KOMPARATIVISTIKA

Comparative Studies

GAZETA MATNLARIDA STILISTIK VA EKSPRESSIV VOSITALARINING QOʻLLANILISHI

Authors: Lolayeva Gulniso Geldiyorovna

Published: Oktabr 27, 2025 • Vol. 11 Issue 7 • Views: 31

Stilistik vositalar zamonaviy gazeta matnlarining semantik,

pragmatik va emotsional qatlamlarini shakllantirish va

chuqurlashtirishda muhim vosita sifatida maydonga chiqadi. Ular

matnning kommunikativ samaradorligini oshirish, muallifning

nuqtayi nazarini aniq va taʼsirchan tarzda yoritish, hamda oʻquvchi

bilan bevosita muloqotga kirishish imkonini beradi. Ayniqsa,

ommaviy axborot vositalari auditoriyasining kengligi va ularning

ijtimoiy-madaniy tafovutini hisobga olgan holda, matnlardagi

ekspressivlik, stilistik boylik va emotsional ifodaviylik omili alohida

ahamiyat kasb etadi. Stilistik vositalar orqali muallif nafaqat oʻz

pozitsiyasini bildiradi, balki oʻquvchini muayyan ijtimoiy, siyosiy

yoki mafkuraviy nuqtayi nazarga jalb etadi.

Ushbu maqolada gazeta matnlaridagi stilistik vositalar

diskursiv, stilistik va pragmatik yondashuvlar asosida chuqur tahlil

qilinadi. Geoffrey Lich tomonidan ilgari surilgan “pragmatic stylistic

devices” nazariyasiga koʻra, stilistik vositalar faqatgina bezakli ifoda

vositasi emas, balki kommunikativ strategiyaning ajralmas tarkibiy

qismidir. Ular oʻquvchiga moʻljallangan xabarni semantik va

emotsional jihatdan kuchaytiradi, uni baholashga va aks sado

bildirishga undaydi. Shuningdek, Norman Fairkloufning kritik

diskurs tahlili asosidagi yondashuvi gazeta matnlaridagi

ekspressivlik vositalarining ijtimoiy haqiqatlarni

konstruksiyalashdagi rolini ochib beradi. Uning fikricha, bu vositalar

estetik birlik boʻlishdan tashqari, ijtimoiy-madaniy va siyosiy

kontekstlarda muhim ideologik yuklamani ham oʻz zimmasiga oladi.

Maqolada bu stilistik vositalarning turli darajadagi funksional

yuklamalari, ular orqali yaratiladigan semantik konnotatsiyalar, matn

tuzilmasiga kiritadigan diskursiv ohang, shuningdek, oʻquvchi bilan

dialogik munosabat oʻrnatishdagi pragmatik samaradorligi xolis va

tizimli tahlil qilinadi. Tadqiqot natijalari matnshunoslik, stilistika va

mediadiskurs tahlili sohalarida muhim ilmiy-amaliy xulosalar

chiqarishga xizmat qiladi.