur nusxalarining tarkibi, ularning oʻzaro farqlari,
devonlarga kirmagan sheʼrlar, “Boburnoma” hamda boshqa manbalardagi
poetik namunalarning qiyosiy oʻrganilishi maqolaning muhim ilmiy
natijalaridan biridir. Maqola arxiv materiallarini imagologik va matnshunoslik
nuqtayi nazaridan oʻrganish oʻzbek adabiyotshunosligida yangi ilmiy
yoʻnalishlarni shakllantirishga xizmat qilishi, shuningdek, boburshunoslik
tarixini yanada toʻliq va haqqoniy tiklash imkonini berishini asoslab beradi.