“Komparativistika” ilmiy-elektron jurnali 2024-yil mart oyida tashkil qilingan, bir yilda to‘rt marta e’lon qilinadi. Ushbu jurnalda qiyosiy adabiyotshunoslik, chog‘ishtirma tilshunoslik, tarjimashunoslik, jahon adabiyoti, adabiyot nazariyasiga oid eng dolzarb maqolalar e’lon qilinadi.
2024-yil 18-aprelda jurnal uchun №258331 raqamli guvohnoma olingan. 2024-yil 26-iyunda 3060-4559 ISSN raqami berilgan. Jurnal OAK Rayosatining 12-fevral 2025-yildagi 365/7-son qarori bilan filologiya fanlari bo‘yicha doktorlik dissertatsiyalari asosiy ilmiy natijalarini chop etish tavsiya etilgan ilmiy nashrlar ro‘yxatiga kiritilgan.
Ushbu sondagi maqolalar
SHAYBONIYLAR DAVRI QOʻLYOZMA SANʼATINI OʻRGANISHDA FRANSIS RICHARDNING KONTEKSTUAL METODOLOGIYASI
Ushbu maqolada Shayboniylar sulolasi hukmronligi davrida
Markaziy Osiyoda rivojlangan qoʻlyozma kitob sanʼatini oʻrganishga
doir fransuz sharqshunosi Fransis Richard tomonidan qoʻllangan
tadqiqot metodologiyasi tahlil etiladi. Muallifning „Le Siècle des
Shibanides“ nomli fundamental monografiyasi asosida uning
qoʻlyozma kitoblarni tarixiy, madaniy va siyosiy kontekstda
oʻrganishdagi yondashuvlari, shuningdek, qoʻlyozmalardagi xattotlik
va miniatyura sanʼatiga bergan estetik hamda semiotik talqinlari
oʻziga xos tahliliy asosda koʻrib chiqiladi. Richard tadqiqotlarida
qoʻlyozma materiallarini faqat badiiy obyekt sifatida emas, balki
ijtimoiy-siyosiy kontekstda yaratilgan madaniy artefakt sifatida
baholaydi.
Shuningdek, maqolada Richardning yondashuvi qiyosiy
adabiyotshunoslik nuqtayi nazaridan ham muhim ahamiyatga ega
ekani koʻrsatib oʻtiladi. Chunki u qoʻlyozmalarni boshqa
madaniyatlar, jumladan, Eron, Hindiston va Usmonlilar davridagi
kitob sanʼati bilan qiyosiy tahlil qiladi. Bu esa Shayboniylar
davrining badiiy merosini xalqaro miqyosda tadqiq qilishga imkon
beradi. Mazkur yondashuv Markaziy Osiyo qoʻlyozma madaniyati
tarixini yangicha ilmiy konseptual asosda qayta koʻrib chiqishga
xizmat qiladi va bu davr sanʼatini faqat estetik emas, balki ideologik
va sotsial kontekstda ham chuqur tahlil qilish imkoniyatini beradi.
Maqola yakunida Fransis Richardning tadqiqotlari qoʻlyozma
sanʼati, adabiy meros va madaniy homiylik tizimlari oʻrtasidagi
murakkab munosabatlarni ochib berishdagi ilmiy ahamiyati
yoritiladi. Shu bilan birga, uning yondashuvi qiyosiy
adabiyotshunoslik, sanʼatshunoslik va tarixiy manbashunoslik
sohalarida samarali qoʻllanishi mumkinligi alohida taʼkidlanadi.
REALIYALAR TARJIMASIDA KONTEKSTUAL VAZIYATNING AHAMIYATI
Bugungi kunda tarjima eng dolzarb va rivojlanayotgan
sohalardan biri bo‘lib qolmoqda, unda hali ham ilmiy tadqiqotlar
talab qilinadigan ko‘plab masalalar mavjud. Ushbu maqola
tarjimonlar realiyalar - ma’lum bir xalqning madaniyati va turmush
tarziga oid so‘z va iboralar bilan ishlashda duch keladigan
qiyinchiliklarni tahlil qiladi hamda turli madaniyatlar o‘rtasidagi
farqlar tarjima jarayonini qanday murakkablashtirishi ko‘rib
chiqiladi.
Bundan tashqari, maqolada ekvivalentsiz leksik birliklarni
tarjima qilishning samarali usullari va maqsad tildagi eng mos
muqobillarni tanlash strategiyalari taklif etilgan. Shuningdek,
maqolada tarjima jarayonida yuzaga keladigan madaniy
to‘qnashuvlar muhokama qilinib, manba va maqsad madaniyatlari
elementlari qo‘shilishidan kelib chiqadigan "kreolizatsiya" hodisasi
o‘rganilgan.
Tadqiqot tarjimonlarning qarorlari madaniyatlararo yaqinlik
va maqsad madaniyatiga moslashishga qanday ta’sir ko‘rsatishini
yoritib beradi. Unda realiyalarni tarjima qilishning turli usullari
taqdim etilib, bu usullarning qaysilari ko‘proq qo‘llanilishi va buning
sabablari baholanadi. Tadqiqotni amalga oshirishda biografik,
qiyosiy-tipologik va tarkibiy tahlil usullaridan foydalanilgan.
Maqolaning asosiy maqsadi tarjimadagi muammoli leksik birliklarni
aniqlashtirish va ularni samarali ifodalash usullari hamda
strategiyalarini amaliy misollar bilan ko‘rsatib berishdan iborat.
GAZETA MATNLARIDA STILISTIK VA EKSPRESSIV VOSITALARINING QOʻLLANILISHI
Stilistik vositalar zamonaviy gazeta matnlarining semantik,
pragmatik va emotsional qatlamlarini shakllantirish va
chuqurlashtirishda muhim vosita sifatida maydonga chiqadi. Ular
matnning kommunikativ samaradorligini oshirish, muallifning
nuqtayi nazarini aniq va taʼsirchan tarzda yoritish, hamda oʻquvchi
bilan bevosita muloqotga kirishish imkonini beradi. Ayniqsa,
ommaviy axborot vositalari auditoriyasining kengligi va ularning
ijtimoiy-madaniy tafovutini hisobga olgan holda, matnlardagi
ekspressivlik, stilistik boylik va emotsional ifodaviylik omili alohida
ahamiyat kasb etadi. Stilistik vositalar orqali muallif nafaqat oʻz
pozitsiyasini bildiradi, balki oʻquvchini muayyan ijtimoiy, siyosiy
yoki mafkuraviy nuqtayi nazarga jalb etadi.
Ushbu maqolada gazeta matnlaridagi stilistik vositalar
diskursiv, stilistik va pragmatik yondashuvlar asosida chuqur tahlil
qilinadi. Geoffrey Lich tomonidan ilgari surilgan “pragmatic stylistic
devices” nazariyasiga koʻra, stilistik vositalar faqatgina bezakli ifoda
vositasi emas, balki kommunikativ strategiyaning ajralmas tarkibiy
qismidir. Ular oʻquvchiga moʻljallangan xabarni semantik va
emotsional jihatdan kuchaytiradi, uni baholashga va aks sado
bildirishga undaydi. Shuningdek, Norman Fairkloufning kritik
diskurs tahlili asosidagi yondashuvi gazeta matnlaridagi
ekspressivlik vositalarining ijtimoiy haqiqatlarni
konstruksiyalashdagi rolini ochib beradi. Uning fikricha, bu vositalar
estetik birlik boʻlishdan tashqari, ijtimoiy-madaniy va siyosiy
kontekstlarda muhim ideologik yuklamani ham oʻz zimmasiga oladi.
Maqolada bu stilistik vositalarning turli darajadagi funksional
yuklamalari, ular orqali yaratiladigan semantik konnotatsiyalar, matn
tuzilmasiga kiritadigan diskursiv ohang, shuningdek, oʻquvchi bilan
dialogik munosabat oʻrnatishdagi pragmatik samaradorligi xolis va
tizimli tahlil qilinadi. Tadqiqot natijalari matnshunoslik, stilistika va
mediadiskurs tahlili sohalarida muhim ilmiy-amaliy xulosalar
chiqarishga xizmat qiladi.
OʻZBEK VA INGLIZ TILIDA EPITETLARNING TARJIMA TRANSFORMATSIYALARI
Tarjimaning turli ko‘rinishlari orasida badiiy tarjima o‘ziga
xos va nihoyatda murakkab jarayon sifatida alohida ajralib turadi. U
tarjimondan nafaqat asl matnning mazmunini, balki uslubiy va
lingvomadaniy xususiyatlarini ham saqlashni talab etadi. Ushbu
murakkablik asl tildagi obrazli ifodalarga, ayniqsa hissiyot,
tasviriylik va madaniy o‘ziga xoslikning asosiy tashuvchilari
hisoblangan epitetlarga alohida e’tibor qaratishni va tarjima tilida
muqobillikni ta’minlash uchun tegishli tarjima usullaridan
foydalanishni taqozo etadi.
Maqolada Abdulhamid Cho‘lponning “Kecha va kunduz”
romanidagi epitetlarni Kristofer Fort tomonidan ingliz tiliga
o‘girishda qo‘llanilgan tarjima strategiyalari tadqiq etilgan. Asosiy
maqsad badiiy tarjimada epitetlarning o‘ziga xos xususiyatlarini
quyidagi vazifalar orqali o‘rganishdir: asl va tarjima matnlaridagi
epitetlarni aniqlash hamda tasniflash; so‘zma-so‘z tarjima,
modulyatsiya va tushirib qoldirish kabi qo‘llanilgan tarjima
usullarini tahlil qilish; madaniy va hissiy nozikliklarning tarjima
tanlovlariga ta’sirini tekshirish. Tadqiqot natijalari shuni
ko‘rsatadiki, tarjimon ko‘pincha asl nusxaning uslubiy yaxlitligi va
ma’no boyligini saqlab qolish uchun qat’iy so‘zma-so‘z tarjimadan
ko‘ra moslashuvchan, matn mazmuniga mos strategiyalarni
qo‘llagan.
NIL STEFENSONNING ROMANLARIDAGI O‘ZIGA XOS BAYON USLUBI
Ushbu maqola zamonaviy spekulyativ adabiyotning yetakchi
vakili Nil Stefensonning romanlarida badiiy qurilish va texnologik
tasavvur rivojlanishini tadqiq etadi. “Zodiak” (1988) kabi ilk
asarlaridan boshlab, epistemologik jihatdan boy “Anathem” (2008)
orqali, ilmiy jihatdan keng qamrovli “Seveneves” (2015) gacha
bo‘lgan adabiy yo‘nalishni kuzatib, tadqiqot Stefensonning ilmiy
fantastika chegaralarini qayta shakllantirishda aniq fan, tarixiy
rekonstruksiya va metafiktiv strategiyalarni qanday
uyg‘unlashtirishini o‘rganadi. Maqolada Stefenson ijodi nafaqat
texnologik kelajakni bashorat qiladi, balki asosiy falsafiy va
epistemologik masalalarni ham o’rganiladi. Qiyosiy mavzuviy
metodologiyadan foydalangan holda, maqola uning badiiy
asarlarining tuzilmaviy murakkabligi va intellektual maqsadlarini
ifodalash uchun ko‘p qatlamli tanqidiy model taklif etadi.
Stefensonning badiiy qatlamlashi, uslubiy gibridligi va spekulyativ
asoslari ilmiy ratsionallik, badiiy ovoz, madaniy tanqid va raqamli
subyektivlik o‘rtasidagi ziddiyatlarni qanday aks ettirishiga alohida
e’tibor qaratiladi. Muhokama Stefensonni janr, postmodernizm va
texnomadaniyat bo‘yicha kengroq munozaralar doirasiga
joylashtirishda asosiy adabiyot nazariyotchilari va ilmiy fantastika
tadqiqotchilarining fikrlariga tayanadi.
KOREYS TILINI O‘QITISHDA O‘QISH KOMPETENSIYASINI RIVOJLANTIRISHDAGI FILOLOGIK JIHATLAR
Ushbu maqolada koreys tilini o‘qitish jarayonida o‘qish
kompetensiyasining filologik jihatlari chuqur tahlil qilingan.
O‘qish kompetensiyasi nafaqat texnik jihatdan to‘g‘ri va tez o‘qish
malakasini, balki matn mazmunini anglash, undagi
lingvokulturologik birliklarni talqin qilish hamda turli
kommunikativ vaziyatlarda to‘g‘ri qo‘llay bilish ko‘nikmalarini
ham o‘z ichiga olishi ta’kidlangan. Shuningdek, koreys tilini
o‘rganayotgan o‘zbek talabalarida Hanja (한자어) kelib chiqishli
leksik birliklarni o‘zlashtirishdagi qiyinchiliklar, idiomatik
ifodalar va onomatopoeik vositalarni anglashdagi murakkabliklar,
matnning kompozitsion va struktural xususiyatlarini tushunishdagi
muammolar aniqlangan. Maqolada, xususan, turli janrlardagi
matnlarni filologik nuqtai nazardan semantik, kontekstual va
lingvokulturologik jihatdan tahlil qilish zarurligi ilmiy asoslab
berilgan. Bunday yondashuv o‘quvchilarda nafaqat matnni
so‘zma-so‘z tushunish, balki uning ortidagi madaniy, tarixiy va
ijtimoiy konnotatsiyalarni ham anglab yetish malakasini
shakllantiradi. Shu bilan birga, koreys tilidagi autentik matnlar
ustida ishlash orqali talabalarda matnni tanqidiy o‘qish, asosiy
g‘oyani ajratib olish, turli ma’no qatlamlarini qiyoslash hamda
ularni o‘zbek tilidagi nutqiy vaziyatlarga moslashtirish
ko‘nikmalarini rivojlantirish mumkinligi ko‘rsatib o‘tilgan.
Natijada, maqola koreys tilini xorijiy til sifatida o‘qitishda
filologik yondashuvning ahamiyatini yoritib beradi va bu
jarayonda lingvokulturologik omillarni hisobga olish zarur
ekanini asoslaydi.
TURLI TIZIMLI TILLAR ORASIDA TARJIMA VA UNING LEKSIK- SEMANTIK MUAMMOLARI
Ushbu maqolada turli til oilalariga mansub boʻlgan va bir
qator jihatlariga koʻra bir-biridan farq qiluvchi tillar oʻrtasidagi
tarjima jarayonining murakkab jihatlari, ayniqsa, leksik-semantik
muammolar chuqur tahlil qilinadi. Shu bilan birga, oʻzbek va ingliz
tillari misolida tillar orasidagi farqlar, grammatik va stilistik
tafovutlarning tarjima amaliyotiga taʼsiri koʻrib chiqiladi. Asarlarni
oʻzbek tilidan ingliz tilga tarjima qilish jarayonida tarjimonlar duch
keladigan sinonimiya, polisemiya, idiomatik iboralar, leksik
boʻshliqlar kabi leksik-semantik hodisalar va ular keltirib
chiqaradigan muammolar oʻrganilib, keng qamrovda yoritiladi.
Shuningdek, tarixiy-badiiy asarlar matnlarini tarjima qilishda leksik
tanlov va terminologik aniqlik muhimligi asoslab beriladi. Bu turdagi
asarlar tarjimasi maxsus yondashuvni talab qiladi. Chunki bu
matnlarda muallifning uslubi, davr ruhiyati, milliy-madaniy
komponentlar, diniy terminologiya, poetik vositalar, tarixiy atamalar
va davrga oid leksik birliklar mavjud boʻladi. Tarixiy asarlar
tarjimasi jarayonida tarjimonda lingvistik kompetensiya bilan bir
qatorda madaniy bilim, tafakkur, kontekstual fikrlash va ijodiy
yondashuv boʻlishi zarurligi taʼkidlanadi. Ayniqsa, oʻzbek tilidagi
tarixiy asarning ingliz tiliga tarjimasi jarayonida sinonimik qatordan
soʻz tanlash alohida oʻrganiladi. Maqola tarjima nazariyasi, tarjima
didaktikasi va amaliy tarjimonlik faoliyatida muhim metodologik
asos boʻlib xizmat qiladi.
ABDULRAZZOQ GURNANING “JANNAT” ROMANIDA DINIY SYUJETNING BADIIY TALQINI
Roman epik janrlar orasida shakliy va davriy jihatdan eng
keng qamrovli janr boʻlib, voqelikni ijtimoiy-falsafiy yondashuvda
badiiy aks ettirish imkoniyati, shuningdek, global muammolarni
sanʼat tilida ifodalashdagi salohiyati bilan ajralib turadi. Janrning
bunday universalligi uni "umuminsoniyatning badiiy xronikasi"
sifatida talqin etishga asos boʻla oladi. Ushbu maqolada afrikalik
yozuvchi Abdulrazzoq Gurnaning “Jannat” romani qiyosiy-tipologik
tahlil asosida oʻrganiladi. Asarning fabula qurilishi, obrazlar tizimi va
ularning genealogik xususiyatlari nazariy-adabiy mezonlar asosida
tahlil qilinadi.
Romanning bosh qahramoni Yusufning sarguzashtlarga boy
hayoti Qurʼoni karimdagi “Yusuf” surasi bilan qiyoslanadi, ular
orasidagi mushtaraklik va tafovutli jihatlar aniqlanadi. Jumladan, oʻn
ikki yoshli Yusufning ota-onasining qarzdorligi bois savdogar boyga
qullikka berilishi, uning boshidan kechirgan sinovlari, yoʻl-yoʻlakay
uchragan voqealar va shaxsiy oʻzgarishlari diniy manbalardagi
talqinlar bilan qiyosiy-tipologik yondashuv asosida oʻrganiladi.
Shuningdek, maqolada roman matnini mavzulashtirishning
nazariy murakkabliklari ham yoritiladi. Muallif tomonidan “Jannat”
romanining mavzu doirasi va uning ijtimoiy-maʼnaviy zamiriga oid
nazariy qarashlar ham tahlil qilinib, janr tabiatining oʻziga xosliklari
bilan uzviy bogʻliqligi ochib beriladi.
HUJJATLI RОMANLARDAGI TARIXIY SHAXSLAR SIYMОSI VA MUALLIF MAQSADI
Maqolada hujjatli roman janrida yaratilgan asarlarda tarixiy
shaxs – Amir Temur siymosining tasviri muallif maqsadi va estetik
pozitsiyasi nuqtayi nazaridan tahlil qilinadi. Tadqiqotning asosiy
maqsadi tarixiy-badiiy matnlarda muallifning tanlov mezonlari,
tarixiy manbalarga munosabati va siyosiy-ideologik pozitsiyasining
tarixiy shaxs obrazini shakllantirishdagi rolini aniqlashdir. Muammo
sifatida esa turli yozuvchilarning Amir Temur haqidagi tasavvurlari
va talqinlaridagi tafovutlar, ularning tarixiy haqiqatni qay darajada
xolis aks ettirgani muhokama qilinadi. Metodologik asos sifatida
qiyosiy-tipologik tahlil, badiiy-huquqiy manba tahlili va kontekstual
yondashuvlar qoʻllaniladi. Qiyosiy tahlil uchun Jastin Marotsining
“Tamerlane: Sword of Islam, conqueror of the world” (Amir Temur:
Islom qilichi, jahon fotihi) nomli hujjatli romani va Pirimqul
Qodirovning “Amir Temur siymosi” romani tanlangan. Tahlil
natijasida aniqlanishicha, hujjatli romanlarda tarixiy shaxs obrazining
shakllanishi mualliflik pozitsiyasi, tarixiy manbalarni tanlash
mezonlari hamda siyosiy-madaniy kontekstga chambarchas bogʻliq.
Maqolada shuningdek, tarixiy romanlarda real voqealar aks
ettirilishida mualliflarning tarixiylik va badiiylik oʻrtasidagi
muvozanatni qanday saqlaganiga baho beriladi. Xulosa oʻrnida,
tarixiy shaxs obrazining adekvat talqini uchun badiiy matnda tarixiy
haqiqat va estetik talqin uygʻunligi zarurligi taʼkidlanadi.
“YOSH” TUSHUNCHASINING LINGVISTIK TAHLILI: BIOLOGIK, IJTIMOIY VA MADANIY OMILLAR
Ushbu maqola “yosh” tushunchasining lingvistik tahliliga
bag‘ishlangan bo‘lib, biologik, ijtimoiy va madaniy omillar
kontekstida uning ko‘p qirrali mazmuni ochib beriladi. Yosh
davrlarini belgilashda nafaqat biologik parametrlar, balki
jamiyatning ijtimoiy tuzilmalari va madaniy qarashlari ham muhim
ahamiyat kasb etishi ta’kidlanadi. Maqolada yoshga oid lingvistik
stereotiplar, ularning turli milliy tillarda ifodalanishi, yosh guruhlari
haqidagi madaniy tasavvurlar va ijtimoiy munosabatlar tahlil
qilinadi. Shuningdek, yosh tushunchasining leksikografik va
diskursiv manbalardagi ifodalanishi, turli tarixiy davr va
madaniyatlarda yoshga nisbatan qarashlarning o‘zgarishi ham ko‘rib
chiqiladi. Tadqiqot lingvistika, sotsiologiya va psixologiya kabi
fanlar integratsiyasi asosida olib borilib, yosh kategoriyasining til
tizimidagi aks etishi, ma’nodagi ijtimoiy-konnotativ qatlamlar va
semiotik jihatlar yoritiladi.
Muallif yosh guruhlari haqidagi milliy-madaniy qarashlar,
ularning lingvistik nomlanishi, baholovchi ifodalar, metaforalar va
frazeologik birliklarning semantik xususiyatlarini tadqiq etadi.
Shuningdek, maqolada yoshga doir stereotiplar turli madaniyatlarda
qanday shakllanadi, ijtimoiy til normalarida qanday ifodalanadi va
bu jarayonda tilning qanday ideologik rol o‘ynashi masalalari
yoritiladi. Leksikografik, paremiologik, diskursiv va sotsiolingvistik
manbalar asosida yosh kategoriyasining ijtimoiy, madaniy va
semiotik qatlamlari tahlil qilinib, “yosh” tushunchasining milliy-
lisoniy manzaradagi estetik, assotsiativ va identitetga oid
funksiyalari ochib beriladi.
INGLIZ VA OʻZBEK TILLARIDA YIRTQICH VA JUFTTUYOQLI YOVVOYI HAYVON NOMLARI OMONIMIYASI
Maqolada ingliz tili va oʻzbek tillaridagi sutemizuvchi
hayvon nomlarida (yirtqichlar va jufttuyoqlilar turkumlariga oid jami
ikkita tilda 220 ta nom misolida) omonimiya hodisasining lingvistik
xususiyatlarini tahlil qilishga bagʻishlangan. Tadqiqot maqsadi
mazkur leksik qatlamda omonimiyaning tarqalish darajasini aniqlash,
uning asosiy turlarini jumladan, toʻliq omonimlar, omofonlar,
omograflar, kapitonimlar boʻyicha klassifikatsiya qilish va chastota
taqsimotini oʻrganishdir.
Tadqiqotda adabiyotlar sharhi, tavsifiy-analitik metod, leksik-
semantik tahlil, tasniflash va miqdoriy tahlil metodlaridan
foydalanildi. Tahlil natijalari shuni koʻrsatdiki, oʻrganilgan
korpusdagi ingliz tilidagi hayvon nomlarining taxminan 30 tasi
omonimik xususiyatga ega, oʻzbek tilida esa aynan shu ikki turkum
boʻyicha omonimik holat topilmadi. Aniqlangan omonimik hodisalar
orasida toʻliq omonimlar va omofonlar eng keng tarqalgan turlar
boʻlib, kapitonimlar ham sezilarli ulushni egallaydi. Tadqiqotda
zoologik terminologiya va umumiy leksika oʻrtasidagi oʻzaro taʼsirni,
metafora va madaniy omillarning omonimiya paydo boʻlishidagi
rolini ochib berilgan.
“SHINEL” ASARI CHOʻLPON TARJIMASIDA
Maqola Abdulhamid Sulaymon oʻgʻli Choʻlponning
tarjimonlik faoliyati, xususan rus yozuvchisi N.V.Gogolning
“Shinel” qissasi tarjimasiga bagʻishlangan. N.V.Gogol qissasining
Choʻlpon tomonidan amalga oshirilgan tarjimasining 1931, 1936-
yillardagi nashrlari qiyosiy tahlil qilingan.
Maqoladan asosiy maqsad Choʻlponning qissani tarjima
qilishdagi mahorati, tarjima masalalari, asliyat va tarjima oʻrtasidagi
ayrim farqlar va ijodiy yondashuv, tarjimada soʻz va iboralarning
qoʻllanishini aniqlashdan iborat. Maqsadni amalga oshirishda
Choʻlpon tarjimonlik faoliyatining ilk bosqichi, ilk tarjima
asarlarining eʼlon qilinishi, XX asrning 20-30-yillaridagi oʻzbek
badiiy tarjimachilik maktabiga asos solishi, tarjimonlik faoliyatining
adabiyotshunoslar tomonidan oʻrganilishi, rus yozuvchisi Nikolay
Gogolning “Shinel” qissasi tarjimasining qanday amalga oshgani
kabi vazifalar bajarildi. “Shinel” qissasi tarjimasida Choʻlpon soʻz,
soʻz birikmasi, iboralarni oʻzbek kitobxoniga tanish boʻlgan soʻzlar
bilan oʻgirishga, bu bilan qissa mazmunini anglash qulay boʻlishiga
erishganligi tahlil qilingan. Shuningdek, qissa tarjimasining 1931 va
1936-yildagi nashrlaridagi farqlar hamda tarjimani oʻrgangan
mutaxassislarning fikrlaridagi ayrim jihatlar haqida soʻz yuritilgan.
Tahlillar shuni koʻrsatadiki, Choʻlpon tarjima asarlarining asl
matni masalasi tadqiq etilishi zarur. “Shinel” qissasining tarjimasi
Choʻlponning badiiy tarjima sohasidagi yetuk namunalaridan biridir.