ABDULRAZZOQ GURNANING “JANNAT” ROMANIDA DINIY SYUJETNING BADIIY TALQINI
Authors: Khakimov Kamol Normukhammadovich
Published: Oktabr 27, 2025 • Vol. 19 Issue 7 • Views: 26
Roman epik janrlar orasida shakliy va davriy jihatdan eng
keng qamrovli janr boʻlib, voqelikni ijtimoiy-falsafiy yondashuvda
badiiy aks ettirish imkoniyati, shuningdek, global muammolarni
sanʼat tilida ifodalashdagi salohiyati bilan ajralib turadi. Janrning
bunday universalligi uni "umuminsoniyatning badiiy xronikasi"
sifatida talqin etishga asos boʻla oladi. Ushbu maqolada afrikalik
yozuvchi Abdulrazzoq Gurnaning “Jannat” romani qiyosiy-tipologik
tahlil asosida oʻrganiladi. Asarning fabula qurilishi, obrazlar tizimi va
ularning genealogik xususiyatlari nazariy-adabiy mezonlar asosida
tahlil qilinadi.
Romanning bosh qahramoni Yusufning sarguzashtlarga boy
hayoti Qurʼoni karimdagi “Yusuf” surasi bilan qiyoslanadi, ular
orasidagi mushtaraklik va tafovutli jihatlar aniqlanadi. Jumladan, oʻn
ikki yoshli Yusufning ota-onasining qarzdorligi bois savdogar boyga
qullikka berilishi, uning boshidan kechirgan sinovlari, yoʻl-yoʻlakay
uchragan voqealar va shaxsiy oʻzgarishlari diniy manbalardagi
talqinlar bilan qiyosiy-tipologik yondashuv asosida oʻrganiladi.
Shuningdek, maqolada roman matnini mavzulashtirishning
nazariy murakkabliklari ham yoritiladi. Muallif tomonidan “Jannat”
romanining mavzu doirasi va uning ijtimoiy-maʼnaviy zamiriga oid
nazariy qarashlar ham tahlil qilinib, janr tabiatining oʻziga xosliklari
bilan uzviy bogʻliqligi ochib beriladi.