Ushbu sondagi maqolalar
SHEKSPIR VA NAVOIYNING OBRAZ YARATISH MAHORATIDA MUSHTARAKLIK VA O‘ZIGA XOSLIK
Maqolada Shekspir va Navoiyning obraz yaratish mahoratidagi o‘xshashlik va o‘ziga xoslik tahlil qilingan. Navoiy ham Shekspir ham podshoh obrazlarini yaratgan, lekin Navoiy yaratgan shoh obrazlari xalq uchun qayg‘ursa, Shekspir yaratgan shoh obrazlari maqtov so‘zlarga o‘ch, manmanlikni sevuvchi, kekkaygan, toj-u taxt, shon-u shuhrat, izzat-u ikromni xohlovchi shaxs sifatida gavdalantirilgan. Shunday bo‘lsa-da, Shekspir o‘z asarlarida Hamlet yoki Kent kabi ijobiy obrazlarni yaratganki, podshohlarni o‘z maslahatlari bilan to‘g‘ri, haq yo‘lga boshlab turgan. Shekspir asarlaridagi obrazlar shunday xilma-xillikda yaratillganki, qahramonlarning xatti- harakatidan o‘sha davrdagi tuzum haqida, yozuvchining munosabatini va nima demoqchiligini bilish mumkin. Navoiy obrazlarni shakllantirar ekan, diqqatni faqatgina obrazga emas, umumiy obrazlarga, individual tipga qaratadi, o‘zining xulosalari bilan umumlashtiradi. Yanada voqeani bo‘rttirish, uni mukammal shaklga keltirish uchun esa hikoyat va hikmatlarni qo‘shimcha asos sifatida keltiradi.
PUBLITSISTIKA SIROJIDDIN SAYYID IJODINING BIR QISMI SIFATIDA
Maqolada badiiy publitsistikaning asosini muallif yoki muayyan publitsistik asarda ilgari surilgan ijtimoiy, falsafiy, ilmiy va badiiy konsepsiya tashkil etishi, ijodkorning badiiy publitsistikasi uch asosiy omilga tayanishi, yozuvchi dunyoqarashi va u mansub davr, millatga xos tarixiy qadriyatlar; ijodkor zamonasiga doir milliy va umumbashariy muammolar; har ikkala omilning ijodkor shaxsiyati, badiiy konsepsiyasi bilan mushtarakligi haqida, muallifning mavzu ko‘lami tadqiq etilganda uning poeziyasida ham, publitsistikasida ham Vatan mavzusi asosiy planda ekanligi, Sirojiddin Sayyidning butun she’riyatida Ona Vatan siymosi boshqa mavzularga nisbatan zalvarli ekanligi, ijodkorning publitsistik prozasida Vatan, Ona, muhabbat, sadoqat, nafrat, ajdodlar yodi, tarix, tabiat, go‘zallik, she’r va shoirlik kabi turli mavzular mujassamlashganligi haqida so‘z boradi.
ENN ENRAYT ASARLARIDA AYOL RUHIYATI TADQIQI
Maqolada Enn Enraytning “What Are You Like?”, “The Gathering”, “Making Babies” hamda “The Green Road” asarlarida ifodalangan homiladorlik, onalik, keksalik muammolari, ona va qiz o‘rtasidagi munosabat, holatlari tahlilga tortilgan. Enraytning romanlarida onalikning turli usullarda namoyish etilishi, ona obrazlarining rang-barangligi, an’anaviy stereotiplarga qarshi turishi, shuningdek, onalik, til va shaxsiyat o‘rtasida bog‘liqlikning mavjudligi o‘rganilgan. Yozuvchining mazkur asarlarida ona ruhiyatini yoritishda psixoanalitiklar nazariyasiga tayangani va onaning turli qirralarini oila, ona-farzand munosabatlarida ochib berilgani izohlangan. Adibaning tanlangan asarlarida onalikning go‘zal tabiati, bemisl mehr-muhabbati tasvirining biografik va psixologik tahlili, asar qahramonlarining ichki dunyosi, keksa yoshdagi ayollar ruhiy holati, hayoti davomidagi qayg‘u-iztiroblarining barcha nuqtalari tahlil qilingan.
INGLIZ EKZISTENSIALIZM ADABIYOTIDA NASR VA UNING O‘ZIGA XOS XUSUSIYATLARI
Maqola XX asrda Germaniya va Fransiya davlatlarida shakllanib, siyosiy, madaniy va badiiy oqimga aylangan ekzistensializmning zamonaviy ingliz adabiyotiga ko‘rsatgan ta’siriga bag‘ishlangan bo‘lib, bu oqim ingliz adabiyotining nasr, nazm va drama turlari kesimida zamonaviy falsafiy tendensiyalarning vujudga kelishida asosiy vosita bo‘lib xizmat qiladi. Ekzistensializmning ibtidosi Gegelning mutlaq ong va birlik falsafasiga qarshi, XIX asr nemis faylasuflarining munosabati bilan yuzaga kelgan bo‘lib, shaxsning individualligini targ‘ib qiladi va shu bilan birga erkinlik va erkin tanlov tushunchalarini o‘rtaga qo‘yadi. Ekzistensializm insonning shaxs sifatida mavjudligi haqidagi ta’limotdir. Bu oqim barcha an’anaviy qadriyatlar va qadr-qimmatlardan voz kechgan holda o‘z qadr-qimmatini yaratish degan tushunchani targ‘ib qiladi. Ikkinchi jahon urushidan so‘ng, ekzistensializm G‘arb madaniyatiga mamnuniyat bilan singga boshladi, bunga qaramasdan qadriyatlarning o‘rni katta bo‘lgan Buyuk Britaniyada bu falsafiy oqim tanqidga uchrab o‘zgacha tus oldi va adabiyotda o‘z o‘rnini topdi. Ushbu maqolaning maqsadi XX asr ingliz adabiyoti prozasida ekzistensializmning o‘ziga xos xususiyatlarini o‘rganishdir. Tadqiqotda falsafiy yondashuv, tarixiy-madaniy, empirik va qiyosiy usullardan foydalanilgan. Shuningdek, mashhur mutafakkir va yozuvchilar, jumladan, Uilyam Golding va Jon Faulz qalamiga mansub roman va hikoyalar ekzistensializm oqimining ingliz adabiyotidagi o‘rni va xususiyatlarini asoslashda qo‘llaniladi. Maqolada ekzistensializmning asosiy g‘oyalari va adabiyotga qay tarzda kirib kelgani haqida bahs yuritiladi. Tadqiqot natijalari asosida ingliz ekzistensializmining nemis va fransuz ekzistensializmi bilan mushtarak va farqli tomonlari hamda ingliz adabiyotida oqim ta’sirida vujudga kelgan yangi konsepsiyalar aniqlandi
O‘ZBEK ADABIY TANQIDCHILIGI JANRLAR TIZIMIDA ADABIY PARALLEL JANRI VA UNING NAZARIY ASOSLARI`
Maqolada jahon adabiyotshunosligida adabiy tanqidchilik janrlari alohida bir tizim sifatida adabiy jarayonda, adabiyot taraqqiyotida muhim o‘rin tutishi, jumladan, o‘zbek adabiy tanqidchiligida ham ustuvor ahamiyat kasb etishi tahlil qilingan. Bu tizimda taqriz, maqola, adabiy portret singari adabiy parallel ham muhim o‘rin egallaydi. Adabiy parallelda obyekt qilib olingan davr va unda yaratilgan asarlar tahlil qilinib, muayyan xulosalar chiqariladi. Adabiy tanqidning mustaqil janri bo‘lgan adabiy parallel adabiyotni rivojlantirishda, adabiy jarayonni faollashtirishda katta ahamiyatga ega. Shu bilan birga har bir adabiy parallel chuqur mantiqiy ildizga ega bo‘lib, asosli, mulohaza va muhokamalari ilmiy-nazariy jihatdan puxta bo‘lishi zarur. Shuni ta’kidlash joizki, mаtbuotning yuzаgа kelishi аdаbiy tаnqid jаnrlari rivojini tezlаshtirdi, аdabiy tanqid janrlari va uning turli ichki xillаri tаrаqqiy topdi. O‘zbek adabiy tanqidchiligi janrlar tizimida mustaqil janr hisoblangan adabiy parallelning o‘ziga xos xususiyatlarini ochish, janr tabiatini ilmiy-nazariy jihatdan tadqiq etish, uning genezisini aniqlash, badiiyati va kompozitsion xususiyatlarini ilmiy asosda yoritib berish bugungi kunda tanqidchilik oldida turgan dolzarb vazifalardan hisoblanadi. Ushbu maqolada adabiy parallelning genezisi, tabiati, uning yaratilishiga sabab bo‘lgan omillar va ichki xillari o‘zbek adabiyotshunosligi va tanqidchiligida yaratilgan adabiy parallellar misolida tadqiq qilingan. Tadqiqot jarayonida qiyosiy-tipologik, germenevtik va analitik tahlil usullaridan foydalanilgan. Maqolaning maqsadi o‘zbek adabiyotshunosligi va tanqidchiligida adabiy parallel janrining tabiati va taraqqiyotini ilmiy jihatdan tadqiq etishdan iborat
QIYOSIY ADABIY TAHLIL VAZIFALARI VA METODOLOGIYASI
Maqolada adabiyotshunoslikka oid qiyosiy tadqiq metodologiyasi tahlil qilinadi. Muallif adabiy faktlarni qiyosiy tadqiq qilishning asosiy maqsadini turli darajadagi strukturaviy elementlarni (mavzu, syujet, obraz, til, uslub va boshqalar) qiyoslash asosida obyektlar o‘rtasidagi o‘xshashlik va farqlarni aniqlash qiyosiy tahlil vazifalari qatorida o‘ziga xos xususiyatga egaligini izohlaydi. Qiyosiy tahlil vazifalari qatoriga maqola muallifi gnoseologik, mantiqiy, uslubiy va aksiologik vazifalarni ham kiritadi. Qiyosiy tahlilning har bir bosqichining ahamiyati qiyoslash obyektlari haqida yangi bilimlarni olish va ular o‘rtasidagi munosabatlarni tushunish kontekstida ko‘rib chiqiladi. Qiyosiy tahlil jarayonida yuzaga keladigan tipik vaziyatlar (bir makon va/yoki zamonda yonma-yon mavjud bo‘lgan yoki mavjud bo‘lish joyi va/ yoki vaqti jihatidan farq qiluvchi adabiy fakt va hodisalarni taqqoslash) ham batafsil bayon etilgan. Muallif qiyoslash natijalarini baholash mezonlarini, shuningdek, qiyosiy tahlil natijalarining ishonchliligini ta’minlash shartlarini sanab o‘tadi va tavsiflaydi. Maqolada qiyosiy adabiyotshunoslik obyekti sifatida tarjimaga alohida e’tibor qaratilgan. Shu bilan birga, tarjimonning madaniyatlararo badiiy muloqot jarayonida vositachi roliga, shuningdek, asliyat va uning tarjimasini qiyosiy o‘rganishning mumkin bo‘lgan jihatlariga e’tibor qaratiladi.
JAHON ADABIYOTIDA UCHLIK TIMSOLI MASALASIGA DOIR
Maqolada jahon xalqlari folklori, agiografik asarlar, mumtoz va zamonaviy asarlar misolida uchlik timsolining genezisi va uning o‘ziga xosligi, ijtimoiy, ma’naviy, shuningdek falsafiy-badiiy funksiyalari tahlil qilinadi. Tadqiqotning maqsadi badiiy adabiyotda uchlik timsolining o‘rni, badiiy-estetik vazifasi, poetik obraz sifatidagi ishtiroki, adabiy asarlar tarkibidagi raqamli timsollar, xususan, uchlik asosidagi tushunchaning ahamiyati, genezisi, zamonaviy o‘zbek adabiyotidagi qahramonlar xarakteri bilan bog‘liq muammolarni ochib berishdan iborat. Tadqiqotning vazifalari sifatida quyidagilar belgilandi: raqamli timsollar bilan bog‘liq atamalarning lug‘aviy, ilmiy istilohi, nazariy jihatlarini tavsiflash, raqamli timsollar, xususan, uchlik asosidagi asarlarning universal tabiati, funksional jihatlari, bunday asarlarning hayotiy hodisalar bilan bog‘liq holda qo‘llanishi masalasini o‘rganish; uchlik timsolining ijtimoiy voqelik bilan o‘zaro aloqasi, uchlikning qadimgi adabiyotda qo‘llanilishi va funksional xususiyatlari, raqamning turli tushunchalar bilan munosabatini tadqiq etish; uchlikning asar tarkibida qo‘llanishi, bunday asarlarning struktur-kompozitsion tarkibidagi o‘rnini aniqlash; mumtoz dostonlar va badiiy asar tarkibidagi raqamlarning g‘oyaviy-mazmuniy xususiyatlari, badiiy obraz yaratish masalalarini tahlil qilish; uchlik timsoli ishtirok etgan asarlarda tarixiy va badiiy obrazlarning o‘ziga xos ifodalanishini ko‘rsatish; uchlik timsoli aks etgan asarlarda tarixiy shaxs obrazi va uning boshqa asarlarda majoziy ma’no kasb etishi, bunday asarlarda milliy o‘ziga xoslik, realiyalar va milliy kolorit ifodalanishini asoslash; uchlik timsoliga xos motivlarning tarixiy voqelik bilan uyg‘unligi, motivlarning universallik xususiyati, real voqelik va badiiy to‘qima masalasini o‘rganish.
АДАБИЙ МАКТУБЛАР ВА УЛАРНИНГ ҚИЁСИЙ-ТИПОЛОГИК ТАҲЛИЛИ
Мактублар инсоний мулоқотнинг ихчам ва таъсирчан шаклларидан биридир. Уларда хат ёзувчи билан бирга хатни олувчининг қалби, кайфияти, орзу-умидлари, армонлари акс этади. Инсонлар ўртасидаги шахсий хатлар алоқа воситаси сифатида кўринса, адабиётдаги, танқидчиликдаги хатлар алоҳида бир жанр ҳисобланадики, ижодкорлар лабораториясига киришга калит вазифасини ўтовчи уларнинг хатлари табиатини, турли шаклларини ўрганиш долзарб вазифалардан ҳисобланади. Мазкур мақолада адабиёт ва адабий танқидчиликдаги мактублар ва унинг буюк шоирлар Алишер Навоий ва А.С.Пушкин, Ғафур Ғулом ва Н.Гумилёв ижодидаги ўрни ҳақида фикр юритилади. Мактублар ижодкорлар биографиясини ўрганишда, ижод лабораториясига киришда муҳим роль ўйнаши, уларнинг ижодий-маънавий қиёфасини очиб беришда муҳим манба эканлиги очиб берилган. Адабий мактублар нафақат ёзувчи ва мунаққидларнинг ҳаёти ва ижодини, балки муайян асарнинг ёзилган даврини, тарихини, ёзилиш сабабларини, сирларини ҳам барча зиддиятлари билан ўрганишда қимматли манба бўлиб хизмат қилади. Шу боис мақолада ўзбек ва рус ёзувчиларининг айрим мактублари қиёсийтипологик йўсинда тадқиқ этилди.