KOMPARATIVISTIKA

Comparative Studies

NAZAR ESHONQUL PROZASINING LINGVOPOETIK XUSUSIYATLARI

Authors: Safarova Dildora Baxtiyor qizi

Published: May 24, 2025 • Vol. 13 Issue 6 • Views: 36

Ushbu maqola oʻzbek adabiyotida zamonaviy uslubiy izlanishlarga asos solgan, hikoya janrining serqirra imkoniyatlarini toʻliq namoyon etgan ijodkor – Nazar Eshonqulning nasriy asarlariga bagʻishlangan. Tadqiqot markazida adibning badiiy tilga, ayniqsa, stilistik va sintaktik vositalarga boʻlgan individual yondashuvi tahlil qilinadi. Nazar Eshonqul nasrining badiiy jozibadorligi, avvalo, uning til orqali yaratilgan ifoda uslubida namoyon boʻladi. Ushbu maqolada yozuvchining til vositalari, yaʼni inversiya, ritorik soʻroq gaplar, ellipsis, emotsional gaplar, antiteza, qarama-qarshi maʼnoli birliklar, oʻxshatishlar, stilistik takrorlar kabi sintaktik va stilistik figuralardan samarali foydalangani ilmiy asosda ochib beriladi. Yozuvchining “Yalpiz hidi”, “Maymun yetaklagan odam”, “Shamolni tutib boʻlmaydi” kabi hikoyalarida uchraydigan matn parchalari lingvopoetik tahlil qilinadi. Ularning sintaktik qurilishi, uslubiy vazifasi, qahramon obrazini ochishdagi ahamiyati, matnning semantic va ekspressiv qatlamlarini kuchaytirishdagi roli yoritiladi. Tahlillar davomida Nazar Eshonqul prozasining oʻziga xosligi shundaki, u har bir til vositasini oʻz ijodiy niyati va badiiy maqsadiga muvofiq tanlaydi, ularni psixologik va falsafiy tafakkur bilan uygʻunlashtiradi. Ayniqsa, qahramonlarning ichki monologi, botiniy iztiroblari, hayotga boʻlgan qarashlari, eʼtiqod, ezgulik-yomonlik, adolat-zolimlik kabi ziddiyatli tushunchalar muallifning sintaktik yechimlari orqali chuqur ifodalanadi. Shuningdek, maqolada yozuvchining realism va modernism elementlarini uzviy bogʻlagan holda yangi estetik makon yaratgani, milliy adabiy tafakkur va jahon adabiyoti tajribasini uygʻunlashtirgan holda oʻziga xos nasriy uslub shakllantirganiga urgʻu beriladi. Nazar Eshonqul nasridagi stilistik va sintaktik vositalar nafaqat badiiy jozibadorlikni oshiradi, balki estetik baho, hissiy taʼsirchanlik va maʼnaviy teranlikni taʼminlovchi asosiy qatlamni tashkil qiladi. Muallifning har bir sintaktik birligi obraz yaratishga, psixologik holatni yetkazishga, kontekstni kengaytirishga xizmat qiladi. Xulosa oʻrnida aytish mumkinki, Nazar Eshonqul til orqali estetik gʻoyani, sintaksis orqali ichki maʼno qatlamlarini ochib bera olgan badiiy tafakkur egasidir. Ushbu maqola orqali yozuvchining badiiy matn bilan ishlashdagi sintaktik mahorati, stilistik novatorligi va estetik ilgʻorlari ilmiy tahlil qilinib, zamonaviy oʻzbek nasrining rivojlanish yoʻnalishlaridan biri sifatida eʼtirof etiladi.