KOMPARATIVISTIKA

Comparative Studies

HISOB SOʻZLARNING QIYOSIY TAHLILI: FORS VA OʻZBEK TILLARIDA LINGVOMADANIY OʻZIGA XOSLIK

Authors: Xamidova Vazira Salohitdin qizi

Published: Noyabr 26, 2025 • Vol. 14 Issue 8 • Views: 19

Ushbu maqolada fors va oʻzbek tillarida hisob soʻzlarning

lingvomadaniy tabiati qiyosiy yondashuv asosida tahlil qilinadi.

Tadqiqotning asosiy maqsadi — hisob soʻzlarni nafaqat grammatik birlik

sifatida, balki millat tafakkuri, qadriyatlari va turmush tarzini ifodalovchi

lingvomadaniy fenomen sifatida ilmiy jihatdan oʻrganishdir. Maqolada

qiyosiy-tarixiy, lingvomadaniy, semantik-struktur va tarjima metodlari

uygʻun qoʻllanilib, fors va oʻzbek tillarida sanash tizimlarining shakl,

mazmun hamda madaniy konnotatsiyalari tahlil etilgan.

Tadqiqot natijalariga koʻra, ikki tilda odamlarni sanash uchun

nafar/kas, hayvonlarni sanash uchun bosh/sar, predmetlarni sanash uchun

dona/tā kabi birliklar umumiylikni tashkil etadi. Shu bilan birga, oʻzbek

tilida xalqona birliklardan - chimdim, hovuch, qultum faol ishlatilsa, fors

tilida koʻproq standart birliklar - kilū, litr, metr ustunlik qiladi. Bu farqlar

ikki xalqning ijtimoiy-maishiy hayoti va madaniyatida aks etuvchi tafakkur

xususiyatlarini namoyon etadi.

Muallif shuningdek, badiiy matnlarda hisob soʻzlarning estetik

vazifasini ochib beradi. Alisher Navoiy, Hofiz va Saʼdiy kabi adiblarning

asarlarida “bir tomchi yosh”, “yek dast gol”, “do qatra āb” kabi ifodalar

xalqning hayotiy tajribasi, estetik didi va milliy poetik tafakkurining tildagi

ifodasini koʻrsatadi. Shundan kelib chiqib, maqolada hisob soʻzlar milliy

oʻzlik va madaniy identifikatsiyaning lingvistik belgisi sifatida talqin

qilinadi.

Tadqiqotning ilmiy yangiligi shundaki, unda fors va oʻzbek

tillaridagi numerativlar ilk bor lingvomadaniy, semantik va badiiy-estetik

jihatdan kompleks tarzda tahlil etilgan. Natijada, hisob soʻzlar grammatik

kategoriya boʻlish bilan birga, xalq tafakkuri, qadriyati va hayot

manzarasini ifodalovchi madaniy kod sifatida baholanishi ilmiy asoslab

berilgan.